O`zbekistonlik tadbirkorlar Moskvadagi xalqaro ko`rgazmada 2 million dollardan ziyod eksport shartnomalarini imzoladi

12:44, 16 sentabr

Joriy yilning 12-15 sentyabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida “Food Moscow – 2016” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Unda mamlakatimiz kompaniya va korxonalari o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi. 

Ishbilarmonlarimizning turli mamlakatlarda o`tkazilayotgan xalqaro yarmarka va ko`rgazmalardagi faol ishtiroki mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. “World Food Moscow” ko`rgazmasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi, deya xabar beradi O`zA. 

“World Food Moscow” xalqaro ko`rgazmasida AQSh, Xitoy, Misr, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Argentina, Niderlandiya, Italiya, Ispaniya, Hindiston, Armaniston, Eron kabi dunyoning etmishga yaqin mamlakatidan yuzlab firma va kompaniyalar ishtirok etdi. Mazkur forumda oziq-ovqat mahsulotlari, ularni etishtirish va qayta ishlashga oid eng so`nggi yutuqlar namoyish etildi. Meva va sabzavotlar, go`sht, sut, dengiz, qandolat va non mahsulotlari, texnika va texnologiyalar kabi yo`nalishlarga oid o`nlab bo`limlar ishladi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasidan ma`lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko`rgazmada mamlakatimizning oziq-ovqat sohasida ish yurituvchi “Euro Food Trade”, “Tasty Production”, “Green Agro Invest”, “Samo-Produkt”, “Mehrigiyo”, “Livadiya-Buxoro” kabi o`nga yaqin xususiy kompaniyasi o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi. Ko`rgazma ishtirokchilari O`zbekiston milliy stendida mamlakatimizning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi. 

Xalqaro ko`rgazmada O`zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning firma va kompaniyalari bilan o`zaro aloqa o`rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Tadbirkorlarimiz tomonidan jami ikki million dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!