Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Prezidenti saylovi jarayonini yoritish to`g`risida ommaviy axborot vositalari bilan bitimlar imzoladi

16:49, 21 sentabr

2016 yil 21 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish to`g`risida ikki tomonlama bitimlar imzoladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.

Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq holda o`tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalari saylov jarayonini keng yoritadi.

Bitimlarni imzolashga bag`ishlangan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov o`tgan yillardagi saylov kampaniyalari mobaynida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishning barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish bo`yicha katta tajriba to`planganini ta`kidladi.

Bitimlar saylov to`g`risidagi milliy qonun hujjatlari – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining tegishli qoidalarini, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi qonunlar va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholi o`rtasida keng tushuntirish, Markaziy saylov komissiyasi a`zolari va saylov qonunchiligi sohasidagi olim va ekspertlar bilan suhbatlar uyushtirish, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturi ijrosi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida jamoatchilikni o`z vaqtida xabardor qilish, saylov kampaniyasi to`g`risida xorijiy mamlakatlar davlat va jamoat arboblari, ekspert va tahlilchilari, ommaviy axborot vositalari vakillarining fikr-mulohazalari bilan mamlakatimiz aholisini doimiy ravishda tanishtirib borish borasidagi ishlarni samarali tashkil etishga qaratilgan.

Imzolangan bitimlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalarini, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga taalluqli mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka etkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda, shu jumladan, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo`li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e`tibor beriladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!