Xalq xohish-irodasini ifoda etib, uning farovonligi yo`lida qo`yilgan muhim qadam

14:32, 14 sentabr

Joriy yilning 8 sentyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuklash to`g`risidagi o`ta muhim qarorni qabul qildi.

Mazkur qabul qilingan qarorning huquqiy jihatlari xususida Toshkent davlat yuridik universiteti dosent vazifasini bajaruvchisi, yuridik fanlar nomzodi X.Xayitov so`zlab berdi:

– Mamlakatimiz tarixida munosib o`chmas iz qoldirgan yigirma besh yil davomida mustaqilligimiz tobora mustahkamlanib, jonajon Vatanimiz o`zining barqaror strategik rivojlanish yo`lini tanlab oldi hamda shu asosda ildam taraqqiy etmoqda. Ushbu yillar davomida O`zbekiston Respublikasi Birinchi  Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o`zbek modeli” asosida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasi o`laroq hayotimiz sifati, mamlakatimiz qiyofasi tubdan o`zgardi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha yo`nalishlari bo`yicha yuksak yutuq va natijalarga erishildi, ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo`lida ulkan ishlar amalga oshirildi.

O`zbekistonning konstitusiyaviy rivojlanishi mamlakatimiz mustaqillikka erishilgan kundan boshlab tadrijiy, bosqichma-bosqich, jamiyat tizimini hamda davlat hokimiyatini bu sohadagi islohotlarning izchil va uzviy tamoyillari asosida liberallashtirish va demokratlashtirish yo`lidan bordi. Bu borada davlat hokimiyatini organlari faoliyatini tashkil etishning asosiy ustuvor yo`nalishi hokimiyatlar bo`linishi konstitusiyaviy tamoyilini izchil amalga oshirish, ular o`rtasida o`zaro tiyib turish va muvozanatning samarali tizimini barpo etishga asoslandi. Demokratik islohotlarni huquqiy mustahkamlash va mamlakatimiz huquqiy tizimini shakllantirishda milliy parlamentimiz faoliyati muhim ahamiyat kasb etdi. Parlamentimiz jamiyat va davlat hayotiga oid eng muhim qonun va qarorlarni o`z vaqtida qabul qildi-ki, ular bugungi ozod va obod hayotimizga mustahkam huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar amaliyotidan ma`lumki parlamentning oliy vakillik, ya`ni xalq nomidan vakillikni amalga oshirish, qonunchilik va nazorat funksiyalari mavjud. Ayrim davlatlarda parlamentga mazkur funksiyalardan tashqari milliy, tarixiy rivojlanish tajribani o`zida aks ettirgan boshqa vakolat va funksiyalar ham yuklatilganligini ta`kidlash joiz. Mazkur funksiyalarni amalga oshirar ekan parlament davlat va jamiyat hayotida muhim va eng muhim ahamiyatga ega bo`lgan qarorlar qabul qilish yo`li bilan jamiyat hayotida manfaatlar mushtarakligi, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta`minlashda muhim o`rin egallaydi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 11-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo`linishi prinsipiga asoslanadi. Mazkur qoidaga ko`ra, davlat hokimiyati bo`linishi hokimiyat tarmoqlarining bir-biridan mutlaqo ajralishi va o`zaro qarama-qarshi turishini anglatmaydi, balki ularning yagona manba – xalq hokimiyatchiligiga asoslanishini, o`zaro hamjihatligini, konstitusiya va qonunlar doirasida bir-birini tiyib turishi hamda hokimiyat tizimida mutanosiblik va muvozanat saqlashini ifodalaydi.

Shuningdek, Konstitusimizga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo`lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Mazkur norma milliy parlamentimizning yuqorida qayd etilgan uchta funksiyani qonuniy asosda amalga oshirish mutloq parlamentga tegishli ekanligini belgilaydi.

Hozirgi  zamon  demokratik  jamiyatida  xalq – hokimiyat  manbai, suverenitet  sohibi  deb  e`tirof  etiladi.  Xalq  hokimiyatchiligi  va  xalq suvereniteti g`oyalari xalq tomonidan bevosita shakllantiriladigan davlat hokimiyatining  oliy  vakillik  organi  –  parlamentda  o`zining  eng  yorqin ifodasini topadi. Buni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 78-moddasida belgilangan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlarida ham ko`rish mumkin. Unga ko`ra, parlament mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining asosiy yo`nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish huquqiga ega. Shuningdek, konstitusiyaviy qonunlarni, qonunlarni, qonun kuchiga teng qarorlarni qabul qilish orqali davlat va jamiyat hayotida eng muhim masalalarni hal etish vakolatiga ega.

Shuningdek, Konstitusiyamizning 96-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunga to`liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o`tkazilishi belgilangan.

2016 yil 2 sentyabrda O`zbekiston Respublikasi Birinchi  Prezidenti Islom Karimovning bevaqt vafot etishi uning vakolatlari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishi masalasining kun tartibiga qo`yilishiga sabab bo`ldi. Ammo O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o`z ixtiyoriga ko`ra Prezident vakolatlarini vaqtincha bajarishni bu sohada yuqori salohiyatga va boy tajribaga ega bo`lgan, eng munosib nomzod bo`lganligi sababli hamda mazkur vakolatni o`z zimmasiga olishdan umummilliy manfaatlarini ko`zlab rad etdi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risidagi masalani ko`rib chiqish va muhokama qilish hamda u yuzasidan tegishli qaror  qabul qilishni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qo`shma majlisi kun tartibiga kiritdi.

