Temur Olimxo`jaev: Natija ijobiy bo`lishiga qaramay, bugungi o`yindan qoniqmadim

08:48, 18 sentabr

O`zbekiston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Olimxo`jaev Tailand U-16 termasiga qarshi (5:3) Osiyo chempionati 1-turidan so`ng o`tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, o`yin haqidagi firklari bilan o`rtoqlashdi. Uning so`zlarini O`FF matbuot xizmati “Telegram”dagi sahifasi orqali keltirdi.  

– Natija ijobiy bo`lishiga qaramay, bugungi o`yindan qoniqmadim. O`yin avvalidayoq gol o`tkazib yubordik va bu o`yin uchun ishlangan rejalarni o`zgartirib yubordi. Bu birinchi uchrashuv bo`lgani sabab yigitlar biroz hayajonlandi. Ikkinchi bo`limda o`yinimiz nisbatan yaxshiroq bo`ldi. Tanaffusda yigitlarga hayajonni bosib olib, sovuqqonroq harakat qilish lozimligini ta`kidladik.

Himoyada yo`l qo`yishimiz lozim bo`lmagan xatolar qildik va shuning oqibatida uchta gol o`tkazib yubordik. Rasul Yo`doshev? U sizni hayratga solgan bo`lsada, shuni aytishim mumkinki, u bugun o`z imkoniyatlarini to`liq namoyish etmadi. U juda iqtidorli futbolchi. Bugun u o`zini 50 foizga namoyish qildi, xolos.

Yamanning o`yinini tomosha qilganim yo`q. Biz o`z o`yinimizga hozirlanayotgandik. Bu o`yinni ko`rish uchun yordamchilarimni yubordim. Ular o`yinni kuzatib borishdi. Uchrashuv videosini tomosha qilib, raqibni o`rganish uchun vaqt bo`ladi.

Keyingi o`yinlarda jamoa ancha tartibli o`yin ko`rsatishi yo`lida ish olib boramiz, – dedi O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!