Yosh dzyudochilarimiz Hindistonda 5 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo`lga kiritishdi

17:11, 15 sentabr

Hindistonning Kochchi shahrida dzyudo bo`yicha yoshlar va kadetlar o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari munosib ishtirok etib, 5 oltin, 6 kumush va 6 bronza medalni qo`lga kiritdi, deya xabar bermoqda O`zA.

Yoshlar o`rtasida vazni 66 kilogrammgacha bo`lgan dzyudochilar bellashuvlarida qatnashgan Artyom Shturbabin KXDR vakili Xyong Un Kim, hindistonlik Jaslin Singx Saini, eronlik Alirizo Hojastehni mag`lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo`ldi.

Vazni 81 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar o`rtasida Davlat Bobonov iordaniyalik Solih Sefan, eronlik Subhon Rasuliy va tojikistonlik Akmal Murodov ustidan g`alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi.

90 kilogrammgacha vazn toifasidagi dzyudochilar bellashuvida Muhammadkarim Xurramov Janubiy Koreya vakili Yu Xan Li, Xitoy Taypeyidan Fong Shun Chen va qirg`izistonlik Azamat Bektursunovni engib, Osiyo chempioni bo`ldi.

O`z vazn toifasida Suhrob Tursunov va Bekmurod Oltiboev kumush, Doston Ro`ziev va Renat Najmiddinov bronza medal bilan taqdirlandi.

Qizlar o`rtasidagi bahslarda Gulnur Murodboeva o`z vazn toifasida barcha raqibalarini mag`lubiyatga uchratib, qit`ada tengsiz ekanini isbotladi. Nodira Yo`ldosheva ikkinchi, Diyora Keldiyorova, Mahliyo Mannopova va Rahima Yo`ldosheva uchinchi o`rinni egalladi.

Kadetlar o`rtasidagi bahslarda Sanobar Sultonova oltin, Shahzod Ochilov, Jasur Samadov va Ulug`bek O`roqov kumush, Nasrullo Shokirov bronza medalni qo`lga kiritdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!