O`zbekiston sayyohlik salohiyati Fransiyada namoyish etilmoqda

11:55, 21 sentabr

Fransiya poytaxti Parij shahrida 20 sentyabr kuni “IFTM Top Resa – 2016” xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi ochildi. Unda O`zbekiston turistik salohiyati keng namoyish etilmoqda. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimizda ichki va xalqaro turizm tobora kengayib, sayyohlik olamining yangi-yangi yo`nalishlari kashf etildi. Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, o`zbekona mehmondo`stlik, zamonaviy turizm infratuzilmasi va dam olish maskanlarida yo`lga qo`yilgan yuksak sifatli xizmatlar sayyohlarni o`ziga jalb qilmoqda. 

“IFTM Top Resa” dunyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro ko`rgazmalardan. Ma`lumotlarga qaraganda, bu yil mazkur ko`rgazmada AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Braziliya, Rossiya, Belarus, Vetnam, Hindiston, Isroil, Eron va boshqa mamlakatlardan bir yarim mingdan ziyod sayyohlik firma va kompaniyasi o`z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko`rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo`nalishlarini o`zida mujassam etgan. 

Parijdagi “Porte de Versailles” ko`rgazmalar majmuida o`tkazilayotgan nufuzli turizm forumidan joy olgan “O`zbekiston” milliy stendi o`ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko`rgazma ishtirokchilari e`tiborini tortmoqda. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalari, xalqimizning milliy an`ana va qadriyatlari aks etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma`lumotlar, xalq hunarmandligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otmoqda. 

“IFTM Top Resa – 2016” xalqaro ko`rgazmasi jahon jamoatchiligini mamlakatimiz sayyohlik sanoati imkoniyatlari bilan keng tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan o`zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ikki va ko`p tomonlama manfaatli shartnomalar tuzish, turistik biznes rivojining tendensiyalarini aniqlash, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar va o`zgarishlar bilan yaqindan tanishish, bu borada o`zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi. 

“O`zbekturizm” milliy kompaniyasidan ma`lum qilishlaricha, O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati mavzusida taqdimot o`tkazilgan. Tadbirda ikki mamlakat turistik tashkilotlari o`rtasida bitimlar imzolangan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!