Blinchik tayyorlashning 10 siri

12:05, 17 sentabr

1.  Blinchik xamiriga solinayotgan sut iliq holatda bo`lishi kerak. Shunda un yaxshi aralashadi. Sovuq holatda solingan sutda esa un yig`ilib qolishi mumkin.

2.  Blinchikning xamiri mayin bo`lishi uchun unni elakdan o`tkazib, 5 daqiqaga qoldiring. Kislorod bilan to`yingan un asosiy masalliqqa aralashgach, xamir sifati yaxshilanadi. 

3.  Shakar va tuz me`yorini oshirib yubormang. Agar tuz ko`payib ketsa, xamir qizarib, huddi kuyib ketgandek ko`rinishga keladi. Shakari ortib ketganida esa tovaga yopishib qolishi mumkin.

4.  Nonushtaga nachinkasiz blinchik tayyorlashni istasangiz, xamiriga pichoq uchida iste`mol sodasini qo`shing. Shunda pishirig`ingiz ko`tarilib chiqadi. 

5.  Agar blinchik tayyorlaydigan tovangiz pand berayotgan bo`lsa, quyidagi «muolaja»ni bajaring. Avval tovani sovuq suvda chaying. So`ng ichini osh tuzi bilan to`ldiring. Bir necha daqiqa olovga qo`yib qizdiring-da, tuzini to`kib tashlang. Tovani salfetka bilan artib, ozroq o`simlik yog`i bilan artib oling.

6.  Tayyor blinchiklarni laganga terib, ustidan sariyog` surtib qo`ying. Ana shu ketma-ketlikda terilgan blinchiklar juda mayin va xushxo`r bo`ladi. 

7.  Xamir suyuqligiga e`tibor bering. Agar blinchik xamiri quyuqlashib ketsa, blinchik g`ovaksimon bo`lib pishmaydi. Salgina suyuqroq xamir tayyorlasangiz, orasida mayda teshikchalari ko`p bo`ladi. 

8.  Agar tovaga quyilgan xamir joyidan qo`zg`almasa yoki olayotganingizda uzilib ketsa, masalliqlarga tuxum va un qo`shish kerak.

9.  Kecha tayyorlagan blinchikni nonushtaga isitib tortiq etmoqchi bo`lsangiz, quyidagi usuldan foydalaning. Blinchik terilgan idish ustini zar qog`oz (folga) bilan o`rab, 10 daqiqaga gaz pechiga qo`ying. 

10.  Blinchik qiymasi yopishqoq bo`lmasligi uchun qovurayotganda yarim piyola suv qo`shing. Shunda go`shti mayin chiqadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!