PREZIDENT VAKOLATLARI VAQTINChA BOSh VAZIRGA YuKLATILIShI YuZASIDAN QABUL QILINGAN QARORGA ETAKChI HUQUShUNOSLAR OYDINLIK KIRITDI

16:17, 11 sentabr

Joriy yilning 8 sentyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuklash to`g`risidagi o`ta muhim qarorni qabul qildi.

Mazkur qabul qilingan qaror aksariyat hamyurtlarimiz, xususan “Darakchi” mushtariylari tomonidan juda to`g`ri va o`z vaqtida  qabul qilingan muhim hujjat sifatida e`tirof etilmoqda. Shuningdek, aksariyat mushtariylar mazkur qarorning huquqiy jihatlarini oydinlashtirishni so`rab murojaat qilishgan.

Ana shu maqsadda biz  bir qator soha mutaxassislariga murojaat qildik.

 

 

 

Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yuridik fanlari doktori, professor

– O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining raisi Nig`matulla Yo`ldoshev, 8 sentyabr kuni o`tkazilgan qo`shma yig`ilishida so`zga chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini o`zining zimmasiga yuklamasliklarini so`radi hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko`p yillik tajribasini, aholi o`rtasidagi hurmat-e`tiborini inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to`g`risidagi taklif bilan murojaat qildi. 

N.T.Yo`ldoshev o`z murojaatida asosan prokuratura va adliya organlarida ishlaganini,  davlat hokimiyati va boshqaruvning boshqa idoralaridagi rahbarlik lavozimlaridagi etarli tajribaga ega emasligi, bir yarim yillik  Senat raisligi davomida orttirgan ko`nikmalari hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta`minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish uchun etarli emasligini tan oldi.

Senat Raisi N.T.Yo`ldoshev o`zining bu taklifi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma`qullanganini qayd etdi. 

Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda mamlakatning hududiy yaxlitligini, barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta`minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e`tiborga olib, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo`ldoshevning taklifini qo`llab-quvvatladilar. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatining mazkur muhim qarori mamlakatimiz konstitusiyasi va qonunlari talablariga to`la mos kelsa-da, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet nashrlarida go`yoki Prezidentning vazifa va vakolatlarining  O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklatilishi qonunga xilofligi haqidagi gap-so`zlar “bolalay” boshladi.

Shu munosabat bilan men huquqshunos sifatida o`z mulohazalarimni bildirib o`tsam.

Konstitusiyamizning 96-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunga to`liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o`tkaziladi.

O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining raisi Nig`matulla Yo`ldoshevning  qo`shma yig`ilishida Prezidentning vazifa va vakolatlarini o`zining zimmasiga yuklamasliklarini, bu vazifa va vakolatlarni Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklashni so`rashi quyidagi konstitusion-huquqiy asoslarga ko`ra qonuniydir:

Birinchidan, Konstitusiyamizning 81-moddasiga binoan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlislari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining har qanday muhim masalalari yuzasidan o`tkazilishi mumkin. Mazkur masalaning parlament palatalari qo`shma majlisida ko`rib chiqilishi mustahkam qonuniy asosga egadir.

Ikkinchidan, mamlakatimiz hayotiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qaror qabul qilish vakolati Konstitusiyamizning 82-moddasi, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to`g`risidagi”, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati” to`g`risidagi konstitusiyaviy qonunlarining 11-moddalariga asosan mustahkamlab qo`yilgan. Unga ko`ra, palatalarning qo`shma majlisida muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo`shma qarorlar qaror qabul qilinadi. Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunning 6 moddasiga muvofiq, Oliy Majlisning har ikki palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga ega hisoblanadi.

Uchinchidan, murakkab vaziyatlarda, jumladan Senat raisi Prezidentning vazifa va vakolatlarini qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, parlament unga mazkur vazifa va vakolatlarni majburan yuklash huquqiga ega emas. Bu borada qaror qabul qilingan taqdirda ham, u O`zbekiston Konstitusiyasi va Qonunlarida kafolatlangan,  har bir shaxsning o`z irodasini erkin namoyon etish va  maqbul faoliyatni tanlash borasidagi huquqlariga zid bo`lardi. Bundan tashqari O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va Qonunlarida Oliy Majlis Senati Raisininig tegishli vazifa va vakolatlardan voz kechishi mumkin emasligi ko`rsatilmagan.

To`rtinchidan, Konstitusiya va qonunlarda Oliy Majlis Senati ushbu vazifa va vakolatlarni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, ularni kimga yuklash lozimligi nazarda tutilmagan.

Beshinchidan, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining  deputati va Senati a`zosining maqomi to`g`risida”gi qonunning 7-moddasiga ko`ra, har bir deputat yoki senat a`zosi, shu jumladan Senat raisi ham, Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida ko`rib chiqilayotgan barcha masalalar bo`yicha taklif bildirishga, o`z takliflarini asoslab berish uchun so`zga chiqishga haqli.

