Paralimpiyachilarimiz Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi(Foto)

10:03, 21 sentabr

Bugun, 21 sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida O`zbekiston Paralimpiya terma jamoasini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi.

“Olamsport” nashrining xabar berishicha, paralimpiyachilarimiz joy olgan samolyot tonggi soat 06.15da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo`ndi. Paralimpiya terma jamoamiz ham xuddi Olimpiadada ishtirok etgan sportchilarimiz singari katta tantana bilan kutib olindi.

E`tiborlisi, tantanali marosimda aynan Rioda o`tgan Olimpiya o`yinlarida sovrindor bo`lgan sportchilarimiz ham hozir bo`lishdi. Ular orasida Ruslan Nuriddinov, bokschilarimiz Hasanboy Do`smatov, Murodjon Ahmadaliev, Shahram G`iyosov, Rustam To`laganov, kurashchimiz Ixtiyor Navro`zov va boshqa chempion va sovrindorlarni ko`rishimiz mumkin edi.  

Shuningdek, kutib olish marosimiga san`at olami vakillari ham tashrif buyurishdi. Sport va san`at uyg`unligini shundan ham ko`rish mumkin. 

Eslatib o`tamiz, to`rt yillikning eng nufuzli musobaqasida 5ta sport turida 32 nafar sportchi bilan ishtirok etgan paralimpiyachilarimiz yakunda tarixiy natijani qayd etishgandi. Ana shu 32 nafar sportchimiz musobaqada jami 31ta medalni qo`lga kiritgan edi.

Medallardan 8tasining oltin ekanligi har birimizga faxru iftixor baxsh etadi. Shuningdek, terma jamoamiz hisobida yana 6ta kumush hamda 17ta bronza medali ham bor. Yakunda paralimpiyachilarimiz 16-o`rinni egallashgandi.

Ushbu natijasi evaziga O`zbekiston terma jamoasi Osiyo qit`asida umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallagan Xitoydan so`ng ikkinchi pog`onani band etdi. Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlari orasida esa Ukrainadan so`ng ikkinchi o`rinni egalladik. Ukraina umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!