Tug`ruqxona mashmashalari. Suyunchini suyunib beraylik!

12:56, 20 sentabr

Tug`ruqxona — jamiyat uchun eng muhim muassasa. Bu erda shifokoru doyalar yordamida yangi hayot yaraladi, yangi avlod dunyoga keladi. Tug`ruqxonadagi sharoit, undagi xodimlar malakasi, muomalasiga qarab, tibbiyot sohasiga baho berish  mumkin. Bu yil mamlakatimizda «Sog`lom ona va bola yili» deb e`lon qilindi, demak, aynan ona va bola salomatligi uchun bevosita aloqador bo`lgan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga, ulardagi mutaxassis xodimlarning tajriba va malakasini yanada oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar uzviy davom ettiriladi. Lekin faqat odamlarning, jamiyatning o`ziga bog`liq bir jihat ham borki, uni tartibga solmay turib, bu illatlarga qarshi kurashmay turib, nafaqat tibbiyot, balki barcha sohalarda ham katta ijobiy o`zgarishlarga erishish qiyin. Bu tamagirlik, manfaatparastlik, poraxo`rlikdir. El-yurt ichida ko`p muhokama qilinadigan «tug`ruqxona mashmashasi»ga e`tibor qaratdik. Ona farzandini dunyoga keltirish uchun chindan ham hammaga qistir-qistir qilishga majburmi?

«Hech kim hech narsa ta`ma qilmadi!»

Dildora Vohidova, ona bo`lganiga  bir hafta bo`lgan: — Ming shukr, tug`ruqxonadan uyga ham kelib oldik. Shahar markazida joylashgan, hamma bir ovozdan maqtagan tug`ruqxonada ko`zim yoridi. Sharoitlari juda yaxshi ekan, ozoda, issiq, zamonaviy. Menda kesarcha kesish amaliyoti o`tkazish avvaldan belgilangani uchun shifokorni ham ancha oldin kelishib qo`ygandik. O`sha kungi navbatchi shifokorlar ham, o`zim istagan ginekolog ham yonimda bo`lishdi. Ba`zi dugonalarim «Pulini oldindan berib qo`ysang, senga yaxshi qarashadi», deyishgandi. O`zim gaplashgan shifokorni-ku, turmush o`rtog`im rozi qildi, lekin qolganlar menga hech bir manfaatsiz yordam ko`rsatishdi. Birov «Menga mana buncha pul berasan» degani yo`q, suyunchi berdik, xolos. Menimcha, kechasi uyqudan qolib bolangizni ko`tarib, tagini tozalab, o`zingizni yuvintirib, kiyintirib qo`yadigan tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildirishning yomon tomoni yo`q!

«Bir-ikki so`m qistirmasangiz, qiyo ham boqishmaydi»

Baxtiyor Bozorov: — Rafiqam ikki qizdan keyin o`g`il tug`di. Shuning uchunmi, o`sha kuni bor pulimni ginekologdan tortib sanitarlargacha tarqatib yuboribman. Xotinim esa tug`ruqdan keyin rosa qiynalganini, har kungi ertalabki ko`rikdan so`ng kechgacha hech kim kelib xabar olmaganini aytaverdi. So`ng chilla bo`limidagi shifokor bilan yana alohida gaplashib, cho`ntagiga pul solib qo`ydim. Shundan keyin munosabat o`zgarib, hamshiralar ham tez-tez xabar oladigan bo`lishibdi. Xotinim va o`g`limni tug`ruqxonadan olib chiqish uchun mashina buyurtirdim, video chaqirdim, fotograf yolladim. Rafiqam yalingan paytda har xil bahona qilgan hamshiralar suyunchi pul umidida yuklarni tashish, bolani kiyintirish uchun yugurib qolishganini ko`rsangiz edi. Tug`ruqxonadan chiqayotganda ona va bolaning shifokorlari kasallik tarixidan ko`chirma yozib berishadi, o`sha qog`ozlar uchun ham belgilangan pulni berdim. Xullas, xarajat ustiga xarajat bo`ldi. Erkaklar, tug`ruqxonaga belni baquvvat qilib boravering! 

«Qon o`rniga pul bermang?!»

Olim Rifqatov: — Xotinim hech qanday qon yo`qotmasdan, tabiiy tug`ruq yo`li bilan ona bo`ldi. Shunday bo`lsa ham, ota sifatida tug`ruqxonaning qon zahirasini ko`paytirish uchun qon topshirib kelishim kerakligini, aks holda pulini berishim mumkinligini aytishdi. Avval shu o`n besh chaqa pulini bersam, qutulaman, deb o`yladim. Negaki qon topshiradigan joy shaharning boshqa burchagida, buning ustiga, ishim ko`p edi. Keyin gazetangizda bemor bolalarga san`atkorlar qon topshirib, odamlarni shu ishga targ`ib qilganlarini o`qiganim yodimga tushdi. Buni qilishga majbur bo`lmasam-da, borib, topshirib keldim. Ko`pincha, pul so`rashyapti deb noliymiz, lekin o`zimiz insoniylik burchimizni bajarishdan bosh tortamiz.

«Suyunchimi yo pora?»

