O`zbekistonlik Aziz Murtazaev Facebook`da ish boshladi

15:52, 19 sentabr

Qoraqalpog`iston Respublikasida tug`ilgan Aziz Murtazaev o`zi qanday qilib Facebookka ishga joylashgani haqida so`zlab berdi. Hozirda u kompaniyaning Londondagi ofisida ishlayapti. Yaqinda Aziz bilan suhbatni qozog`istonlik bloger Kuan7777 o`zining  YouTubedagi kanalida e`lon qildi, deb yozadi “Terabayt.uz”.

“Men nukus shahrida tug`ilib o`sganman. O`quvchilik yillarim shu shaharda o`tgan. Bolalikdan matematikaga qiziqqanman, shu bois turli olimpiadalarda faol ishtirok etganman. Shuningdek, ingliz tilini ham qiziqish bilan o`rganganman. Qaysi kasbni tanlash masalasi ko`ndalang bo`lganda esa, men O`zbekiston milliy universitetining iqtisodiyot fakultetiga hujjatlarimini topshirishga qaror qildim. Boshida hammasi yaxshi edi, ammo vaqt o`tishi bilan gumanitar fanlar men uchun emasligini anglab etdim. Shunday kunlarning birida, uchinchi kursda o`qib yurganimda kursdoshlarimdan biri talabalar uchun bepul dasturlash kurslari ochilayotgani haqida gap topib keldi. Biz tanlovdan o`tib, kursda o`qiy boshladik. Bir necha mashg`ulotlardan so`ng dasturlash meni boshqa fanlarga nisbatan ko`proq qiziqtirishini tushundim. Uch oylik kursdan keyin yakuniy loyihalar topshirdik. Loyihalar natijasi bo`yicha Toshkentdagi kompaniyalar talabalarni ish o`rganishga tanlab ola boshlashdi. Shunday qilib, men kompaniyalardan birida 6 oy ishladim. Bu men uchun bebaho tajriba maktabi bo`ldi. 6 oydan keyin men o`qishimni tugatdim va qaerda, kim bo`lib ishlash borasida bir qarorga keldim. Men hayotimni dasturlashsiz tasavvur eta olmasdim. Shu bois IT-kompaniyalardan birida ishlashga qaror qildim”.

“Men Toshkentda faoliyat olib boradigan Amerika kompaniyasiga ishga kirdim. U erda juda katta amaliy bilimlarga ega bo`ldim. Ammo ikki yil ishlagach, kompyuter fanlari asoslari bo`yicha nazariy bilimlarim kamligini his qila boshladim. Hujjatlarimini kompyuter fanlari mutaxassisligi bo`yicha magistraturaga topshirishga qaror qildim. Shu niyatda hujjatlarimni turli mamlakatlardagi turli universitetlarga topshirib ko`rdim. Natijada Koreyaning Adju universitetiga o`qishga kirdim. Janubiy Koreyada 5,5 yil bo`ldim. Universitetda kompyuter fanlari bo`yicha olgan bilimlarim men uchun juda muhim edi, chunki dasturlash bilan shug`ulangan davrimda bu jarayon qanday kechishini tasavvur qilardimu, ammo fundamental bilimlarim etarli emasdi. Ikki yil o`qigach, men tanlovdan o`tib Samsung Electronics jamoasiga a`zo bo`ldim. Biz Samsungning Samsung Galaxy S3I, Galaxy S6 kabi etakchi telefonlari uchun foydalanuvchi interfeyslarini yaratar edik. Samsung Electronicsda 3,5 yil ishladim. Shu paytga kelib, menga yangi tajribalar, yangi chaqiriqlar kerakligini anglay boshladim”.

