Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov ko`rsatildi

12:31, 17 sentabr

2016 yil 17 sentyabr kuni O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi VI plenumi bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston XDP Markaziy Kengashi a`zolari, mas`ul xodimlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a`zolari, mintaqaviy partiya kengashlari rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston halq demokratik partiyasi matbuot xizmati xabar beradi.

Plenum kun tartibiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning munosib ishtirokini ta`minlash borasidagi vazifalar, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzod ko`rsatish, O`zbekiston XDPning X qurultoyini joriy yilning 14 oktyabr kuni chaqirish va uning kun tartibi, partiya qurultoyiga vakillik me`yori va ularni saylash tartibi to`g`risidagi masalalar kiritildi.

Plenumda siyosiy partiyalar uchun yaratib berilgan keng huquq va imkoniyatlardan to`la foydalanib, partiyaning dasturiy maqsad va g`oyalari hamda uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lib o`tadigan saylovda O`zbekiston xalq demokratik partiyasining munosib ishtirokini ta`minlash borasidagi dolzarb vazifalarga alohida e`tibor qaratildi.

Kun tartibidagi asosiy masala – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish masalasi ham alohida muhokama qilindi.

Bu borada partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan O`zXDP Markaziy Kengashi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov partiyadan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiyaning Qurultoyida ko`rib chiqish uchun nomzod sifatida ko`rsatildi.

Shuningdek, Plenumda O`zbekiston XDPning X Qurultoyini chaqirish va uning kun tartibi hamda partiya Qurultoyiga vakillik me`yori va ularni saylash tartibi kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar bo`yicha partiyaviy OAV va hududiy partiya kengashlari rahbarlari oldiga tegishli vazifalar qo`yildi.

Shu bilan birga, plenum ishtirokchilari tomonidan, partiyaning saylov kampaniyasini samarali o`tkazishni ta`minlash borasida bir qator tashkiliy va mafkuraviy yo`nalishda takliflar bildirildi.

Jumladan, ishtirokchilar partiyaning O`zbekiston Respublikasi saylovlarida ishtirokini qo`llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini yig`ishni samarali tashkil etish, barcha saylov uchastkalarini partiyadan ko`rsatiladigan nomzodning saylovoldi dasturi va qonunda ko`zda tutilgan boshqa adabiyotlar bilan ta`minlashga doir qator takliflar bildirdilar.

So`zga chiqqanlar tomonidan saylovoldi targ`iboti davrida partiya tashkilotlari va faollarining samarali ish yuritishi, qonun bilan belgilangan vakolatlarni to`la ishga solgan holda, birinchi navbatda yurtimizdagi mazkur muhim siyosiy jarayonlardan aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan targ`ibot tadbirlarining sifati va samaradorligi masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Shuningdek, plenum ishtirokchilari vakolatli vakil, kuzatuvchi va ishonchli vakillarni tanlash borasida ham qator taklif va tavsiyalarni bildirishdi.

Bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O`zXDP Markaziy Kengashi VI plenumi tegishli qarorlarni qabul qildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!