Shayx Abdulaziz MANSUR: «Birinchi Prezidentimiz dinimiz rivojiga ulkan hissa qo`shdi»

15:54, 16 sentabr

Jannatmonand yurtimizda asrlarga tatigulik 25 yil davomida ro`y bergan o`zgarishlar har birimizning hayotimizga daxldordir. Payg`ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida «O`tganlaringizni qilgan yaxshiliklari bilan xotirlang» deya marhamat qilganlar. Shunga binoan, Birinchi Prezidentimizning ota-bobolarimizdan qolgan azaliy milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas islom ta`limotini o`rganish, diniy marosimlarimizni emin-erkin ado etishni ta`minlash yo`lida qilgan xizmatlarini qancha gapirsak, qancha yod etsak arziydi.

O`tgan davr mobaynida mamlakatimiz rahbari tashabbusi, fidoyiligi bilan nafaqat milliy-diniy bayramlarimiz, balki dinu diyonat va e`tiqodimizga yangicha hayot baxsh etildi, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, ulug` allomalarimizning bebaho merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi.

Biz diniy xodimlar, imom-xatiblar mustaqillikning 25 yillik tarixi davomida Yurtboshimiz g`amxo`rliklarini his qilgan holda faoliyat yuritganimizni zinhor unutmaymiz.

Istiqlol sharofati va Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning ma`naviy qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo`lish, ularni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga etkazish davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Muqaddas islom dini ta`limoti, milliy urf-odat va an`analarimiz, bebaho tarixiy merosimizning tiklanishi va rivojlanishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

Istiqlol tufayli milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklandi. Buyuk ajdodlarimizning bebaho asarlari ona tilimizga tarjima qilindi. Hozir har bir musulmon o`zining muqaddas dini va shariat ahkomlaridan xabardor bo`lishni istasa, bemalol kitob do`konlaridan xohlagan diniy asarni xarid qilib, mutolaa qilishi mumkin.

Mustaqillik yillarida mo`min-musulmonlar o`z kundalik diniy ibodatlarini bexavotir va emin-erkin ado etish imkoniyatga ega bo`ldilar. Bu borada tegishli qonun va farmonlar qabul qilindi. Diniy bayramlarni nishonlash, muqaddas joylarni ziyorat qilish an`anasi qayta tiklanib, bu borada ziyoratchilarga qulaylik va shart-sharoitlar yaratildi. Konstitusiyamizga binoan xalqimiz o`z diniy e`tiqodlarini yashirmaydigan, milliy udumlarini bamaylixotir amalga oshiradigan bo`ldi.

Xalq ta`limi va oliy ta`lim tizimida dinlar tarixini o`qitish va dinshunoslik fanlari o`quv dasturiga kiritildi. Muborak haj va umra safarini niyat qilganlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Masjid va madrasalar soni aholi ehtiyojiga yarasha ko`paytirildi. Vaholanki, asrlar davomida etuk olimlarni tarbiyalagan madrasalar eshigiga sho`ro davrida qulf osilib, bilim maskanlari turli omborlarga aylantirilgan edi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Abu Mansur Moturidiy va Burhoniddin Marg`inoniy kabi ko`plab allomalarning tavallud ayyomlari keng nishonlandi. Ularning xokipoklari qo`nim topgan go`shalar obod etilib, ziyoratgohlar barpo qilindi. Ulug` bobokalonlarimizning ilmiy meroslari tadqiq etilib, yosh avlod tarbiyasida unumli foydalanilmoqda.

Istiqlol ilm maskanlari eshiklarini yoshlarga keng ochib berdi. Mustabid tuzum davrida faqatgina ikkita – Toshkent islom instituti va Buxoroda «Mir Arab» madrasasi cheklangan sharoitlarda faoliyat yuritishiga ruxsat etilgan edi.

Poytaxtimizda Toshkent islom instituti, «Ko`kaldosh» va «Xadichai Kubro», Kitob shahrida «Xoja Buxoriy», Namanganda «Hidoya», Andijonda «Sayyid Muhyiddin maxdum», Urganchda «Imom Faxriddin Roziy», Nukusda «Muhammad al-Beruniy», Buxoroda «Mir Arab» va «Jo`ybori kalon» bilim yurtlari faoliyat ko`rsatmoqda.

Birinchi Prezidentimizning tashabbusi bilan 1999 yili Toshkent islom universiteti tashkil etilib, bu oliy ta`lim muassasasida talabalarga diniy va dunyoviy bilimlardan saboq berilmoqda.  

Sho`ro davrida xarobaga aylangan masjidlar istiqloldan keyin qayta tiklanib, foydalanishga topshirildi. Avval o`lkamizda saksonga yaqin masjid faoliyat yuritgan bo`lsa, hozirga kelib ularning soni ikki ming qirqtaga etdi. Shu o`rinda eslashimiz kerakki, Birinchi Prezidentimizning tashabbusi bilan bir qator muqaddas qadamjolar, diniy yodgorliklar, ziyoratgohlar Madaniyat vazirligi tasarrufidan O`zbekiston musulmonlari idorasi qaramog`iga o`tkazildi.

Istiqloldan avval haj safariga sanoqli kishilargina borgan bo`lsa, hozir har yili 11 mingdan ziyod fuqaromiz umra va haj ibodatlarini ado etib kelmoqda. Mustaqilligimizning ilk yillaridan to shu kunga qadar 200 mingga yaqin yurtdoshimiz muborak safarlarga borib keldi.

Qayd etish lozimki, Prezidentimizning 1991 yildagi ikki hayit bayrami kunlarini dam olish kunlari deb e`lon qilish haqidagi farmonlari asosida mana yigirma besh yildirki, ikki hayitning birinchi kunlari diniy bayram – dam  olish kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Islom olamidagi eng nufuzli tashkilotlardan biri – ISESCO tomonidan poytaxtimiz – Toshkent shahriga 2007 yilda Islom madaniyatining poytaxti maqomining berilishi Yurtboshimizning islom madaniyati va ma`naviyatini yuksaltirish yo`lida amalga oshirgan xayrli ishlarining jahon hamjamiyati tomonidan e`tirof etilishidir.

Har qanday ezgu niyat va maqsadni amalga oshirish, avvalo, jamiyatdagi mustahkam tinchlik va xotirjamlikka bog`liq. Hozir dunyoning ayrim mamlakatlarida siyosiy beqarorlik hukm surayotgan bo`lsa, boshqa bir o`lkalarda terrorizm, millat tanlamas xurujlar xalqaro xavfsizlikka tahdid solmoqda. Bu kabi holatlar bizni tinch va farovon hayotimizning mustahkam asosi bo`lgan istiqlolimizga shukrona qilish, uning qadriga etish va ko`z qorachig`idek asrab-avaylashga undaydi.

Istiqlolning har bir yili yurtimiz tarixida o`ziga xos yorqin iz qoldirmoqda. Bu davrda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlarimiz tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan muhrlanmoqda. Vatanimizni yanada obod, turmushimizni bundan-da farovon etish eng ulug` maqsadimiz. Bir hadisi sharifda Payg`ambarimiz alayhissalom «Kim insonlarga ulardan ko`rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmas ekan, demak Allohga ham shukr qilmabdi» deb marhamat qilganlar.   

Alloh taolo barchalarimizni ulug`, aziz mustaqillik ne`matiga shukrlar aytib, uning yanada mustahkam va bardavom bo`lishi yo`lida savobli amallarni qilishimizni nasibu ro`zi aylasin!

Shayx Abdulaziz MANSUR,
O`zbekiston musulmonlari idorasi
 
raisi o`rinbosari.
O`zA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!