Sharifa Rahimjonova: — Suyunchi berish kerak, minnatdorchilik bildirish kerak, deymiz-ku, ammo uning chegarasi qaerda? Suyunchi bilan porani, rozi bo`lib berish bilan og`rinib berganning farqi bor! Kelinim yaqinda farzandli bo`ldi, «Shifokorni avvaldan gaplashib qo`ysak, yaxshi qaraydi» dedi, homilador bo`lgani uchun ko`nglini og`ritmay deb, rozi bo`ldim. Aslida, ona va bola salomatligi uchun mas`ul bo`lgan shifokorlar hammaga birdek munosabatda bo`lishi kerak-ku! Kelinimni kechasi to`lg`oq tutib, tug`ruqxonaga bordik. O`zimiz gaplashgan shifokor etib kelguncha, navbatchi xodimlar yordamida ko`zi yoridi. O`g`lim gaplashilgan shifokorga suyunchi pul bersa, «Bu pulni sanitarka bilan hamshiraga bersangiz arziydi», deb qaytaribdi. Uning bu gapini to`g`ri ma`noda tushunib, pulni qaytarib olayotganda, shifokor «Hozir bitta tug`ish stavkasi mana shuncha», deb o`zining kechasi uyqudan qolib, ishga kelganini pesh qilibdi. Palon yuz ming so`m so`rabdi. Mana shunday yulg`ichlikni suyunchi yoki rozi qilish deb atash to`g`rimi?

«Xuddi osmon qo`lidadek...»

Aziza Qodirova: — Yaqinlarim uzoqqa borib qiynalishmasin, deb o`zimizning tumanimiz tug`ruqxonasiga bordim. Shukr, tug`ruq jarayoni yaxshi o`tdi, shifokorlarga o`zimiz qancha xohlasak, shuncha berdik. Biroq u erdagi tartib menga umuman yoqmadi. Shifokorlar ketganidan keyin eshikbonga uch-to`rt so`m qistirsang, chaqaloqni ko`rgani kiritadi, tug`ruqxona keldi-ketdi makoniga aylanadi. Bir hafta ichida bitta sanitarka ikki marta navbatchilikka turdi, nuqul o`sha xotin navbatchi bo`lsa, soat 23 dan keyin hojatxona eshigini qulflab qo`yadi: ertalab tozalik bekasi kelib tekshirib olmagunigacha, hojatxona  toza turishi kerak emish. Farosatsiz onalar iflos qilar emish. Uning gapidan jon-ponim chiqib ketdi. «Siz ham ona bo`lgansiz-ku, bolasini xonadagi sherigiga qoldirib, 50 qadam erga bazo`r borib kelayotgan onalarga rahmingiz kelmaydimi, agar yana shunaqa qilsangiz, bosh vrachga kiraman», deb urishishimga to`g`ri keldi.  «Mening yoshim katta, mushtdek bo`lib olib aql o`rgatmang», deb ishlab charchab qolayotganini pesh qilayotgan xodim nega nafaqaga chiqmaydi? 

«Hamma gap o`zimizda!»

Lobar Anorqulova: — Dugonalarim aytishicha, tug`ruqxonada pul emas, tanish-bilishing borligi ko`p narsani hal qiladi. Kimningdir nomini aytib kelsang, yoki o`sha tug`ruqxonada tanish xodiming bo`lsa, nisbatan yaxshiroq muomala qilishadi. Bilmadim, men buni sezmadim. To`lg`oq tutganda bordim, barcha tibbiy yordamni ko`rsatishdi. Birov pul so`ragani yo`q, arzimagan suyunchi berdim, xolos. Bolamga ham, o`zimga ham yaxshi qarashdi. Qish bo`lsa ham, xonalar issiq, yorug`. Chaqalog`imning qorni og`rib bir kecha umuman uxlamadi. Mehribon hamshira  «Siz uxlab, damingizni oling», deb menga ko`mak berdi. Birinchi farzandimni xorijda dunyoga keltirganman, u erda tug`ruqxona to`lovlari kattaligidan turmush o`rtog`im ikkimiz juda qiynalganmiz. Bizdagi muomala, sharoit, tibbiy yordam beminnat va bepul. Bir-ikki xodimning tamagirligi deb shu tizimda ishlayotgan, minglab fidoyi, halol tibbiyot xodimlarini yomonotliqqa chiqarishga haqqimiz yo`q.

Fikrlarni o`qib turib, shu xulosaga keldik: bergan o`zimiz-u, olganni yomonlaymiz, o`rgatgan o`zimiz-u, o`rganganga insof so`raymiz. Bitta tug`ruqqa o`rtacha maosh pulimizni sochib kelayotgan ham, shifoxona, hatto chillaxona ichki tartibiga amal qilmay, chaqaloqni ko`ray deb hovliqib, onalar tinchini buzayotgan ham o`zimiz. Har bir vaziyatga echim yoki mulohaza bildirib o`tirmadik, «Bizda tug`ruq bepul!» degan huquqiy asosning o`ziyoq barcha savolga (chaqaloq uchun beriladigan vaqtinchalik ozuqadan tortib tibbiy qo`lqopgacha bepul, shu va boshqa birlamchi zaruriy ashyolar, dori vositalari bilan tug`ruqxonalar davlat tomonidan ta`minlangan! Donorlikka ham hech kim majburlay olmaydi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining 1003 ishonch telefoniga murojaat qilishdan erinmang) javob bo`la oladi. Huquqingizni bilsangiz, hamma sohada ham mutasaddi yoki ma`sul xodimlar bilan shu huquq doirasida gaplashsangiz bas. O`z xizmat vazifasiga panja orasidan qarab, muammolar zanjiriga yana bitta halqa qo`shmang, sizning ham nuqtai nazaringiz, huquqiy savodxonligingiz borligini bildirib qo`ying! Yodingizda bo`lsin, jamoatchilik nazorati, ochiq fuqarolik jamiyati har birimizning sa`y-harakatimiz orqali shakllanadi. 

Aziza QURBONOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!