To`xtash taqiqlangan joydagi avtomobil egasiga qanday jazo bor?

14:34, 13 sentabr

Poytaxt ko`chalarida avtomashinalar ko`payib ketganligi uchun ba`zida piyodalarning yo`ldan o`tishi qiyin bo`lib qoladi. Aksariyat haydovchilar to`xtash mumkin bo`lmagan joyga avtomashinalarini qo`yib, odamlarning,  boshqa mashinalarning o`tishiga xalaqit qilishadi. Bunday holatlar uchun ham biror jazo bormi?”

Ra`no Zoirova, Toshkent shahri.
Alisher ABDUQODIROV, Toshkent shahar IIBning YHXB jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo`limi inspektori, mayor:

—  Bunday holatlarda yo`lga noto`g`ri joylashtirilgan avtomashinalar harakatlanayotgan boshqa mashinalarga, piyodalarga xalaqit qilib, ularning xavfsizligiga tahdid soladi. Shuning uchun haydovchilar yo`l harakati qoidalariga rioya qilgan holda avtoturargohlarga mashinalarini qo`yishlari lozim. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks (MJtK)ning 1286-moddasiga asosan yuqoridagi kabi holatlarga sabab bo`lgan haydovchilar eng kam oylik ish haqining 3 barobarida ma`muriy javobgarlikka tortiladilar. Agar bu qonunbuzarlik haydovchi tomonidan  bir yil davomida yana qayta sodir etiladigan bo`lsa, eng kam oylik ish haqining 5 barobari va haydovchi qayta-qayta qonunbuzarliklarga yo`l qo`ysa, eng kam ish haqining 10, 15 barobari miqdorida jarima to`laydi. Mas`ul shaxs qonunbuzar haydovchiga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzadi. Agar noto`g`ri joylashtirilgan avtomobil transportlar harakatiga xalaqit qiladigan bo`lsa, uning haydovchisi bo`lmasa, mas`ul shaxs O`zbekiston Respublikasi MJtKning 291-moddasiga asosan transport vositasini tekshiruvdan o`tkazish va qo`lga olish huquqiga ega bo`ladi. Avtomashina jarima maydonchasiga olib kelinadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi №149 sonli qaroriga asosan amalga oshiriladi.

“Darakchi” gazetasining 15 sentyabr, payshanba kuni sotuvga chiqadigan yangi sonida “Muddatidan oldin nafaqaga chiqishim mumkinmi?”, “Oliy ma`lumotsiz hisobchi bo`lib ishlash mumkinmi?”, “Sayohatim sug`urtalanadimi?” kabi savollarga javob olishingiz mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!