Xalq – davlat hokimiyatining yagona manbai

10:31, 15 sentabr

O`zbekistonda mustaqillik yillarida huquqiy davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan tub islohotlarning samaradorligini ta`minlashda O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda.  Shu bilan birga Konstitusiyamiz taraqqiyotimiz davomida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan murakkab masalalarning echimini topishga ham dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Darvoqe, benazir hayotiy tajriba va kuchli intuitiv qobiliyat sohibi bo`lgan O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o`z vaqtida  “Biz mustaqil taraqqiyot yillarida bosib o`tgan g`oyat murakkab va mas`uliyatli, mashaqqatli rivojlanish yo`li davomida qanday jarayonlarga duch kelmaylik, qanday og`ir sinovlarni boshimizdan kechirmaylik, Konstitusiyamiz hamisha yurtimizni, xalqimizni turli balo-qazolardan asrash, o`ta tahlikali vaziyatlarda yakkayu yagona to`g`ri yo`lni topish va kelajakka ishonch bilan qarashda asos bo`lib xizmat qilmoqda...” deb to`g`ri ta`kidlab o`tgan edi (Karimov I.A.  Inson, uning huquq va erkinliklari-oliy qadriyat. T.14. –T.: O`zbekiston, 2006. –B.63).   

Shu kunlarda jamiyatimiz o`ta murakkab vaziyatni boshidan kechirmoqda. Xalqimizning boshiga tushgan og`ir judolikxorijdagi ayrim “do`stlarimiz” kutganining aksi o`laroq, butun jamiyatni birlashtirib, erishgan yutuqlarimizni avaylab-asrab, yangi marralar sari qat`iy ishonch bilan borishga undamoqda.

Hammamizga ma`lumki joriy yilning 8 sentyabrida Oliy Majlis Senati Raisi Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga yuklamaslikni so`rab murojaat qilganligi sababli, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risida qo`shma qaror qabul qilindi.

Mazkur qaror O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga mos kelishiga qaramasdan, shu kunlarda  qatorchet el nashrlari vainternet saytlarida asossiz, bir yoqlama,jamiyatimiz rivojlanish voqeliklarini chuqur tahlil qilmasdanyuzaki yondashuv asosidaxalqimizning manfaatlariga, yurtimizning tinchlik va osoyishtaligiga daxl qiluvchi fikrlar bildirilmoqda.

Shu munosabat bilan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisi tomonidan qabul qilingan qo`shma qarorning Konstitusiyamiz mazmun-mohiyatiga mos ekanligini quyidagilarda ko`rish mumkin:

birinchidan, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining
10-moddasiga muvofiq O`zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan olganda Oliy Majlisoliy davlat vakillik organi sifatida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish vakolatiga ega;

ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va SenatiO`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining
78-moddasida belgilab qo`yilgan birgalikdagi vakolatlaridan tashqari boshqa vakolatlarni amalga oshirilishi mumkinligi ham mustahkamlangan. Bundan tashqari Konstitusiyaning 81-moddasida Oliy Majlis  palatalarining qo`shma majlisi qaysi masalalar yuzasidan o`tkazilishi ko`rsatilgan bo`lsada, qo`shma majlis palatalarning kelishuviga binoan boshqa masalalar yuzasidan ham o`tkazilishi belgilangan;

uchinchidan, Konstitusiyamizda Senat Raisining Prezident vazifa va vakolatlarini bajarish uning zimmasiga yuklatilishidan voz kechishi va boshqa shaxsga yuklatilishi mumkin emasligi to`g`risida ham bironta norma  mavjud emas.

Demak, Oliy Majlispalatalari tomonidan o`tkazilgan qo`shma majlisda Senat Raisining murojaati ko`rib chiqilishi va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risida qo`shma qaror qabul qilinishi konstitusiyaviy normalar doirasi bilan qamrab olingan va ularning mazmun-mohiyatiga zid emas.

Eslatib o`tish joizki, Konstitusiyamizning 16-moddasiga muvofiq, uning birorta ham qoidasi O`zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar etkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.Shu bois Oliy Majlispalatalariningqo`shma qarori mazmunini konstitusiyaviy normalar mazmun-mohiyatiga zid tarzda talqin etishga yo`l qo`yilmaydi.

Shu munosabat bilan bugungi kundagi murakkab vaziyat sharoitida davlat rahbari vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishniyuksak tajribaga ega hamda xalq tomonidan e`tirof etilgan shaxs zimmasiga yuklatilishi oqilona qaror ekanligi shubhasizdir.

Xulosa o`rnida ta`kidlash joizki, joriy yilning 4 dekabrida bo`lib o`tadigan Prezident saylovi O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunnormalari talablariga muvofiq holda muqobillik asosida o`tkazilib, uning natijasida xalqimiz o`zi tanlagan nomzod uchun ovoz berib, davlat rahbarini saylaydi.

M.Axmedshaeva,

TDYuU professori, yu.f.d.,

Sh.Saydullaev,

TDYuU dosenti v.b., yu.f.n.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!