Prezidentning vazifa va vakolatlarini Bosh vazirga vaqtincha  yuklash to`g`risidagi qo`shma majlis qarorining Oliy Majlis palatalari reglamentlari haqidagi qonunlar talablariga to`la  mosligi deputatlar va senatorlar, barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan muhokama qilingan va qo`llab-quvvatlangan.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konstitusiyamizning 76-moddasiga binoan, oliy davlat vakillik organi sifatida, yuzaga kelgan mazkur vaziyatda, mamlakatimiz hayoti uchun o`ta muhim bo`lgan bu  qarorni qabul qilishi shart edi va shunday bo`ldi ham.

Shu tariqa, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo`shma qarori mamlakatimiz konstitusiyasi va qonuniy  me`yorlariga, eng muhimi, Vatanimizning milliy manfaatlariga to`la mos keladi, deyishimiz uchun barcha huquqiy asoslar etarli.

 

 

 

 

 

Raximjon Hakimov, O`zbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

 

- Huquqshunos olim sifatida shuni qayd etishim lozimki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qabul qilingan mazkur qaror huquqiy nuqtai nazardan konstitusiya va qonunlarimizga har tomonlama muvofiq bo`lib, uni quyidagicha izohlash mumkin.

Birinchidan, Konstitusiyamizning 10-moddasiga muvofiq O`zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Oliy Majlis va Prezident ish olib borishi mumkin. Ya`ni Konstitusiyamiz Oliy Majlisga xalqimiz nomidan ish ko`rishga to`la vakolat bergan.

Ikkinchidan, Konstitusiyamizning 78-moddasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati birgalikda O`zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimi va vakolatlarini belgilashi, shuningdek boshqa vakolatlarni amalga oshirishi mumkinligi aniq belgilab qo`yilgan. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuklash borasida qaror qabul qilish 78-moddada belgilangan vakolatlardan xam kelib chiqadi.

Uchinchidan, mamlakatimiz hayotiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo`shma majlis o`tkazishi mumkinligi Konstitusiyamizning 81-moddasi 9-qismi, ularning qaror qabul qilish vakolati esa 82-moddasi 1-qismi bilan mustahkamlab qo`yilgan. Oliy Majlis palatalarining qarori esa “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko`ra qonun kuchiga egadir.

To`rtinchidan, Ayni paytda, Senat Raisi majlisda o`zining tajribasi hozirgi bosqichda mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, jamoat xavfsizligini hamda huquq-tartibotni ta`minlashning muhim masalalarini hal etish uchun etarli emasligini va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatish maqsadga muvofiq ekanligi bo`yicha taklif kiritdi. Bu holatda ushbu taklifni Oliy Majlis tomonidan ko`rib chiqilishini cheklovchi biron bir konstitusiyaviy qoida yoki norma mavjud emas.

Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qabul qilingan qaror Konstitusiya va qonunlarimizga to`la mos keladi. Shuningdek, Konstitusiyamizning 16-moddasiga muvofiq mazkur Konstitusiyaning birorta qoidasi O`zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar etkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.

Ayrim qo`shtirnoq ichidagi ekspertlarning turli Internet sahifalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining mazkur  qarori qonuniyligini shubha ostiga olishga qaratilgan urinishlarini Bosh Qomusimizning 16-moddasini qo`pol ravishda buzish, deya baholashimiz mumkin.

Z. Umarov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar bo`yicha qo`mita raisining o`rinbosari:

Joriy yilning 8 sentyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuklash to`g`risidagi qaror qabul qildi.

Konstitusiyamizning 96-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunga to`liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o`tkaziladi.

Senat raisi majlisda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko`p yillik tajribasini, aholi o`rtasidagi hurmat-e`tiborini inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligini ta`kidladi.  

Parlamentning ushbu  qarori O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining asosiy prinsiplaridan biri – “Xalq hokimiyatchiligi”ga mos keladi. Bosh Qomusimizning 7-moddasida ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko`zlab va O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.

Shuningdek, Konstitusiyamizning 10-moddasiga muvofiq O`zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Oliy Majlis va Prezident ish olib borishi mumkin. Ya`ni Konstitusiyamiz Oliy Majlisga xalqimiz nomidan ish ko`rishga to`la vakolat bergan. 

Konstitusiyamizning “xalq hokimiyatchiligi” prinsipiga tayangan holda, O`zbekiston respublikasi Konstitusiyasining 81-moddasi 9-bandi hamda O`zbekiston Respublikasi Parlament palatalari to`g`risidagi konstitusiyaviy qonunlarning 11-moddalariga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatininig Prezident vakolat va vazifalarini Bosh vazirga vaqtincha yuklash to`g`risidagi qarori O`zbekiston manfaatlarini ko`zlagan holda chiqarilgan, deyishimiz uchun barcha asoslar bor.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 82-moddasi birinchi qismiga asosan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati o`z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Oliy Majlis palatalarining qarori esa “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko`ra qonun kuchiga ega hisoblanadi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 09:16, 13 sentabr
Жудаям тугри ва уз вактида кабул килинган карор деб уйлайман.Узбекистоннинг оддий бир фукароси сифатида юртимиз такдирига бефарк карай олмайман. Шавкат Мирзияев Президентимизнинг шогирдлари сифатида ва узоок йиллар туплаган тажрибалари бор инсон сифатида мамлакатимизни бошкаришни олганлари жудаям яхши булди, ишларига омад узларига соглик тилаймиз.