“Bir kuni men bilan Facebookning rekruteri bog`landi va o`z kuchimni mazkur kompaniyada sinab ko`rishni taklif qildi. ko`pchilikka ma`lumki, Facebook dasturchilar uchun birinchi raqamli kompaniya hisoblanadi. Tabiiyki, bu taklif meni juda qiziqtirib qoldi. Men bilan uch marta suhbat o`tkazishdi, ulardan ikkitasi skayp orqali. Har biri 60 daqiqadan davom etgan suhbatlarning dastlabki 15 daqiqasida ular mendan bekgraundim, nimalar bilan shug`ullanganim, qanday tajribaga ega ekanligim haqida so`rashdi. Qolgan vaqtda esa menga algoritmik misollar berishdi. Birinchi suhbat anchayin yaxshi o`tdi, ammo ikkinchisi men kutganimdek silliq kechmadi. O`ta olamanmi, yo`qmi degan savolga aniq javob berishga qiynalardim. Ular hamma jihatlarga – mening birinchi suhbatdagi natijalarimga, shaxsiy tajribamga, Android tiziimga qanchalik qiziqishimga baho berishganini aytishdi. Shunda men ilova yaratdim va uni Google Playga joylashtirdim. Ular ko`rib chiqishdi va ilova ma`qul bo`lganini ta`kidlashdi. Meni Facebookning Kaliforniyadagi bosh ofisiga taklif etishga qaror qilishdi, hammasi: yo`lkira, mehmonxona, eb-ichish kompnaniya hisobidan edi. Bosh ofisda etakchi mutaxassislar men bilan 4 ta suhbat o`tkazishdi. Kunlarnig birida menga intervyular natijasiga ko`ra suhbatdan o`tganimni va ishga qabul qilishlarini aytishdi”.

“Facebookdan tashqari men parallel ravishda Amazon kompaniyasiga ham hujjatlarimni topshirgan edim. U erda ham barcha suhbat jarayonlaridan muvaffaqiyatli o`tdim va ish taklif etishdi. Ammo menga Facebook ko`proq ma`qul keldi. Bir yil oldin men kompaniyaning Londonlagi ofisida ish boshladim. Bu erda taxminan 800 kishi ashlaydi. Ish sharoitlari juda zo`r. Xodimlar ishining samaradorliginit oshirish uchun ofisning barcha joylariga ovqat, ichimlmklar, choy, qahva qo`yib chiqilgan – hammasi bepul. Uch mahal ovqat berishadi, ish vaqti erkin. Biz odatdagi firmalar singari soat 9 dan 18 gacha ishlamaymiz. Istalgan paytda ishga kelish, xatto uyda o`tirib ham ishlash mumkin. Chorshanba Facebookda dam olish kuni – shu kuni shaxsiy ishlar bilan shug`ullanishingiz yoki istasangiz ofisga kelib ishlashingiz mumkin. Ofisimizda o`yin zallari, dam olish xonalari bor. Boshqacha aytganda, kompaniya xodimlarni qaerda ovqatlanish, ozgina bo`sh vaqtida qaerga borib o`yinlar o`ynab kelish kabi masalalar ishdan chalg`itmasligi, ular samarali ishlashlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qiladi”.

“Endi “Facebookka ishga joylashish osonmi?” degan savolga javob bermoqchiman. Javobim shunday: mukammallikka, komillikka intilishdan to`xtamaslik kerak. Ikki yil oldin bu erda ishlashni xayolimga ham keltirmagan edim. Ammo bunga erishdim. Olti yil avval Janubiy Koreyada o`qish va Samsungdek nomdor kompniyada ishlash tushimga ham kirmagan edi. Sakkiz yil oldin dasturchi bo`lish xayolimda ham yo`q edi, iqtisodchi bo`lmoqchi edim. Ammo hammasi butunlay o`zgarib ketdi, asosiysi bilim olishdan, yangi marralarni ko`zlashdan to`xtamaslik kerak. Men nukusda tug`ilib o`sgan oddiy yigit bularning barchasini uddaladim. Siz ham bunga qodirsiz, asosiysi o`zingizga ishoning va har doim o`z ustingizda ishlang, bilim olishdan to`xtamang”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!