Ikkinchimas, birinchi va yagona bo`ling!

10:04, 19 sentabr

Orzularni boy bermang!

Qiz bola borki, kichikligidan kelin bo`lish orzusida yashaydi. Bu maqomning qanchalik qadrli ekanligi bolaligimizdan uqtirilsa kerak-da! Avvaliga qo`g`irchoqlarimiz kelinsalom qiladi, keyin o`zimiz “kelin-kelin” o`yinlarini o`ynaymiz. To`yu tomoshaga borganimizda yal-yal yonayotgan kelinchakka havas bilan qaraymiz. Hali oila nima, baxt nima, tushunmaymiz-u, ichki bir tuyg`u bilan har bir ayol hayotidagi eng baxtli kun –  oppoq kelinlik libosini kiygan onlar ekanligini anglaymiz. Jon qizlarjon, kelinlik libosidek oppoq orzularingizga dog` tushirmang!

Yor-yor sadolari sizga ham nasib etsin!

Nega qiz bola ota uyini tark etayotganida «Yor-yor» aytishadi. Ezgu niyatlar jo bo`lgan kuy sadolari faqat xonadonda to`y bo`layotganidan dalolatmi? Yo`q! Sizga baxt tilashayapti, yillar davomida asrab-avaylab ulg`aytirgan jigarporasini yorug` yuz bilan katta hayotga yaxshi tilaklar bilan kuzatishayapti. «Sevaman! Seni kech uchratdim, xotinimda ko`nglim yo`q», deya yuragingiz laqqa tushadigan, aqlingiz esa aqli bo`lganda ishonmaydigan yolg`onlarga uchib, momomeros «Yor-yor»dan o`zingizni mosuvo qilmang!

Muhabbat deb yo`ldan adashmang! 

Sevdingiz, sevildingiz. Biroq ko`ngil qo`yganingiz taqdirning o`yinimi, ota-onasining talabimi (uning o`ziga qo`yib bersangiz, millionta bahonasi tayyor), sizga emas, o`zgasiga uylandi. Lekin xayolingizdan ketmayotganidek hayotingizni ham tark etmayapti. Qismatning bu bitigi muhabbatni yakson qilmasligi uchun «jasorat» ko`rsatmoqchi «oshig`ingiz». Ko`ngilga qarshi bormoq qiyin, tushunamiz. Bir taningizga o`ylang. Avvalo chindan sevgan inson sizni baxtli qilmoq uchun har qanday to`siqni enga olardi, ko`z ochib ko`rgani siz bo`lardingiz. Ko`zingizni oching, «Yaxshi ko`raman, boshqa yo`limiz yo`q», deb, hissiyotlarga qurbon bo`lmang!

Gap-so`zlarga qolmang!

«Odamlar bir kun gapiradi, ikki kun gapiradi, keyin…», deb kalta o`ylamang! Nima bo`lgan taqdirda ham, hech kim sizni bir sayoq erkakning tuzog`iga tushgan bechora musicha debmas, bir oila xo`jayinining boshini aylantirib olgan engiltak deb ataydi. To`xtang, hoziroq bu yo`ldan qayting, toki peshanangizga qora tamg`a bosilmasin. 

Xudbinlik qilmang!

Bir erkakning ko`ngliga yo`l topib erishgan «baxt»ingiz aslida bir ayolning baxtiga chang solishmasmi? Birinchi xotin erining zug`umidan qo`rqib, sochingizni yulmasa-da, janjal qilib sharmandangizni chiqarmasa-da, umr bo`yi sizni qarg`ab o`tishi aniq. «Kundoshlik oshni it ichmas», deydilar, birovnnig oshiga qo`l uzatib, ko`z yoshlar uvoliga qolmang.

Ota-onangiz yuziga oyoq bosmang!

Volidangiz sizni ikki olam o`rtasida turib, dunyoga keltirdi. Padaringiz «Orim shu, borim shu qizim», deya er ko`kka ishonmay ulg`aytirdi. O`tkinchi havas, bir beburdning va`dalari, muhabbat deb o`ylagan yolg`on ota-onangizning boshini el ichida egishingizga nahot arzisa? Qo`ying, bu savdoni, toki otangiz sizdan yuz o`girmasin, onangiz tilini tishlab yashamasin, aka-opa, uka-singillaringiz sizdan or qilishmasin.

Baxt deganlari butun bo`ladi. Yarim baxt — baxt emas. Yoxud kimningdir baxtini tortib olib, o`zniki qilish mumkinmas. O`z baxtingiz — juftingizni toping!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!