Siyosiy partiyalar prezidentlik saylovida qatnashish uchun hujjatlarni taqdim qildi

18:48, 19 sentabr

2016 yilning 19 sentyabr kuni O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish maqsadida tegishli hujjatlar to`plamini taqdim qildi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.

Shu kunning o`zida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni taqdim qildi.

Ma`lumki, shu yilning 4 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`lib o`tadi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunning 24-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar.

Bunda siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e`lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olingan taqdirdagina O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatishi mumkin.

Mazkur Qonunning 24¹-moddasiga binoan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida etmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to`g`risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya ro`yxatga olinganligi ko`rsatilgan ma`lumotnomasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzod to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma`lumotnomani beradi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to`g`risida uzil-kesil qaror qabul qiladi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro`yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab markaziy matbuotda e`lon qilinadi.

 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!