“Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi Qonun imzolandi

11:13, 19 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 16 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 12 avgustda qabul qilinib, 24 avgustda Senat tasdig`idan o`tgan “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi Qonunni imzoladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 16 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 12 avgustda qabul qilinib, 24 avgustda Senat tasdig`idan o`tgan “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi Qonunni imzoladi. Qonun 17 sentyabr kuni “Xalq so`zi” gazetasida e`lon qilindi.

Qonunning maqsadi O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining faoliyatini tartibga solishdan iborat.

Qonunda Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitusiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta`minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat ekanligi ko`rsatilgan.

Yangi Qonun hujjatiga ko`ra, Ichki ishlar organlari faoliyatni o`z vakolatlari doirasida quyidagi asosiy yo`nalishlar bo`yicha amalga oshiradi:

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoyat ishlari bo`yicha surishtiruv hamda dastlabki tergovni o`tkazish;
jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish, shu jumladan terrorchilik harakatlariga chek qo`yishda hamda garovga olinganlarni ozod qilishda ishtirok etish yo`li bilan kurashish, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash;
ehtiyot choralarini, jinoiy jazoni va jinoiy-huquqiy ta`sir ko`rsatishning boshqa choralarini ijro etish, shuningdek shaxslarni qidirish;
ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni yuritish, ma`muriy jazolarni qo`llash to`g`risidagi qarorlarni ijro etish;
yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash;
pasport tizimi talablarining bajarilishini ta`minlash, O`zbekiston Respublikasidan chiqish va unga kirish uchun zarur bo`lgan hujjatlarni, doimiy va vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalarni berishga hamda rasmiylashtirishga doir ishlarni, pasport tizimiga va O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishni amalga oshirish;
fuqaroviy va xizmat qurollarining hamda ular o`q-dorilarining, sanoat uchun mo`ljallangan portlovchi materiallarning, shuningdek pirotexnika buyumlarining, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning va ular prekursorlarining muomalada bo`lishi sohasida nazorat qilish;
yong`in xavfsizligini ta`minlash;
ekspert-kriminalistika faoliyatini amalga oshirish;
davlat ob`ektlarini, o`ta muhim, toifalangan ob`ektlarni va boshqa ob`ektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo`riqlash;
lisenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni  berish, shuningdek lisenziya va ruxsat etishga oid talablarga hamda shartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
harbiy-safarbarlik ishlarini va fuqaro muhofazasi tadbirlarini amalga oshirish;
qonun ijodkorligi faoliyatida hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir ishlarda ishtirok etish.

Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.

Yangi Qonunga ko`ra, Ichki ishlar organlari o`z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Ichki ishlar organi xodimi g`ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunga muvofiq javobgar bo`ladi.

Ichki ishlar organi xodimining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararning o`rni ichki ishlar organlari tomonidan byudjetdan tashqari jamg`arma mablag`lari hisobidan qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi.

Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat intizomini buzganlik uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Ichki ishlar organlarining intizom ustaviga muvofiq javobgar bo`ladi.

Qaysi jismoniy yoki yuridik shaxs o`zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga ichki ishlar organi xodimining harakatlari yoki harakatsizligi sabab bo`ldi deb hisoblasa, o`sha jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu harakatlar yoki harakatsizlik ustidan bo`ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.

Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran olti oy o`tgach kuchga kiradi.

Qonunning to`liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!