VV kremlar – tonal vositaning 4 siri

15:01, 20 sentabr

Kosmetika vositalari sotiladigan do`konni aylanish ayol kishiga o`zgacha zavq bag`ishlaydi. Shunday emasmi? Ayniqsa, go`zallik borasidagi yangiliklardan xabardor bo`lish juda maroqli. Agar rastalarda ko`zingiz BB yozuvli kremga tushsa, ajablanib yurmang. Bu hozirgi kunda urfga aylanib borayotgan vositalardan biri hisoblanadi. Xo`sh, uning boshqa safdoshlaridan ustunligi nimada?  Savollarimizga javob topish maqsadida kosmetolog Mahbuba MAMANOVAga yuzlandik. 

BB cream nima o`zi? 
O`sha, qadog`iga katta qilib «BB cream» deb yozib qo`yilgan vositadan xuddi tonal kremga o`xshab, pardozingizga asos sifatida foydalanasiz. Qadoqdagi VV qisqartmasi esa «Blemish Balm Cream», ya`ni nuqsonlarni yashiruvchi malham degani bo`lib, yuzdagi kamchiliklarni silliqlash xususiyati tufayli uni hatto «fotoshop krem» deb ham aytishadi. Agar shu kungacha teringizga mos tonal kremni topolmay qiynalib yurgan bo`lsangiz, VV kremlarda bunday muammoga duch kelmaysiz. Ular asosan to`rt rangda bo`lib, teri rangiga moslashish xususiyati tufayli ortiqcha muammo tug`dirmaydi. Shuningdek, agar tonal kremlar faqat kamchiliklarni niqoblagan bo`lsa, VV kremlar yuz terisini yumshatadi, oqartiradi, ulttrabinafsha nurlardan himoyalaydi va albatta, teridagi dog`, qizarish, sho`ralash kabi noxushliklarni berkitadi.    

Qanday tanlanadi?
Dunyodagi eng yaxshi VV krem teringizga ideal darajada mos kelgani hisoblanadi. Bu kabisini topish uchun esa bir qancha tajribalar o`tkazishga to`g`ri kelishi mumkin. Sizga maslahat sifatida shuni aytishimiz mumkinki, bugungi kunda sharqiy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarilgan VV kremlar mutaxassislar e`tirofiga sazovor bo`lmoqda. 

Foydalanish 
VV kremlarni ham huddi tonal asos singari toza yuzga oz-ozdan surtib, so`ng uqalash chiziqlari bo`ylab teng taqsimlab chiqiladi. Ha, aytgandek, mashxur stilistlar vosita ancha quyuq bo`lgani uchun uni barmoqlar yordamida surtishni ta`kidlashmoqda. Chunki qo`l taftidan chiqayotgan issiqlik ta`sirida krem biroz suyulib, foydalanish ancha oson kechadi. Yuzga surtganingizdan keyin rangi rangingizga tushmay notabiiy ko`rinish xosil qilsa, hafsalangiz pir bo`lmasin, vositaning chinnakam mo``jizasini tahminan 10 daqiqalardan keyin ko`rishingiz mumkin bo`ladi. VV kremlarning yana bir afzalligi shundaki, undan keyin upa yoki qo`shimcha vositalardan foydalanish shart emas. Yog`li teri sohibalari esa yuzlari yaltirab ko`rinmasligi uchun upadan foydalansalar ham bo`ladi. 

Pardozni yuvish 
Krem ancha quyuq bo`lgani tufayli yuzdagi teshikchalarga kirib qolishi mumkin. Shu sababdan makiyajni yuvishga alohida e`tibor qaratish lozim. Buning uchun esa maxsus vosita – gidrofil moyi ishlab chiqilgan. Agar qo`l ostingizda gidrofil moyi bo`lmasa, avval kosmetik sut yordamida, so`ng gel yoki kosmetik ko`pik bilan, undan keyin esa tonik yordamida yuzni pardoz vositalaridan tozalab oling.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!