Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev Prezident Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida Samarqandga tashrif buyurdi

21:40, 12 sentabr

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov zamonamizning ulug` siyosatchisi, uzoqni ko`ra oladigan va strategik fikr yuritadigan buyuk shaxs sifatida butun dunyoda yuksak obro`-e`tibor qozongan edi. Xorijiy mamlakatlarning davlat va siyosat arboblari, fuqarolari u kishining vafotini chuqur qayg`u bilan qabul qildi, xalqimizga hamdard bo`ldi. 

Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 12 sentyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev kutib oldi, deya xabar beradi O`zA. 

Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. 

Nursulton Nazarboev va Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo`ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi poklariga Qur`on tilovat qilindi. 

Nursulton Nazarboev Islom Karimov qadrdon do`sti bo`lgani, bir-birini hamisha tushungani va qo`llab-quvvatlagani, birgalikda xalqlarimiz o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlagani, Prezidentimiz O`zbekistonning bugungi tinchlik va farovonlikka erishishi uchun ulkan xizmatlar qilganini alohida qayd etdi. Islom Karimovning vafoti butun mintaqa, xususan, Qozog`iston xalqi uchun ham katta yo`qotish ekanini ta`kidladi. 

Oliy martabali mehmon Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaga chuqur hamdardlik izhor etdi. 

Forumlar majmuasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Shu bilan Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga etdi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!