10 yil avval O`zbekiston termasini noma`lum uchuvchi halokatdan saqlab qolgani ma`lum qilindi

15:21, 08 sentabr

2006 yilning 6 sentyabr kuni futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi safarda Gongkongga qarshi Osiyo Kubogi—2007 saralash uchrashuvi o`tkazib, 0:0 hisobida durang o`ynagan. 8 sentyabr kuni — bundan roppa-rosa 10 yil avval — O`zbekiston delegasiyasi Bangkok orqali Toshkent tomon yo`lga chiqqan. Bu haqda «Daryo» internet-nashri xabar bermoqda.

Samolyot bortida bo`lgan mamlakat bosh jamoasi futbolchilari va boshqa yo`lovchilar xavotirli holga tushib qolgani haqida o`sha vaqtlarda O`FF terma jamoalar boshqarmasi boshlig`i sifatida faoliyat olib borgan Alisher Nikimbaev «Feysbuk»dagi sahifasida hikoya qildi.

«Styuardessalar emakdan bo`shagan idishlarini yig`ishtirib oldi. Osmon musaffo bo`lib, bulutlar deyarli ko`rinmasdi, — deb yozadi Nikimbaev. — Birdan samolyot boshqaruvni yo`qotdi. Kimdir pastga sho`ng`iganimizni eslaydi, yana kimdir yuqoriga ko`tarilgandik, deb xotirlaydi. Kimlardir voqea 20 soniya davom etganini, boshqasi esa 80 soniyadan kam bo`lmaganini eslaydi. Hamma qo`rqishga ulgurgandi».

O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Nepomnyashiy orqa o`rindiqda o`tirgan yosh futbolchining iltijo qilib, Xudodan ularni qutqarishini so`rayotganini eshitib qolgani haqida keyinchalik aytib bergan.

«Biroz o`tib samolyot o`ziga keldi va biz uyimizga eson-omon etib keldik. O`shanda dunyoga qayta kelgandek bo`ldik», — deyiladi postda.

Nikimbaev bir necha kundan keyin bo`lib o`tgan O`FF ziyofatlarining biriga futbolchilar joniga oro kirgan uchuvchi chaqirilgani, biroq u bundan bosh tortgani haqida aytib o`tgan. Uchuvchi aeroportga etib kelinganida ham, keyinchalik ham ko`rinish bermagan. «Biz unga minnatdorchilik bildirmoqchi edik. Bugun ‘Bangkok — Toshkent’ yo`nalishi bo`ylab uchgan o`sha kunimizga roppa-rosa 10 yil to`ldi. Hayotligimiz uchun rahmat», —deb hikoyasini yakunlagan o`zbekistonlik futbol mutaxassisi.

Samolyot bortida bo`lgan futbolchilardan biri Timur Kapadze Alisher Nikimbaevning hikoyasini tasdiqlagan: «Yodimda, juda qo`rqinchli manzara bo`lgandi. Biz pastga sho`ng`ishni boshladik. Men o`z o`rnimda xavfsizlik kamarini taqmay o`tirgandim. Keyinroq motor qayta ishlab ketdi va biz yuqoriga ko`tarila boshladik», — deb yozgan milliy terma jamoa safida eng ko`p o`yin o`tkazgan o`zbekistonlik futbolchi.

O`zbekiston futzal terma jamoasi darvozaboni Rustam Umarov esa 2012 yil Ispaniyaga parvozlari chog`ida shunga o`xshash vaziyatga tushib qolganlari haqida yozib, har safar samolyot bilan bog`liq holatlarda o`sha kunni eslashini aytgan.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston terma jamoasining Gonkongga qarshi o`yinida Timur Kapadzedan tashqari Aleksandr Kleskov, Asror Aliqulov, Aleksey Nikolaev, Leonid Koshelev, Vladislav Kiryan, Server Jeparov, Zayniddin Tojiev, Pavel Solomin, Aleksandr Geynrix, Viktor Karpenko, Marat Bikmaev kabi futbolchilar ham ishtirok etgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!