Toshkentning “Yakkasaroy” jome masjidi yangi binosi foydalanishga topshirildi (Foto)

10:39, 20 sentabr

Yangi masjid binosida ilk juma namozi ado etildi.

16 sentyabr kuni "Yakkasaroy" jome masjidining qayta qurilgan binosining ochilishi bo`lib o`tdi. Toshkent shahridagi qariyb 100 yillik tarixga ega “Yakkasaroy” jome masjidi o`rniga ming nafar namozxonga mo`ljallagan katta jomei barpo etildi. 23 metrga bo`y cho`zgan gumbazli xonaqoh devorlari, mehrob o`ziga xos naqshlar bilan bezatilgan. Mohir xattotlar tomonidan mehrob usti va devoriga Qur`oni karim oyatlaridan hamda hadisi shariflarda vorid bo`lgan duolar muhrlangan. Xonaqoh yonida 150 kishiga mo`ljallangan kichik xonaqoh ham barpo etilgan. Bino gumbazining tashqari tomondan balandligi yuqorisidagi oy ramzi bo`yi bilan 28 metrga, minoraning balandligi esa 31.5 metrni tashkil etadi. Xonaqohga uchta sharqona uslubda ko`tarilgan arka orqali kiriladi.

Tahoratxona binosi ham sharqona uslubda bezatilgan bo`lib, bobolarimizning suv ishlatish borasidagi purhikmat baytlari yozilgan. Shuningdek, masjid hovlisida namoz saflari to`g`ri olinishiga yordam beruvchi chiziqlar yotqizilgan.

Qur`oni karimda bunday deyiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o`qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo`rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o`shalar hidoyat topuvchilardan bo`lishlari mumkin” (Tavba, 18). Demak, masjidlarni obod qilish, ularni ta`mirlash yuksak imon va mustahkam e`tiqod ko`rinishidir. Shukrlar bo`lsinki, istiqlol yillarida bu kabi xayrli ishlar ko`plab amalga oshirilmoqda. “Yakkasaroy” jome masjidi xalqimizga xos bo`lgan azaliy an`ana  hashar yo`li bilan qurib bitkazildi.

O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bu xayrli ishda ishda ko`makchi bo`lgan barcha insonlarga o`z minnatdorchlik bildirdilar. Shundan so`ng Muftiy hazratlari mav`iza qildi va juma namozini o`qib berdi.

Muftiy hazratlari istiqlol yillarida qilingan buyuk ishlar haqida so`zlar ekan, talabalik yillaridagi shu masjid bilan bog`liq ibratli voqealarni esga oldi. Xayr-saxovatning fazilati va Allohning baytiga xizmat qilishdek baxt nasib etganiga shukr bildirdi. Masjid qurilishida ishtirok etgan barcha hasharchilarga va shu kabi xayrli ishlarda doimo bosh-qosh bo`lgan O`zbekistonning birinchi Prezidenti marhum Islom Karimov haqiga xayrli duolar qildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!