Kotlet tayyorlashning 4 usuli!

12:54, 19 sentabr

Pishloq bilan yanada mazali!
Kerak bo`ladi:
600 gr qiyma, 150 gr pishloq, bitta piyoz, bir dona tuxum, 1 choy qoshiq kartoshka kraxmali, qovurish uchun o`simlik yog`i, tuz, non talqoni. 
Qiymaga mayda to`g`ralgan piyoz, tuxum, kartoshka kraxmali va qirg`ichdan chiqarilgan pishloqni qo`shing. Tuz solib aralashtiring. So`ngra 30 daqiqa muzlatgichga qo`yasiz. Qovurishdan oldin, keraklicha shakl berib, non talqoniga bilab olsangiz kifoya. Pishloq qo`shilgani hisobiga kotletlar juda mayin va mazali bo`ladi. 

Kartoshkaligiga nima deysiz?
Kerak bo`ladi:
1 kg kartoshka, 2 dona tuxum, 2 osh qoshiq sariyog`, bitta piyoz, 100 gr qiyma, tuz, murch, qovurish uchun o`simlik yog`i. 
Archilgan kartoshkalarni tuzli suvda qaynatib, so`ng pyure ko`rinishiga keltiring. Qiymani sariyog` solingan tovada qovuring. Pyurega tuxum, tuz va murchni solib, yaxshilab aralashtiring. So`ngra qo`l kaftiga yoyib, ichiga qiymadan solasiz. Masalliqdan kotlet yasab, o`simlik yog`ida har tarafini qizartirib olsangiz kifoya. 

Gulkaramdan ham bor!
Kerak bo`ladi:
bitta o`rtacha kattalikdagi gulkaram, 2 dona tuxum, 2 osh qoshiq un, bir bog` shivit, yarim bog` ko`k piyoz, tuz, qovurish uchun o`simlik yog`i va non talqoni.
Qaynatilgan gulkaramni to`g`rab oling. Tuxum, un, tuz va to`g`ralgan ko`katlarni qo`shing. Masalliqdan kotlet yasab, non talqoniga botiring. So`ngra o`simlik yog`ida qizartirib olasiz.

Guruch va sabzi!
Kerak bo`ladi:
yarim kilogramm kartoshka, 100 gr qaynatilgan guruch, bittadan piyoz va sabzi, tuz, murch, qovurish uchun o`simlik yog`i.
Kartoshkani tuzli suvda qaynatib, so`ngra qirg`ichning yirik tishidan o`tkazing. Sabzini ham qirg`ichdan chiqarib, piyoz bilan o`simlik yog`ida qovuring. Chuqurroq idishda guruch, sabzi bilan qovurilgan piyoz, kartoshkani aralashtiring. Tuz namagini sozlang. Masalliqdan kotlet yasab, o`simlik yog`ida qizartirib olasiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!