O`zbek xalqi o`z taqdirini o`zi belgilashga haqli!!! Buning uchun mustahkam konstitusiyaviy-huquqiy asoslar mavjud

09:33, 13 sentabr

Shu kunlarda o`zbek xalqi og`ir judolikni boshidan kechirib, mamlakatimiz mustaqilligining me`mori, buyuk davlat va siyosat arbobi, xalqimiz qalbiga abadiy muhrlangan buyuk siymo, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov bilan vidolashdi.

Dono, matonatli va o`z taqdirini belgilashga befarq bo`lmagan xalqimiz oldida juda mas`uliyatli vazifa ko`ndalang bo`lib qoldi. Bu ham bo`lsa, o`z kelajagini belgilash, muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug`anievich siyosatining bardavomligini ta`minlovchi rahbarni tanlash vazifasi hisoblanadi.

Shu o`rinda qayd etish joizki, yurtimiz taraqqiyotini belgilash uchun mustahkam huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotgan mamlakatimiz Konstitusiyasining 96-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga to`liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o`tkaziladi.

Oliy Majlis palatalarining 2016 yil 8 sentyabrdagi qo`shma majlisida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Asosiy Qonunimiz va boshqa huquqiy asoslarga tayangan holda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini Bosh vazirning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to`g`risidagi taklif bilan murojaat qildi.

Mazkur taklif mohiyatan barchamiz uchun og`ir bir paytda xalqimizning irodasini hisobga olgan holda, yurtimizda tinchlik, obodlik va farovonlikni ta`minlashdek mas`uliyatli vazifani sidqidildan ado eta olish uchun eng munosib insonni tanlashga yo`naltirilgan hamda mustahkam huquqiy zaminga va asosga tayangan edi.

Xususan, birinchidan, ushbu taklif Bosh Qomusimizning 2 va 7-moddalariga asoslangan holda, ya`ni bevosita xalq irodasini inobatga olib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas`uliyatni teran anglagan holda ilgari surildi. Zotan, Konstitusiyamizning yuqorida qayd etilgan moddalarida davlat xalq irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas`ulligi, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi, davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko`zlab va Konstitusiya hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshirilishi bejizga belgilab qo`yilmagan.

Ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risidagi Oliy Majlis qarori Konstitusiyaga to`la rioya etgan holda va uning bir qator normalarini bevosita amalga oshirish asosida qabul qilinganini alohida ta`kidlash joiz. Chunonchi, oliy davlat hokimiyat vakillik organi – Oliy Majlisning O`zbekiston xalqi nomida ish olib borishi Qomusimizning
10-moddasida mustahkamlangan bo`lsa, palatalarning kelishuviga binoan qo`shma majlislar muhim masalalar yuzasidan o`tkazilishi uning
81-moddasida hamda parlament palatalari o`z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishi Konstitusiyaning 82-moddasida aniq-ravshan belgilab qo`yilgan.

Uchinchidan, Konstitusiyamiz va boshqa biron-bir normativ-huquqiy hujjatda ham Senat Raisi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini boshqa mansabdor shaxs zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risidagi taklifni ilgari surishiga oid ta`qiqlovchi norma mavjud emas. Bu o`z navbatida, o`z millati va yurti taqdiri uchun befarq bo`lmasdan, butun xalqimiz uchun maqbul bo`lgan oqilona qarorni qabul qilish uchun zamin hozirlaydi va fransuz mutafakkirlari tomonidan asoslangan hamda asrlar davomida zamonaviy demokratik-huquqiy davlatning tamal toshiga aylangan “qonunda ta`qiqlanmagan barcha narsani amalga oshirish erkindir”, degan umume`tirof etilgan tamoyilga to`laqonli mos keladi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda mazkur amaliyot ilg`or, demokratik va taraqqiy etgan davlatlar huquq tizimida ham mustahkam o`rin olganligini yana bir karra esga olish foydadan xoli bo`lmaydi. Xususan, AQSh Konstitusiyasida Prezident o`z zimmasidagi vazifa va majburiyatlarni bajara olmaydigan holatlarda ushbu vakolat Vise-prezident zimmasiga, agar u ham ushbu vazifani bajara olmasa, Kongress tomonidan boshqa mansabdor shaxs zimmasiga yuklanishi to`g`risidagi qoida (2-moddasi
1-bo`limi) uzoq yillar davomida amal qilib kelmoqda.

Bu borada ayniqsa Fransiya tajribasi juda katta qiziqish uyg`otadi. Zero, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug`anievich Karimov 2010 yil 12 noyabrda bo`lib o`tgan Oliy Majlis palatalari qo`shma majlisida Konstitusiyamizning 96-moddasiga tuzatish kiritish yuzasidan taklif bildirganlarida, aynan Fransiya tajribasini misol sifatida qayd etib o`tgan edilar. Chunonchi, Fransiya Konstitusiyasida muayyan sabablarga ko`ra mamlakat Prezidenti o`z zimmasiga yuklatilgan vazifa va vakolatlarni bajara olmasa ushbu vazifa va vakolatlar Senat Raisi zimmasiga yuklatilishi va basharti Senat Raisi ham ushbu vazifalarni zimmasiga olishni rad etsa, Hukumat zimmasiga yuklatilishi belgilab qo`yilgan.

Yoki bo`lmasa, Chexiya Respublikasi konstitusiyaviy amaliyotiga murojaat etadigan bo`lsak, ushbu davlat Konstitusiyasida amaldagi Prezident o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari Hukumat raisi va parlament quyi palatasi raisi zimmasiga yuklatilishi qayd etilgan.

Yana bir guruh mamlakatlar, masalan, Rossiya Federasiyasida ham Konstitusiyaga asosan, Prezident o`z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajara olmasa, uning vazifasi vaqtincha Hukumat Raisi tomonidan amalga oshirilishi mustahkamlab qo`yilgan.

Yuqorida qayd etib o`tilgan xorijiy mamlakatlar qonunchiligi tahlili asosida amaldagi Prezident o`z zimmasidagi vazifalarni bajara olmagan va Parlament yuqori palatasi rahbari ushbu vazifalarini o`z zimmasiga olishni rad qilgan hollarda, ushbu vazifalar Hukumat rahbari zimmasiga yuklatilishi eng ilg`or xorijiy tajribaga hamda zamonaviy va demokratik tartib-taomillarga mutlaqo mos kelishining guvohi bo`lishimiz mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, milliy qonunchiligimiz hamda xorijiy amaliyot tahlili asosida shuni to`la ishonch bilan qayd etish joizki, Oliy Majlis palatalarining 2016 yil 8 sentyabrdagi qarori O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi talablariga va o`zbek xalqi irodasiga to`liq javob beradi. Shu o`rinda, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug`anievich Karimovning “xalqimizni o`z tanlagan yo`lidan hech kim, hech qachon qaytara olmaydi”, degan chuqur purma`no fikrlarini yana bir karra yodga olish joiz.

A.Maxmudov,

Senat devoni Yuridik bo`limi

mudiri o`rinbosari

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!