O`zbekiston yoshlari Prezident vazifa va vakolatlarini Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklanishini to`g`ri deb baholaydi

15:44, 19 sentabr

Yurtimizda istiqlol yillarida yoshlarning siyosiy, huquqiy ongini va ma`naviy salohiyatini yuksaltirish, ular orasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish va yoshlar hayotida milliy qadriyatlarning ta`sirini kuchaytirish yuzasidan keng ko`lamdagi ishlar amalga oshirilayotganligini e`tirof etgan holda, bugungi murakkab vaziyat yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishga doir yangidan-yangi vazifalarni kun tartibiga qo`yayotganligini ta`kidlash lozim.

Prezidentimizning “Bugungi kunda Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, farovon hayotga erishish, xalqaro maydonda munosib o`rin egallashdek ezgu-maqsadlarga etish yo`lida bizning tayanchimiz va suyanchimiz bo`lmish yoshlarimizga beqiyos orzu-umidlar bilan qaraymiz”, degan purma`no so`zlari doimo qalbimizda qoladi.

Yurtimiz ravnaqiga o`zimizning munosib hissamizni qo`shib boraylik. Taraqqiyot poydevori bo`lmish yoshlardan bugun har qachongidan ko`ra dadillik, tashabbuskorlik, yangicha fikrlash, zamon bilan hamnafaslik talab etiladi. Har birimiz o`z mas`uliyatimiz va imkoniyatimiz doirasida mahallamiz obodonchiligiga, muassasamiz ijodiy faoliyatiga kichik bo`lsa-da hissa qo`sha olsakkina, oldimizda turgan burchimizning bir qismini ado etgan bo`lamiz, Yurtboshimiz ishongan, orzu qilgan biz yoshlar jipslik bilan harakat qilib yurtimiz rivojiga albatta hissa qo`shamiz.

Prezidentimiz har nafasda xalqini, Vatanini manfaatini o`yladi. “Go`zal va betakrorimsan muqaddas Vatanim, jonim senga fido O`zbekistonim” shiori ostida barchamizni elimiz, yurtimiz, Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishga chorladi. Vatanimiz, xalqimiz bunday rahbarini hech qachon unutmaydi va ushbu qayg`uli kunlarda jipslashib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni bardavomligini ta`minlab, ular boshlagan ishlarni davom ettirishadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimizning birinchi Prezidentining so`nmas xotirasi mamlakatimiz tarixida va barchamizning yuragimizda abadiy saqlanib qoladi. Bizning har tomonlama etuk insonlar bo`lib ulg`ayishimiz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan Prezidentimiz Islom Karimovning o`chmas xotirasini abadiy yodimizda saqlaymiz.

Joriy yilning 8 sentyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risida o`ta muhim qaror qabul qildi.

Parlamentimiz palatalarining qo`shma qarori O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari normalariga to`la mos kelishiga qaramasdan, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet-nashrlarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash go`yo noqonuniyligi to`g`risida mutlaqo asossiz, haqiqatdan yiroq va bir yoqlama yondashilgan maqolalar paydo bo`lmoqda.

Jaxondagi notinchliklar, turli turli ofatu nizolar avj olgan notinch bir vaziyatda Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko`p yillik tajribasini, aholi o`rtasidagi hurmat-e`tiborini, malakasi va qat`iyatli salohiyatini inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni Bosh vazirimiz zimmasiga vaqtincha yuklashni biz yoshlar to`g`ri deb baholaymiz.

Alisher Ismoilov,
O`zbekiston XDP «Istiqbol» yoshlar qanoti faoli,
Navoiy nomidagi stipendiya sohibi, TDIU magistranti

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!