Toshkent viloyatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

15:37, 19 sentabr

O`Zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2016−2018 yillarda Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida Qaror qabul qildi.  

Dasturda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni oshirish, yangi sanoat korxonalari quvvatlarini barpo etish, ishlayotganlarini modernizasiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, muhandislik-kommunikasiya va ishlab chiqarish infratuzilmalarini jadal rivojlantirish, xom ashyo bazasini yanada taraqqiy ettirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni ko`paytirish ko`zda tutilgan.

Jumladan, 2019 yilga qadar poytaxt viloyatida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni 33,4 foizga oshirish belgilangan.

Hujjatda Oqqo`rg`on, Bekobod, Bo`ka, Quyi Chirchiq, Parkent, Yuqori Chirchiq va Chinoz tumanlarida sanoatlashish darajasini oshirish bo`yicha topshiriq keltirib o`tilgan.

Oqqo`rg`on, Bekobod, Bo`ka, Quyi Chirchiq va Parkent tumanlarida mahalliy byudjetlarning daromat bazasini yanada kengaytirish yo`li bilan respublika byudjetidan olinadigan subvensiyalar ulushini kamaytirish bo`yicha maxsus «yo`l xaritalari"ni ishlab chiqish belgilandi.

Dasturning belgilangan muddatlarda bajarilishi uchun shaxsiy mas`uliyat Toshkent viloyati hokimligi va hududiy tuzilmalar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, yirik korxonalar, tijorat banklari rahbarlari — mas`ul bajaruvchilar zimmasiga yuklandi.

Hujjatning to`liq matni bilan Lex.uz saytida tanishish mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!