O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi

11:06, 17 sentabr

O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo`jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 16 sentyabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. 

Shavkat Mirziyoev safar davomida viloyatning Jizzax shahri, Paxtakor, Zafarobod, Do`stlik tumanlarida bo`ldi, deya xabar beradi O`zA. 

Jizzax viloyati faollari bilan bo`lib o`tgan yig`ilishda davlatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Vatanimiz ozodligi, yurt ravnaqi, tinchligini ta`minlash borasidagi faoliyati, beqiyos xizmatlari alohida qayd etildi. Xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan bu buyuk siymoning hayot yo`li bugungi va kelajak avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o`tashi ta`kidlandi. So`nggi chorak asr mobaynida erishilgan olamshumul yutuqlarimiz ko`lamini yanada oshirish barchamizning burchimiz ekaniga alohida urg`u berildi. 

Shu bilan birga, tanqidiy ruhda o`tgan mazkur yig`ilishda viloyatda sanoat sohasining rivojlanishi, etishtirilgan paxta hosilini yig`ib-terib olish va kuzgi g`alla ekish mavsumining borishiga doir masalalar tahlil etildi. Iqtisodiyotda olib borilayotgan islohotlarni izchil rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalar, kommunikasiya tizimlarini yanada taraqqiy ettirish, obodonlashtirish, zamonaviy bino va inshootlarni qurish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. 

Aholi turar joylari fondi va ijtimoiy soha muassasalarini kuzgi-qishgi mavsumga tayyorlash, sanoat va boshqa sohalarning bir maromda faoliyat yuritishini ta`minlash masalalari ham yig`ilish qatnashchilarining diqqat markazida bo`ldi. 

Shu kuni Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda tashkiliy masala ko`rib chiqildi. Ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`ygani uchun Jizzax shahar hokimi Asror Qobilov o`z vazifasidan ozod etildi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning tavsiyasiga ko`ra Jizzax shahar hokimi vazifasiga Abduqahhor To`xtaev tasdiqlandi. 

Shu kunning o`zida yana bir nechta tashkiliy masalalar ko`rib chiqildi. Jumladan, ishda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklari uchun Jizzax viloyati prokurori, shuningdek, qator tuman hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va ularning o`rniga yangi nomzodlar tasdiqlandi. 

Jizzax viloyati rahbariyati zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, barcha soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo`yicha belgilangan dasturlarni hayotga izchil joriy etish va ularning samaradorligini oshirishga yo`naltirilgan dolzarb va istiqbolli chora-tadbirlar belgilash vazifasi yuklatildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!