«Istiqlol» san`at saroyidagi kuzning eng qimmat konserti kimniki?

17:04, 19 sentabr

Toshkentdagi «Istiqlol» san`at saroyida kuzgi konsertlar mavsumi ochildi. 

Daryo.uz nashri saroy kassalarida chiptalarning narxlariga asoslangan holda konsertlar reytingini tuzdi.

Mazkur ro`yxatga ko`ra, eng qimmat konsertlar reytingidagi etakchilikni rossiyalik xonanda Valeriy Meladze qo`lga kiritdi. Uning faqat bir kun, 1 oktyabrda beradigan jonli ijrodagi konsertiga kirish uchun eng arzon chipta narxi 100 ming so`mni tashkil qilib, eng qimmati 1,2 million so`mgacha etdi.

Ro`yxatning ikkinchi pog`onasidan xonanda Jahongir Otajonov joy oldi. Uning 28—29 oktyabr kunlari bo`ladigan jonli ijrodagi konserti eng arzon chiptasi — 10 ming so`m, eng qimmati esa — 200 ming so`mdan.

Uchinchi pog`onada «Mening Toshkentim» myuzikli. 24 sentyabr kuni bo`lib o`tadigan mazkur musiqiy tomoshaning eng arzon chiptasi 8 ming so`mdan, eng qimmati esa 180 ming so`mdan sotilmoqda.

Keyingi o`rindan xonanda Botir Qodirovning 1—6 noyabr kunlari tashkil etiladigan dasturi joy oldi. Uning chiptalari narxi quyidagicha — eng arzon chipta 10 ming so`m, eng qimmat chipta esa 150 ming so`m.

Xonanda Ulug`bek Rahmatullaevning konsertiga chiptalarning eng arzoni 10 ming so`m, qimmati — 120 ming. Xonanda Bahrom Nazarovning 26—27 noyabr kunlari bo`ladigan konsertiga kirish narxi 8 ming so`mdan boshlanib, 90 ming so`mgacha etadi.

7—8-o`rinlardan «Million» qiziqchilar jamoasining hamda qiziqchi Avaz Oxunning konserti joy oldi. So`z ustalarining konsertlari uchun sotilayotgan chiptalarning eng qimmati — 80 ming so`mdan. 15—18 sentyabr kunlari bo`ladigan «Million» konsertining eng arzon chiptasi 15 ming so`m, Avaz Oxunning 17—20 noyabrdagi bo`ladigan tomoshasiga eng arzon kirish chiptasi esa 10 ming so`m.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!