U-16 o`smirlar o`rtasidagi Osiyo chempionati start oldi

08:53, 16 sentabr

Bugun Hindistonda U-16 o`smirlar o`rtasidagi Osiyo chempionati o`yinlari start oldi. Bu haqda O`zbekiston futbol federasiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda

Musobaqaning A guruhidan o`rin olgan ikki uchrashuvda ham bir hisob qayd etildi. Dastlab, Eron o`smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistoni o`smirlariga qarshi maydonga tushdi va irodali g`alabaga erishdi. O`yinda 0:2 hisobida mag`lubiyatga uchrayotgan eronliklar yakunda ketma-ket uchta to`p kiritib uchrashuvda 3:2 hisobida g`alaba qozonishdi.

Guruhdagi ikkinchi o`yinda ham huddi shunday hisob qayd etildi va unda BAA o`smirlar terma jamoasi turnir mezboni – Hindiston o`smirlar terma jamoasini 3:2 hisobida mag`lub etishdi.

Musobaqaning D guruhida ishtirok etayotgan O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi esa turnirdagi ishtirokini 17 sentyabr kuni Tailand o`smirlariga qarshi o`yin bilan boshlaydi. Mazkur uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:30da boshlanadi.

Ayni damda, Temur Olimxo`jaev bosh murabbiyligidagi O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi ushbu uchrashuvga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Ma`lumot uchun, Hindistonda start olgan U-16 o`smirlar o`rtasidagi Osiyo chempionatida qayd etilgan natijalar va turnirdagi vaziyat bilan saytning turnirlar bo`limida tanishib borish mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!