Xorijga yosh bolasi bilan chiqmoqchi bo`lganlarga ayrim tavsiyalar

10:04, 20 sentabr

Xorijga yosh bolalari bilan chiqmoqchi bo`lgan shaxslarga ayrim tavsiyalarni bermoqchimiz. Bu borada amaldagi qonunchilikka eng so`ngi o`zgarish 2015 yilning 22 oktyabrida kiritildi.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 iyuldagi 200-son Qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to`lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to`g`risida”gi Nizom mazkur masala yuzasidan atfolicha ma`lumot bera oladi.

Qaerga murojaat qilish kerak?

16 yoshga to`lmagan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ya`ni bolalar va o`smirlar chet elga chiqqanida ularning ota-onalari, vasiylari (homiylari), muassasalar va tashkilotlar vakillari pasport rasmiylashtirilishi va berilishi (bola chet elda tug`ilgan holat bundan mustasno) nazarda tutilgan hollarda bolalar va o`smirlar doimiy ro`yxatdan o`tgan joyidagi Ichki ishlar vazirligining Kirish va chiqish hamda fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining hududiy bo`linmalariga murojaat qiladilar.

Fuqarolarning O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlarga chiqishida chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikerini rasmiylashtirish talab etilmaydi

Pasport ushbu hujjatlarni olish haqida iltimosnoma bergan ota-onalarga, vasiylarga (homiylarga), muassasalar va tashkilotlar vakillariga beriladi.

Kimga 10 yilga beriladi?

Pasport quyidagi amal qilish muddati bilan rasmiylashtiriladi:

tug`ilgan paytidan boshlab bir yoshga to`lgunigacha - ikki yil muddatga;

bir yoshdan o`n olti yoshga to`lgunigacha - besh yil muddatga.

Bunda pasportning amal qilish muddati fuqaroning 16 yoshidan ortiq bo`lmasligi kerak.

Istisno hollarda fuqaroning pasporti, agar respublikadan tashqariga chiqish paytida uning yoshi 15 yoshdan katta bo`lsa, o`n yil muddatga berilishi mumkin. Bunda ota-onalar, vasiylar (homiylar), muassasalar va tashkilotlar vakillari fuqaroning bir yildan ortiq muddatga chiqishi holatini (o`qish, davolanish, xalqaro sport musobaqalarida, madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish, doimiy yashash va shu kabilar) tasdiqlaydigan tegishli hujjatlarni taqdim etishlari kerak.

16 yoshga to`lmagan shaxsning pasporti amal qilish muddati tamom bo`lgandan keyin bir oy muddatdan kechikmay ma`lumotlarni yig`ish punktiga majburiy tartibda topshiriladi.

Pasport bolaning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar hisoblanadi hamda jahonning istalgan mamlakatiga chiqish uchun haqiqiydir.

Ota-onalar, vasiylar (homiylar) roziligi bilan pasportda hujjat egasi qoni guruhi va qaysi rezusga mansubligi to`g`risidagi ma`lumotlar qayd etiladi.

 

Qachon bolaga pasport berishadi?

Bolalarga pasport quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi va beriladi:

a) O`zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketilayotganda;

b) bola chet elda tug`ilganda;

v) pasportning amal qilish muddati tugaganda;

g) shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug`ilgan sanasi o`zgarganda;

d) yozuvlarda noaniqliklar va xatolar mavjudligi aniqlanganda;

e) ro`yxatdan o`tkazish (ro`yxatdan chiqarish), alohida ma`lumotlar yoki vizalar uchun mo`ljallangan sahifalari ishlatib bo`linganda;

j) pasport blanki yaroqsiz bo`lib qolganda;

z) pasport yo`qotib qo`yilganda.

Familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug`ilgan sanasi o`zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan pasport almashtirilgan hollarda ma`lumotlarni yig`ish punktiga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.

Pasportni olish kerak!

Pasportni rasmiylashtirish jarayonida bolaning millati ota-onalarning millati bo`yicha aniqlanadi, agar ota-onalar turli millatlarga mansub bo`lsalar, pasportni berishda fuqaroning millati pasportni oluvchining xohishiga ko`ra otasi yoki onasining millati bo`yicha yoziladi.

