Kyudzo Katoning vafoti – o`zbek xalqi uchun og`ir yo`qotish

11:13, 16 sentabr

12 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatida mashhur arxeolog olim, Yaponiya milliy etnologiya muzeyining faxriy professori, “Do`stlik” ordeni sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi Kyudzo Kato 94 yoshida vafot etdi.

O`zbekiston haqidagi ko`plab ilmiy ishlarning muallifi bo`lgan yapon professori mamlakatimizning yaqin do`sti edi. U o`zbek xalqini sevardi, shu bois mamlakatimizni o`zining ikkinchi Vatani deya tilga olar edi, deya xabar berdi “Jahon” AA.

O`tgan asrning 60-yillarida birinchi marotaba O`zbekistonga kelgan Kyudzo Kato o`lkamizning ko`hna tarixiga katta qiziqish bildirdi va mamlakatimizning Yaponiya bilan ko`p qirrali hamkorligini faollashtirishning tarafdori bo`ldi.

U 25 yildan ko`proq davr mobaynida O`zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy institutlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bordi, turli loyihalarda qatnashdi, Surxondaryo viloyatida (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayan, Fayoztepa) arxelogiya qazishmalarini olib bordi. O`zbekiston tarixi bo`yicha maktab darsliklarida ham uning sidqidil va g`ayratli ishlari haqida hikoya qilinadi. 

K.Kato ilmiy faoliyatining asosiy natijalari olimning qalamiga mansub “Janubiy O`zbekistonning uzoq o`tmishi” va “Dalvarzintepa shaharchasi” nomli kitoblarida o`z ifodasini topgan. Ularda arxeolog Markaziy Osiyo hududida ilk buddaviylik tarqalishining tarixi haqida hikoya qiladi. Shuningdek, Termiz shahrining faxriy fuqarosi “Buyuk Ipak yo`li chorrahasida”, “Evroosiyo sivilizasiyasi bo`ylab sayohat”, “O`rta Osiyoning mashhur odamlari” singari ilmiy ishlarning ham muallifi hisoblanadi.

Yuqoridagilar bilan birga, K,Kato Yaponiyada O`zbekistonga bag`ishlangan ko`plab simpoziumlar, ko`hna o`zbek turar joylari maketlari, milliy liboslar, ro`zg`or buyumlari namoyish etilgan turli ko`rgazmalarni tashkil etgani holda ikki mamlakat madaniyatlari o`rtasidagi o`zaro bir-birini to`g`ri tushunish munosabatlarini yanada chuqurlashtirish ishiga ko`maklashdi.

Shuni ham qayd etish zarurki, O`zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov K.Katoning salmoqli ilmiy faoliyatini bir necha marotaba tilga olgan. Masalan, “O`rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizasiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiya (2014 yil 15-16 may, Samarqand) chog`ida davlatimiz rahbari ushbu yapon professori mintaqamizning yirik tadqiqotchisi hisoblanishini, uning ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi va san`atining biz uchun noma`lum bo`lgan sahifalarini ochishga yordam berganini qayd etdi.

O`shanda Islom Karimov “uning Buyuk Ipak yo`lini, Baqtriya davlatini o`rganishga bag`ishlangan ishlari, shuningdek, 1989-yildan buyon Surxondaryo viloyatining ko`hna Dalvarzintepa va Qoratepa shaharlari o`rnida olib borayotgan arxeologik tadqiqotlari, Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Mirzo Bobur va Markaziy Osiyoning boshqa ulug` mutafakkirlari asarlarini yapon tiliga qilgan tarjimalari bizning ulkan mintaqamiz tarixi va madaniyati haqidagi bilimlarni jahon mulkiga aylantirish imkonini berdi”, deya ta`kidlagan edi.

O`z navbatida, professor K.Kato ko`rsatilayotgan g`amxo`rlik va qo`llab-quvvatlashlar uchun O`zbekistonning birinchi Prezidentiga doimo minnatdorlik bildirgani barobarida mamlakatimizda ilm-fan namoyandalari uchun qulay muhit yaratilgani hamda ularning ilmiy tadqiqotlarni olib borishlari uchun keng imkoniyatlar berilganini hamisha e`tirof etgan. 

“Men yaponman, O`zbekistonning o`zimning ikkinchi Vatanim, deb hisoblayman va bu mamlakat faxriy fuqarosi hisoblanishim bilan faxrlanaman. Hurmatli Prezident Islom Karimov mening kamtarona mehnatimni yuqori baholab, meni “Do`stlik” ordeni bilan mukofotladi. Hayotimning katta qismi ushbu tabarruk zaminda o`tganidan baxtliman”, deya ta`kidlagan edi K.Kato.

Xalqimizning bebaho tarixiy-madaniy merosini o`rganish hamda O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi samarali munosabatlarni rivojlantirishga yapon professorining qo`shgan hissasi o`lkamiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladi, uning ilmiy ishlari esa butun dunyoning juda ko`pdan-ko`p avlodlari tomonidan katta qiziqish bilan o`rganiladi.

O`zbekiston fanlar Akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze Kyudzo Kato haqidagi xotiralari bilan bo`lishdi:

“Men uzoq yillar tanigan va hurmat qilgan professor Kyudzo Kato ajoyib inson va buyuk olim edi. O`zbekistonda uni hurmat bilan «muallim», «domulla», deb atashardi. Ushbu murojaat shu qadar unga singib ketgandiki, odamlar tomonidan huddi uning ismiday qabul qilinardi. Men boshqa yapon olimlariga bunday munosabatda bo`lishganini ko`rmaganman.”

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!