Jizzaxda yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi

12:40, 09 sentabr

Jizzax shahrida yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o`smirlar sport maktabi tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilgan doimiy e`tibor yuksak samaralar bermoqda. 

Viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tasarrufidagi sobiq olimpiya o`rinbosarlari maktabini ixtisoslashtirilgan sport maktabiga aylantirishda uning bino va inshootlari to`liq yangilandi. Shu maqsadda O`zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi tomonidan 565 million so`mlik qurilish-ta`mirlash ishlari bajarildi. “So`g`diyona” sport majmuasidagi yakkakurash sport turlariga mo`ljallangan sport zali ham yangi maktab tasarrufiga o`tkazildi. Yangi bino va majmuadagi zamonaviy sport zallari, xonalar zarur jihozlar bilan ta`minlandi, muntazam shug`ullanish uchun barcha qulaylik yaratildi. 

Ayni paytda maktabda mingdan ziyod o`quvchiga oltmishga yaqin mutaxassis belgilangan jadval asosida sport sirlarini o`rgatmoqda. Endi bu erda xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o`tkazish imkoniyati ham mavjud. Joriy yilning o`tgan davrida maktabda yakkakurash sport turlari bo`yicha 17 marta mamlakat va viloyat miqyosidagi musobaqalar o`tkazilgani fikrimiz isbotidir. 

 Maktabda o`quvchilarning mahoratini oshirish maqsadida shahar, viloyat, mamlakat miqyosidagi turnirlarda qatnashish barobarida, yillik taqvim rejasiga asosan guruhlar o`rtasida saralash musobaqalari muntazam o`tkaziladi. Joriy yilning o`tgan davrida sportning boks, taekvondo, o`zbek jang san`ati kabi turlari bo`yicha viloyat hamda maktab ochiq birinchiligi o`tkazildi. 

Yakkakurash sport turlariga yoshlarning qiziqishi ortib borayotgani, ta`lim tizimini takomillashtirish talabi moddiy-texnik bazani mustahkamlashni ham uzluksiz jarayonga aylantirmoqda. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, maktabda yakkakurash sport turlariga mo`ljallangan qo`shimcha sport inshooti qurilishi boshlandi. Ayni paytda bu erda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Yangi sport zali maktabning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!