Muzeylar o`quvchi-yoshlar, talabalar va tomoshabinlarga bepul xizmat ko`rsatdi

11:35, 09 sentabr

2-8 sentyabr kunlari mamlakatimiz bo`ylab Muzeylar haftaligi o`tkazildi.

Yurtimizda yoshlarni xalqimizning bebaho madaniy merosi, milliy va umumbashariy qadriyatlar, ilm-fan yodgorliklari, san`at asarlari bilan yaqindan tanishtirish, ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g`oyalariga sadoqat tuyg`usini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi O`zA. 

Fan va madaniyatni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlarda vatanparvarlik, tariximiz va buyuk ajdodlarimiz merosi bilan faxrlanish tuyg`usini kuchaytirish maqsadida Muzeylar haftaligi o`tkazildi. 

Istiqlol yillarida mamlakatimizda muzeylar faoliyati tubdan takomillashtirilib, ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Shu davrda bunyod etilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Qatag`on qurbonlari xotirasi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi singari dargohlar xalqimizning ulkan bunyodkorlik va ma`naviy salohiyatini namoyon etib turibdi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizda qayta ta`mirlanib, yangicha qiyofa kasb etgan muzeylarda ayni paytda xalqimiz tarixi va madaniyatiga oid ko`plab eksponatlar saqlanmoqda. 

Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o`rta maxsus ta`lim hamda Xalq ta`limi vazirliklari, O`zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida 2-8 sentyabr kunlari o`quvchi-yoshlar, talabalar hamda tomoshabinlar uchun muzeylarda ekspozisiya va ko`rgazmalar tashkil etildi. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 11 iyuldagi “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`layotir. Endilikda barcha davlat muzeylari haftaning seshanba va juma kunlari bolalar va ota-onalarga bepul xizmat ko`rsatmoqda. 

Muzeylar haftaligida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag`ishlangan darslar, «Mustaqil yurt ijodkorlari», «Istiqlolga tengdosh ijodkorlar», «Mustaqillik bergan bebaho ne`mat», «Ustoz ijodkorlarga ehtirom», «O`zbek liboslari jilosi» kabi ko`plab ko`rgazmalar ochildi. «Hunarlining qo`li oltin» mavzuida mahorat darslari, davra suhbatlari, usta-hunarmandlar bilan uchrashuvlar, ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi. 

Ko`rgazmalarda istiqlol yillarida qo`lga kiritilgan yutuq va marralar, mamlakatimizning salohiyati va qudrati, uning xalqaro maydonda nufuzi tobora yuksalib borayotgani rang-barang ekspozisiyalar orqali namoyish etildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!