O`zbekistonda “ICTWEEK Uzbekistan – 2016” axborot-kommunikasiya texnologiyalari haftaligi boshlandi

15:22, 20 sentabr

Haftalik O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo`mitasi, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi. 

Tadbir doirasida 21-23 sentyabr kunlari Toshkent va Namangan shaharlarida an`anaviy “ICTExpo – 2016” axborot-kommunikasiya texnologiyalari milliy ko`rgazmasi bo`lib o`tadi. Unda axborot xizmatlari bozorida taqdim etilayotgan eng zamonaviy tizim va texnologiyalar namoyish etiladi. 

Haftalikning muhim voqealaridan biri bo`lgan “ICT Forum – 2016”da axborot texnologiyalari va kommunikasiyalar sohasini yanada rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari muhokama etiladi. Joriy yilda mazkur forumda axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi etakchi kompaniyalar vakillari, ekspertlar va xorijiy mutaxassislar – jami 800 dan ziyod kishi ishtirok etadi. Unda mavzuga oid 8 yo`nalishda 100 ortiq ma`ruza taqdim etiladi. 

Axborot-kommunikasiya texnologiyalari haftaligi doirasida talaba va o`quvchilar o`rtasida o`tkazilgan “BestSoft Challenge – 2016” dasturchilar tanlovi g`oliblari ham taqdirlanadi. Yoshlar ijod saroyida esa “Intellect2All” tanlovining mamlakat bosqichi bo`lib o`tadi. 

Farg`ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va poytaxtimiz jamoalari tanlovning 30 million so`mlik mukofot jamg`armasiga sazovor bo`lish uchun o`zaro bahslashadi. 

Shuningdek, axborot xavfsizligi bo`yicha O`zbekistonda dastlabki “Cyber Security Challenge Uzbekitan” musobaqasi ham bo`lib o`tadi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o`tgan 97 nafar final ishtirokchisi steganografiya, kriptografiya, veb-bog`lanish va dasturiy ta`minot bilan bog`liq murakkab texnik vazifalarni bajaradi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talabalarga nafaqat laboratoriya mashg`ulotlarini o`tkazish, balki ilmiy ishlarni bajarish imkonini beradigan Huawei kompaniyasi laboratoriyasining ochilish marosimi o`tkaziladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!