Samarqand bojxonachilari uchuvchisiz uchar qurilmalarni olib kirish bo`yicha 6 ta holatni aniqladi

15:47, 08 sentabr

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2016 yil 25 iyulga qadar «Samarqand aeroporti» chegara bojxona posti orqali uchuvchisiz uchar qurilmalarni olib kirish bo`yicha 6 ta holat aniqlandi. Bu haqda “Zarafshon” gazetasiga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi «O`zbekiston Respublikasi havo hududida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan ruxsatsiz foydalanishning oldini olish choralari to`g`risida»gi qarori bilan uchuvchisiz uchish apparat (dron)larini respublika hududiga olib kirish taqiqlanadi.

Faqatgina Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 12 maydagi qarori bilan zarurat tug`ilgan hollarda ayrim huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari mazkur qurilmalarni O`zbekistonga olib kirish, realizasiya qilish va foydalanishiga ruxsat berilishi ko`zda tutilgan.

Ammo bugungi kunda ayrim fuqarolar tomonidan chet elga vaqtincha ishlash yoki safarga borib qaytayotganlarida yaqinlari va farzandlariga bolalar uchun o`yinchoq sifatida qayd etilgan kuzatuv kamerali va kamerasiz uchuvchisiz uchish apparat (dron)larini olib kelish holatlari ko`paygan.

Masalan, joriy yilning 1 iyul kuni Vnukovo—Samarqand yo`nalishida kelgan fuqaro A.Rahmatovga tegishli bo`lgan qo`l yuklari bojxona ko`rigidan o`tkazilganda yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan 1 dona uchuvchisiz uchish apparati borligi aniqlangan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan bojxona organi tomonidan ma`muriy ishlar yuritilib, sud qarori bilan qurilmalar davlat foydasiga musodara qilindi va huquqbuzarlarga jarimalar qo`llanildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!