Ushbu taklif 2016 yil 7 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatning qo`shma majlisida atroflicha muhokama qilindi va uning har tomonlama asosli ekanligi qayd etildi. Majlis yakunida parlamentimiz deputatlari va senatorlar bir ovozdan Prezident vazifasini vaqtincha bajarish vakolatini O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklash haqida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qo`shma majlisi qarori qabul qilindi.

Xalq manfaatlarini oliy darajada ifoda etish huquqiga ega bo`lgan parlament tomonidan Prezident vazifasini vaqtincha bajarish vakolatini O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatilishi parlamentning mutloq vakolatiga kiradi. Shunga asosan, parlament mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo`nalishlarini belgilash vakolatlari doirasida to`g`ri va asosli qaror qabul qildi.

Undan tashqari, ushbu qaror quyidagilarga ko`ra asosli hisoblanadi:

Birinchidan, Prezident vazifasini vaqtincha bajarish vakolatini Senat raisi rad etgan taqdirda qonunchilikda ushbu masala qanday tartibda hal etilishini belgilaydigan huquqiy norma mavjud emas. Bunday holatda ushbu vazifa parlament tomonidan hal etilishi asosli;

Ikkinchidan, parlament xalq irodasini ifoda etuvchi oliy organ sifatida mazkur masalani hal etishga mutlaq vakolatlidir hamda mazkur vakolat boshqa davlat hokimiyati organi vakolatiga tegishli emas;

Uchinchidan, 2012 yil 24 dekabrda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi (yangi tahrir) Qonuniga asosan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari Konstitusiya va qonun qatorida e`tirof etilib, uning yuridik kuchi Konstitusiya va qonunlar bilan teng hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan yondashganda, parlamentimiz o`z vakolatlari doirasida qabul qilgan huquqiy hujjat bilan o`z xohishini rasmiylashtirdi;

To`rtinchidan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qo`shma majlisida Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar to`g`ri qayd etganidek hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta`minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligi mazkur qarorning hayotiy zarurat ekanligini isbotlaydi;

Beshinchidan, mazkur tajriba rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasida ham mavjud. Jumladan, Fransiya Konstitusiyasining 
7-moddasiga ko`ra muayyan bir sababga ko`ra prezidentlik lavozimi bo`shab qolsa, uning vazifalari hukumat so`roviga ko`ra Konstitusiyaviy kengashning ko`pchilik ovoziga ko`ra, Senat raisiga yuklatiladi. O`z navbatida Senat raisining ushbu vazifani bajarishiga to`siq vujudga kelganda mazkur vazifa hukumatga yuklatiladi. Shunga o`xshash amaliyot Gresiyada ham mavjud.

Shu o`rinda to`xtalib o`tish o`rinliki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi zimmasiga yuklatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishdan o`zini o`zi rad etishi hamda ushbu vazifa va vakolatlarni bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklashni taklif etishi ham asosli hisoblanadi.  Chunki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi ham boshqa davlat organlari mansabdor shaxslari kabi o`ziga qo`shimcha ravishda yuklatilgan vazifani bajarishdan o`zini o`zi rad etishi mumkin. Undan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarlik qiladigan Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo`yicha barcha davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo`naltiradi hamda ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi. Binobarin, davlat xokimiyatining boshqa organlariga nisbatan Bosh vazir faoliyatining mazkur jihatlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladigan vazifa va vakolatlarga yaqinligidan dalolat beradi.

Yuqoridagilarga asoslanib xulosa qilish mumkinki,  O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qabul qilgan qo`shma qaror O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarining normalariga, xalqaro xuquq talablari to`liq mos keladi. Shuningdek,  mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar davomiyligini ta`minlashga  xizmat qiladi. 

Kezi kelganda ta`kidlash lozimki, mamlakatimiz muhim siyosiy jarayonlar arafasida turibti. O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 96, 117-moddalari hamda «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunning 8-moddasiga, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi Qonunning 5 va 9-moddalariga muvofiq 2016 yil 4 dekabr, yakshanba kunini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilash to`g`risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, joriy yilning 9 sentyabridan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi e`lon qilindi.

Saylovlar davlat hokimiyati va uning organlari faoliyatini qonuniylashtiradigan hamda aholida ushbu institutlarning ham shakllanishi, ham faoliyati qonuniy ekaniga ishonch uyg`otadigan ijtimoiy, siyosiy-huquqiy jarayon, vosita hisoblanadi. Saylovlar fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish bilan bir qatorda, bo`lajak saylovlarda munosib nomzodni tanlab olish uchun ham imkoniyat yaratadi. Shunday ekan, barcha fuqarolar mazkur jarayonda faol ishtirok etishi, o`z konstitusiyaviy huquqini amalga oshirish asosida o`zlari eng munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berishlari lozim.

Umumiy xulosa sifatida ta`kidlashni istar edikki, mamlakatimiz hayotida ro`y berayotgan muhim voqea, hodisalarga xech bir fuqaro befarq emas. Har bir fuqaromiz o`z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan birga ko`rar ekan uning tinchligi va ravnaqi yo`lida o`zining munosib xissasini qo`shishga tayyor. Mamlakatimizdan tashqarida bizga “aql o`rgatishga” urinayotgan kuchlar ham mavjud ekanligini e`tiborga olib, biz o`z tanlagan taraqqiyot yo`limizdan hech qachon qaytmasligimizni ularga uqtirishimiz lozim. Bizning mamlakatimiz o`zgalarning yo`l ko`rsatishi va rahnamoligiga muhtoj emas. Mamlakatimizda dunyo tan olgan eng demokratik Konstitusiya va qonunlarimiz bor. Shu bois, mamlakatimiz o`z oldiga qo`ygan barcha maqsad va vazifalariga erishadi va ushbu yo`lda yosh avlod unda mustahkam qanot bo`lajak.

 

 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!