Partiyalar saylovda ishtirok etish uchun hujjatlar taqdim qildi

11:08, 20 sentabr

Shu yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qonun hujjatlari hamda Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.

Xususan, siyosiy partiyalar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli tartibda murojaat qilishmoqda.

Shu yilning 20 sentyabr kuni O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakillari Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to`g`risida partiyalar rahbarlari tomonidan imzolangan arizalari, Adliya vazirligining siyosiy partiyalar ro`yxatga olinganligi ko`rsatilgan ma`lumotnomalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzodlar to`g`risidagi ma`lumotlarini taqdim etdilar.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasida Komissiya a`zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o`tkazilgan tadbirda Prezident saylovi demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi, xalqning xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shakli hisoblanishi ta`kidlandi.

Shu kunning o`zida O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi vakillari Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish maqsadida murojaat qilib, tegishli hujjatlarni taqdim etdi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma`lumotnomalarni berdi.

- Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to`g`risida uzil-kesil qaror qabul qiladi, — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisining o`rinbosari K.Adilov. — Amaldagi qonunchilikka muvofiq saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro`yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab markaziy matbuotda e`lon qilinadi.

 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!