“Prezidentning vakolatlarini Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risidagi qo`shma qaror mutlaqo qonuniy”

12:10, 15 sentabr

Mustaqil taraqqiyot yo`lidan dadil odimlab borayotgan, iroda va matonati bukilmas xalqimiz bugun o`ta muhim siyosiy jarayonlar oldida turibdi. Og`ir judolik – O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning hayotdan ko`z yumgani hali ham millionlab vatandoshlarimiz qalbini o`rtayotgan ayni damlarda davlat boshqaruvini ishonchli qo`llarga topshirish kun tartibidagi birinchi darajali vazifaga aylangani hech birimizga sir emas. Konstitusiyaviy norma talablariga muvofiq, ushbu masalaga oydinlik kiritish va hal etish uchun 2016 yil 8 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisi chaqirildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash masalasi ko`rib chiqildi.

Konstitusiyaning 96-moddasida qayd etilishicha, Prezident o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi. Respublikamizda yuzaga kelgan siyosiy vaziyatda shunday bo`ldi ham. Biroq parlament ikki palatalarining qo`shma majlisida Senat Raisi Nig`matilla Yo`ldoshev davlat rahbariga qo`yiladigan talablarni to`laqonli bajarish uchun tajribasi etarli emasligini aytib, mazkur vazifani mamlakatning amaldagi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklashni taklif qildi. Yurtdoshlarimizda “Nega aynan shu nomzod tavsiya qilindi?”, degan savol tug`ilishi ham mumkin. N.Yo`ldoshev o`z chiqishida ta`kidlaganidek, Sh.M.Mirziyoev davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarida ko`p yil rahbarlik lavozimida ishlagan. Ayniqsa, hukumat rahbari sifatida istiqlol davrida amalga oshirilgan ulkan islohotlar va bunyodkorlik ishlarini ro`yobga chiqarishda beminnat xizmat ko`rsatdi. Qat`iyatligi, jonkuyarligi bilan xalq orasida hurmat-e`tibor qozondi. Rivojlanishning ayni pallasida O`zbekistonning tashqi maydondagi nufuzini saqlash, ichki barqarorlik, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta`minlash, respublika hayotidagi eng muhim siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni samarali hal etish uchun siyosiy jabhada orttirilgan boy tajriba va rahbarlik sifatlari juda muhim. Shuni inobatga olgan holda, Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisida qatnashgan siyosiy partiyalar franksiyalari rahbarlari, deputat va senatorlar N.Yo`ldoshevning taklifini qo`llab-quvvatlab, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni mamlakat Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risida qo`shma qaror qabul qildi.

Ammo ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari, xususan, internet saytlarida yuqoridagi holat yuzasidan turli bahs-munozalar yuritilib, hatto uning qonunga xilofligi aytilmoqda. Bunga javoban quyidagilarni ma`lum qilishni lozim topdik.

Birinchidan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o`z zimmasiga yuklatilgan majburiyatdan ixtiyoriy ravishda voz kechdi. Bunday vaziyatda Prezident vakolat va vazifalarini aynan kim vaqtincha bajarishga haqli ekani Konstitusiyamizda belgilab berilmagan. Demak, mamlakat boshqaruvining vaqtincha Bosh vazir zimmasiga yuklatilishini qonunga xilof deb aytolmaymiz.

Ikkinchidan, bunday qaror bir kishining ixtiyori emas, balki parlament har ikkala palatasi a`zolari umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan qabul qilingan. O`zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi qonuni
6-moddasiga binoan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma qarorlari qonun maqomiga ega. Demak, shu yil 8 sentyabrda parlament palatalarining O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risidagi qo`shma qarorini noqonuniy deyish mutlaqo asossizdir.

Uchinchidan, Oliy Majlis Senati Raisi yuqoridagi masalani parlament palatalari muhokamasiga qo`yishga to`la haqqi bor. Zotan, “O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati va Senati a`zosining maqomi to`g`risida”gi qonunning 7-moddasiga asosan, har bir deputat yoki senator parlament palatasi yig`ilishiga muayyan masalani ko`rib chiqish taklifini kiritishi va uni asoslash huquqiga ega.

Qolaversa, Konstitusiyaning 81-moddasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlislari aynan qaysi holatlarda o`tkazilishi qayd etilgan. Ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari shular jumlasiga kiradi. Butun mamlakat rahbarligini vaqtincha yuklash, shubhasiz, siyosiy ahamiyat kasb etuvchi eng muhim masalalardan biridir.

Yuqorida keltirilgan dalil-isbotlar mamlakatimiz parlamenti palatalarining qo`shma majlisida ko`rib chiqilgan masala hamda taklif etilgan echim O`zbekiston Respublikasining birorta qonuniga zid emasligini ochiq-oydin ko`rsatib turadi. Boz ustiga, Oliy Majlis Senati Raisi tomonidan tavsiya etilgan hamda parlament qo`shma qarori bilan tasdiqlangan nomzod O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini faqat vaqtincha bajarib turishini, haqiqiy Prezidentni esa O`zbekiston xalqi o`z xohish-irodasiga tayanib saylashini unutmaslik darkor.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni 4 dekabr kuniga belgilangan.     

Nargiza Umarova, “Turkiston” gazetasi muxbiri

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!