O`zbekiston qilichbozlik federasiyasiga yangi rahbar tayinlandi

08:29, 20 sentabr

Milliy Olimpiya qo`mitasida O`zbekiston qilichbozlik federasiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo`lib o`tdi. Uni Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari Murod Aliev olib bordi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.

Konferensiya yig`ilishida O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi rahbarlari, murabbiylar va Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar federasiyasi rahbarlari ishtirok etishdi. Kun tartibidagi masalalar bo`yicha M.Aliev ma`lumot berdi. U o`z so`zida O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi tomonidan 2013-2016 yillar davomida Rio-2016 Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rish davrida kamchiliklarga yo`l qo`yilgani, eng avvalo murabbiylar Kengashi faoliyat yuritmaganligi, yosh iqtidorli sportchilarni saralash ishlariga etarli darajada e`tibor berilmaganligi, ayniqsa federasiya rahbariyati maqsadli vazifalar qo`ymaganligi sababli mana shunday qoniqarsiz natijalarga erishilganligini ta`kidlab o`tdi va bu masalalar tanqidiy ko`rib chiqildi.

Konferensiyada davomida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Gennadiy Pelix, rapira yo`nalishida terma jamoa katta murabbiyi Irina Vasileva, shpaga yo`nalishida terma jamoa katta murabbiyi Ruslan Kudaev, sablya yo`nalishida katta murabbiy Nurali Nosirov, yakkama-yakka kurash bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Shahrullo Mahmudovlar so`zga chiqib, mazkur sport turini mamlakatimizda yanada ommaviylashtirish, xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishish yo`lida o`z fikr mulohazalari bilan o`rtoqlashishdi.

Shuningdek, shu paytgacha qilichbozlik federasiyasini boshqarib kelgan, xizmat ko`rsatgan sport ustasi Sobir Ro`ziev so`zga chiqib bundan buyog`iga federasiya ishini yangi bosqichga olib chiqish, sportning ushbu turini yanada rivojlantirishni ta`minlash maqsadida federasiya raisligiga Bosh Vazir o`rinbosari Adxam Ikramov nomzodini ilgari surdi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu taklifni bir ovozdan qabul qilishdi va Adxam Ilxomovich Ikramov O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi raisligiga saylandi. O`z navbatida yangi rahbar Sobir Ro`zievning boy tajriba va va katta mahorat sohibi ekanligini hisobga olib uning nomzodini maslahatchi, Nodira Alimova nomzodini esa bosh kotib lavozimiga taklif etdi. Bu boradagi qaror ham bir ovozdan qabul qilinib har ikkala mutaxassis yangi lavozimlarda faoliyatlarini davom ettiradigan bo`lishdi.

Konferensiya davomida shuningdek federasiiyadagi mavjud muammo va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, qilichbozlik sport turini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, sport turini ommaviyligini oshirish, tuman, viloyat va Respublika musobaqlarini tizimli o`tkazish kabi takliflar kiritildi. O`z navbatida yaqin kelajakka federasiya oldiga katta maqsadlar qo`yildi. 2020-yilgi Tokio olimpiadasiga nafaqat lisenziyalarni qo`lga kiritish, balki sovrinli o`rinlarni egallash va medallarga sazovor bo`lish ustivor vazifa sifatida belgilandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!