"Darakchi" oshxonasidan kechki taom uchun reseptlar

15:16, 21 sentabr

Olmali keks
Mazasiga kafolat beramiz!

Zarur masalliqlar (16 kishilik): xamiriga: 175 gr. un, 150 gr. shakar, 4 dona tuxum, 2 ta olma, 4 osh qoshiq non talqoni, 3 osh qoshiq namlangan mayiz, 1 osh qoshiq asal, 2 choy qoshiq yumshatgich (razrxlitel), 1 choy qoshiq dolchin. Glazuriga: 100 gr. qand upasi, 3 osh qoshiq maydalangan bodom, 2 osh qoshiq limon sharbati, yarim osh qoshiq asal.

Tayyorlanishi: 1. Olmalarni po`stidan tozalab, qirg`ichdan o`tkazing-da, non talqoni qo`shing. Tuxumning sarig`ini oqidan ajratib, shakar va asal bilan ko`pirtiring. Un, dolchin va yumshatgichni aralashtiring. Keyin tuxum sarig`ili aralashmani qo`shib, mayizni ham soling. Aralashmaga ko`pirtirilgan tuxum oqini qo`shib, xamir tayyorlang. Xamirni yog`langan, non talqoni sepilgan qolipga solib, 35 daqiqaga 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo`ying.

2. Qand upasini limon sharbati bilan aralashtiring. Asalni ham qo`shib, glazur tayyorlang. Keks ustiga glazurni surtib, maydalangan bodom mag`zi seping. Keksni 1 soat gaz pechining o`zida sovuting.
Tayyorlanish vaqti: 2 soat.

«Fantaziya» salati
Ortiqcha vaqt va masalliq talab qilmaydi!

Zarur masalliqlar (4 kishilik): 200 gr. kolbasa, yarim stakan smetana, 1 tadan qizil va yashil bulg`or qalampiri, 1 bosh piyoz, 2 bo`lak sarimsoq piyoz, 1 osh qoshiq uzum sirkasi, ko`k piyoz, qizil murch, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Bulg`or qalampiri va kolbasani somoncha, piyozni halqa shaklida to`g`rang. Sarimsoq piyozni ezib, masalliqlarni aralashtiring.
2. Smetanani sirka, tuz va murch bilan aralashtirib, sous tayyorlang.
3. Sousni salatga solib, maydalangan ko`k piyoz sepib, dasturxonga torting.
Tayyorlanish vaqti: 15 daqiqa.

«Zarafshon» taomi
Baliq go`shtidan yangicha ovqat

Zarur masalliqlar (4 kishilik): 750 gr. sudak balig`i go`shti, 6 ta pomidor, 6 bo`lak sarimsoq piyoz, 2 osh qoshiq zaytun yog`i, petrushka, rayhon bargi, tuz, murch.

Tayyorlanishi: 1. Pomidorlarni aylana shaklida to`g`rab, tuz, murch seping.

2. Ko`katlarni maydalab to`g`rab, zaytun yog`i bilan aralashtiring.

3. Sarimsoq piyoz bo`laklarini maydalab to`g`rang. Zaytun yog`li aralashmaga qo`shib, ustidan pomidorlarni soling-da, 200 darajada qizdirilgan gaz pechiga 5 daqiqaga qo`ying.

4. Sudak balig`i go`shtini o`rtacha bo`laklarga bo`lib, tuz, murch seping. Keyin pomidorlar ustidan ularni ham terib chiqib, 30 daqiqaga gaz pechiga qo`ying. Pishgach, gaz pechidan 15 daqiqa olmay turing.

Tayyorlanish vaqti: 1 soat.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!