O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi qachon o`tkazilishi ma`lum qilindi

15:56, 09 sentabr

2016 yilning 9 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov boshqardi. 

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, siyosiy partiyalarning rahbarlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Majlis qatnashchilari O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov xotirasini yod etib, hurmat bajo keltirishdi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 96, 117-moddalari hamda «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunning 8-moddasiga, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi Qonunning 5 va 9-moddalariga muvofiq 2016 yil 4 dekabr, yakshanba kunini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilash to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 9 sentyabridan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi boshlanganligini e`lon qildi.

Markaziy saylov komissiyasi majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha Asosiy tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Majlisda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunga to`liq muvofiq holda amalga oshirilishi ta`kidlandi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazini tuzish haqida qaror qabul qildi. Matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko`chasi, 16-uy manzili bo`yicha joylashgan.

Shu kunning o`zida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!