Fuqaro va ularning qonuniy vakillari pasportni ehtiyotlab saqlashi kerak.

Pasport yo`qotib qo`yilgan taqdirda fuqaro bu haqda doimiy ro`yxatdan o`tgan joyidagi ma`lumotlarni yig`ish punktiga yoki konsullik hisobiga qo`yilgan joyga darhol xabar berishi shart, ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-qoidalar bajarilgandan keyin, tegishli tartibda ularga yangi pasportni beradi.

Topilgan pasport ichki ishlar organiga yoxud xorijdagi konsullik muassasasiga topshirilishi kerak.

Pasportni olib qo`yish shuningdek garovga topshirish va boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi (istisno mavjud).

Pasportni berganlik uchun tegishli miqdorda davlat boji undiriladi. To`liq davlat qaramog`ida bo`lgan shaxslar davlat boji to`lashdan ozod qilinadi.

Chet elga chiqish uchun qanday hujjatlar kerak?

Xorijga vaqtincha chiqishga stikerni rasmiylashtirish uchun ma`lumotlarni yig`ish punktiga quyidagi hujjatlar topshiriladi:

a) belgilangan shakldagi ariza-anketa;

b) ushbu muassasa yoki tashkilot orqali chiqilgan taqdirda muassasa yoki tashkilotning belgilangan namunadagi buyurtmanomasi;

v) pasport;

g) tug`ilganlik haqida guvohnoma;

d) 35 x 45 mm o`lchamli 4 ta fotosurat;

e) O`zbekiston Respublikasi hududida birga yashaydigan ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxsning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi;

j) fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxsga hamrohlik qilayotgan shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati;

z) davlat boji yoki konsullik yig`imlari va boshqa yig`imlar to`langanligi to`g`risida kvitansiya.

Necha yoshdan chet elga bemalol?

Fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs ota-onalardan biri bilan xorijga vaqtincha chiqayotganda ota-onalardan ikkinchisining roziligi talab qilinmaydi.

15 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan fuqarolar ota-onalari, vasiylari (homiylari)ning voyaga etmagan shaxsning mustaqil ravishda chet elga chiqishi uchun notarial tasdiqlangan roziligi mavjud bo`lgan taqdirda xorijga hamrohlarsiz chiqishlari mumkin.

Stiker 2 yil muddatga beriladi!

Fuqaroning xorijga vaqtincha chiqishiga ruxsatnomani rasmiylashtirish to`g`risidagi murojaati qondirilganda uning pasportiga ikki yil muddatga amal qiladigan stiker yopishtiriladi. Stikerning amal qilish muddati tugagach pasportga ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda amal qilish muddati ikki yil bo`lgan yangi stiker yopishtiriladi. Bunda stikerning amal qilish muddati tegishli pasportning amal qilish muddatidan ortiq bo`lmasligi kerak.

Bolaning pasporti garovga berilmaydi

Qonun hujjatlarida quyidagilar uchun javobgarlik belgilanadi:

pasportning amal qilish muddati tamom bo`lgandan keyin ularni o`z vaqtida topshirmaslik;

pasportni ataylab yaroqsizlantirish, shuningdek pasport yo`qolishiga sabab bo`lgan - ularni ehtiyot qilib saqlamaslik;

16 yoshga to`lmagan shaxslarning pasportidan g`arazli maqsadlarda foydalanish, so`ngra ularni yo`qotib qo`yganlik to`g`risida ariza berish, shuningdek boshqa shaxslarga tegishli bo`lgan pasportdan foydalanish;

fuqarodan va fuqaroligi bo`lmagan shaxsdan pasportni noqonuniy olib qo`yish yoki ularni garov sifatida qabul qilish;

16 yoshga to`lmagan shaxslarning pasportini g`arazli yoki boshqa tuban maqsadlarda egallab olish, xuddi shuningdek ularni yo`q qilish, yaroqsizlantirish, yashirish.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!