El DiarioYa: “Dunyo Islom Karimovdek rahbarga har qachongidan ham ko`proq muhtoj ekanligi ayon bo`lmoqda”

11:35, 14 sentabr

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti vafoti haqidagi qayg`uli xabar butun dunyoni qalqitdi. Ana shu og`ir judolik munosabati bilan xorijiy ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinayotgan maqolalarda chuqur hamdardliklar bildirilayotgani barobarida, zamonaviy O`zbekiston tarixida Islom Karimovning tutgan o`rni, mamlakatimizning suveren, demokratik va gullab-yashnayotgan davlat sifatida shakllanishida buyuk Yo`lboshchimizning beqiyos hissasi xususida ham atroflicha fikr yuritilmoqda, deb yozadi «Jahon» AA sharhlovchisi.

Xususan, Fransiyaning “TV5Monde” telekanalida O`zbekiston mustaqilligi asoschisining hayoti hamda faoliyatiga bag`ishlab namoyish etilgan maxsus ko`rsatuvda “Islom Karimov chorak asr mobaynida o`z mamlakati barqarorligini ta`minlagan atoqli davlat va siyosat arbobi”, deya ta`kidlab o`tildi.

Ispaniyaning “La Gaceta”  gazetasi esa O`zbekistonning Birinchi Prezidentiga “Mintaqa barqarorligining kafolati”, deb ta`rif berar ekan, u nafaqat o`z mamlakati, balki xorijiy davlatlarda ham katta obro`-e`tiborga ega bo`lgani, dunyo ahamiyatiga molik muhim siyosiy masalalarning hal etilishida alohida o`rin tutganini qayd etdi. Nashrning bosh maqolasida keltirib o`tilganidek, O`zbekiston Islom Karimovning faol sa`y-harakatlari tufayli terrorizm va diniy ekstremizm singari xavf-xatarlarni engib o`tdi, barqaror taraqqiyotga erishib, jahonning ko`pgina davlatlari bilan teng huquqli munosabatlarni o`rnatdi hamda buni qo`llab-quvvatladi.

“El DiarioYa” (Ispaniya) elektron jurnalida e`lon qilingan publisist-dinshunos Ponse Alegre qalamiga mansub maqolada esa quyidagi jumlalarni o`qish mumkin: -“Islom Karimov nafaqat buyuk etakchi va mashhur siymo, balki yaxshi inson ham edi. U o`z xalqiga ulkan meros — siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy jihatdan barqaror davlat qoldirdi. Sayyoramizning ayrim hududlarida noxush holatlar ro`y berayotgan bugungi kunda dunyo Islom Karimovdek rahbarga har qachongidan ham ko`proq muhtoj ekanligi ayon bo`lmoqda”.

O`z navbatida, Italiyada nashr etiladigan “Corriere Nazionale” gazetasi ham o`z o`quvchilarini Islom Karimovning bunyodkorlik borasidagi ezgu faoliyati natijalari -bilan tanishtirdi. Unda yozilishicha, “O`zbekistonning Birinchi Prezidenti sharofati bilan mamlakat tarixan qisqa davrda demokratik siyosiy tizimga ega bo`ldi, iqtisodiyotning mafkuradan xoli bo`lishi ta`minlandi va erkin bozor munosabatlariga o`tildi... Sanoat tarmoqlari, ayniqsa, kimyo, to`qimachilik va avtomobilsozlik industriyasi izchil rivojlanmoqda. Respublikada samarali ta`lim tizimi yo`lga qo`yilgan, qator nufuzli xorijiy oliy o`quv yurtlarining filiallari, jumladan, Turin politexnika universitetining bo`limi faoliyat yuritayapti... O`zbek xalqi kelajakka ishonch bilan qaramoqda”.

Xuddi shunday maqolalar mamlakatdagi “La Repubblica” va “Ansa” singari boshqa ommabop nashrlar sahifalarida ham chop etildi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!