Olti yillik “qochoq” huquq-tartibot idoralari tomonidan qo`lga olindi

11:41, 21 sentabr

Yurtimizda yoshlarimizning bilim olishi, kasb-hunar o`rganishi, o`z kuch va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ammo, ana shunday imkoniyatlardan foydalanish o`rniga turli qing`ir yo`llarga kirib, o`z boshiga balo orttirayotgan yoshlarimizning borligi ko`ngilda g`ashlik uyg`otadi. 

1991 yilda Surxondaryo viloyatininig Sariosiyo tumanida tug`ilgan Mansur Shukurov ham ana shunday yoshlardan biri bo`lib chiqdi. Aslida hayotda to`g`ri yo`lni topa olmagani uchun faqat ugina emas, otasi ham aybdor. Gap shundaki, uning otasi Jumanazar Shukurov o`g`liga to`g`ri tarbiya berish halolu haromni farqlash o`rniga uni jinoyat ko`chasiga boshlaganini qanday tushunish mumkin?

Aslida bu voqea ancha avval 2009 yilning sentyabr oyida yuz bergandi. Jumanazar Shukurovning o`zi Tojikistondan Respublikasidan giyohvand moddalar olib kelib, mamlakatimiz hududida sotib yurgani etmagandek, bu ishga endigina o`n sakkizga kirgan o`g`li Mansurni ham jalb qildi. 

Ota-bola Panji Yakubov, Begzod Hayitqulov singari sheriklari bilan chegaradan olib o`tib kelishgan 200 gramm “geroin”ni pullash payiga tushishadi. Rejaga muvofiq, bu “yuk” jinoiy to`daning a`zosi Abajan Atabaev yordamida Toshkentga olib ketilishi, u erdan yana bir sherik Samandar Matkarimov hamrohligida Nukusga yuborilishi lozim edi. 

Albatta, Surxondaryodan Toshkentga borguncha bir qancha postlardan o`tishga to`g`ri keladi. Buning uchun “yuk” o`ta ustalik bilan berkitilishi lozim. Shunday yashirish kerakki, uning qaerdagi hatto huquq-tartibot xodimlarining ham xayoliga kelmasin.

Ular birgalashib chora topishdi. “Og`u”ni nonning ichiga berkitmoqchi bo`lishdi. Axir nima  ekani shundoq ko`rinib turgan nonni sindirib ko`rish  kimning xayoliga keladi, deysiz?

Xullas Mansur bilan Abajan eson-omon Toshkentga etib borishdi. Vazifasidagi “mas`uliyat”dan qutilgan Mansur elkasidan tog` qulagandek engil tortib, o`z yo`liga ravona bo`ldi. 

Abajan Atabaev Toshkentda “xalqa”ning keyingi a`zosi Samandar Matkarimovni  qidirib topdi. “Og`u” joylashgan nonni Nukusga yuborish uchun mashina ham topildi. Abajan bilan Samandar “Pochta”ni 90 N 790 AA raqamli “Neksiya” haydovchisiga topshirishdi. Ular haydovchiga yo`l pulini berib endi ketmoqchi bo`lib turishganda, qaerdandir huquq-tartibot idoralari vakilari paydo bo`lishdi va mashinadagi yukni tekshirmoqchi bo`lishdi. Natija esa ma`lum! Bu ishga aloqadorlarning barchasi jinoiy javobgarlikka tortildi, hatto Mansurinng yaqinlari ham. 

Biroq, ushbu holat yuzasidan tergov ishlari boshlangan paytda Mansur kaltakning bir uchi o`zining ham boshida sinishidan cho`chib, pana-pastqamdan yashirinib yurgandi. Ammo, “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” deb bejiz aytishmagan. Mansur ham olti yillik “qochoqlik”dan so`ng huquq-tartibot idoralari tomonidan qo`lga olindi. 

Qonun baribir o`z so`zini aytdi: Jinoyat ishlari bo`yicha Termiz shahar sudining hukmiga binoan Mansur Jumanazar o`g`li Shukurov jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, 12 yil muddatda ozodlikdan mahrum etildi. 

12 yil yo`l qo`ygan xatolari, bosgan nojo`ya qadamlaridan to`g`ri xulosa chiqarish uchun Mansurga etarli muddat bo`lsa kerak. Yana kim biladi deysiz?

Sohib Ixtiyor

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!