Vatanga xiyonat kechirilmas jinoyat

16:55, 21 sentabr

Bugun o`z istiqlolining 25 yilligini nishonlayotgan ona Vatanimiz o`tmishda ne-ne bosqinlarni, kulfat va mustabitlarni ko`rmagan. Ona yurtimiz tarixida ozodlik uchun o`z jonini fido qilgan bahodirlar ham, uni yovga sotishga uringan xoinlar ham, g`animning fitnasiga laqqa tushgan kaltafahm kimsalar ham uchraydi. Bugun ana shulardan biri haqida hikoya qilsak.

Dushmanga qarshi ittifoq
Muarrix Narshaxiyning  dalolat berishicha arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim (668-715) Buxoroga bostirib kelganda mahalliy hukmdorlar birlashib unga qarshi qo`shin bilan chiqadilar. 

Bir tomondan Buxoro hukmdorlaridan  Xunukxudot, Vardonze hukmdori Varonxudot, ikkinchi tomondan turk hoqonining jiyani Ko`rmag`onun, yana bir tomondan Sug`d podshohi Tarxun har biri katta qo`shin bilan kelib Qutaybaning askarlarini o`rab oladilar. 

Bu jangda arablarning engilishi aniq  bo`lib qoladi, Qutayba qo`shini  og`ir ahvolga tushadi. Shunda u yaqinlaridan bo`lmish Hayyoni Nabotiyga bu ahvoldan qanday qutulish borasida maslahat soladi. 

— Menga ertalabgacha muhlat ber, – deydi Hayyoni Nabotiy Qutaybaga. So`ng u Sug`d podshohi Tarxunga yashiriqcha kishi yuborib, u bilan xufiya uchrashishi lozimligini, maslahatli ish borligini aytadi.  

Xilvatdagi suhbat
Sug`d hukmdori Tarxun va arab sarkardasining mulozimi Hayyon jang qizib turgan bir paytda pana bir makonda uchrashadilar. 

— Mamlakating qo`ldan ketibdi-yu, sening xabaring yo`q, – deydi Hayyon o`zini xotirjam va vazmin tutishga urinib. 

— Qanday qilib? – deb so`raydi Tarxun taajjub bilan.

—  Men senga bir sirni ochaman, — deydi Hayyon. —  Biz arablar havo issiq vaqtdagina bu erda tura olamiz. Chunki, bizning askarlarimiz sovuqqa chidamsiz. Havo esa, sovub qoldi, demak bizning qaytadigan  vaqtimiz bo`ldi.  Toki biz bu erda ekanmiz, turklar biz bilan urush qiladilar, bu erdan ketishimiz bilan ular  sen bilan urushib,  Sug`dni egallab olishlari turgan gap. Demak, sen mulkingdan ayrilasan.

Tarxun bu gapdan so`ng talmovsirab qoladi. Qarshisida raqib tomonning vakili emas, qadrdon do`sti turgandek unng gaplariga chippa-chin ishonadi. 

— Men qanday chora ko`rishim kerak? – deb so`raydi undan najot kutib.

— Sen Qutayba bilan sulh tuzib, o`lja sifatida biron narsa berasan. Turklarga esa, go`yo Kesh va Naxshab yo`li bilan katta qo`shin Qutaybaga yordam bergani kelayotganini, o`zing bu jangda engilishingni bilib, o`z viloyatingga qaytishingni aytasan. Shunda turklar ham ortga qaytadilar. Sen biz bilan sulh tuzsang biz senga yomonlik istamaymiz.

Bu maslahat Tarxunga ancha oqilona bo`lib tuyuladi. U Hayyonga rahmat aytib, ortga qaytadi. 

Kechasi Tarxun Qutaybaga odam yuboradi, u bilan sulh tuzib, mol va ikki ming diram jo`natadi. So`ng karnay chaldirib lashkarini jang maydonidan chaqirib oladi va o`z yurtiga qaytishni buyuradi. 

Aldangan hukmdor
Tabiiyki, u bilan arablarga qarshi ittifoq tuzgan boshqa hukmdorlar undan bu qarorning sababini so`raydilar. 

—  Xabaringiz yo`qmi? – deydi Tarxun. — Arablarga Kesh va Naxshab tomonidan juda katta kuch  yordamga kelayotgan ekan. Ular etib kelishsa, barimiz qirilib ketamiz. Shu bois, yaxshisi sulh tuzishni afzal ko`rdim. Men o`z viloyatimga ketaman. Istasanglar o`zlaring urushaveringlar!

Buni eshitib turklarning  lashkarboshisi Ko`rmag`onun ham lashkarini jangdan olib o`z yurtiga qarab yo`lga tushadi. Buxoro hukmdorlari yakkalanib qoladilar va Qutayba qo`shinlari osonlik bilan ularni engib Buxoroni zabt etadilar.

Dushman qutqusiga uchgan Sug`d podshosi o`z poytaxti Samarqandga kelgach, xalq uning arablar bilan maxfiy sulh tuzib, jang maydonini tashlab qochgani uchun qo`zg`olon ko`tarib,  taxtdan tushuradilar. Bu orada arablar Samarqandni fath etadilar. 

O`z xiyonatining naqadar og`irligini bilgan Tarxun esa o`z joniga qasd qiladi. “Tarixi Tabariy”da keltirilishicha u tik qilib qo`yilgan qilichi ustiga o`zini tashlaydi, qilich uning elkasidan teshib chiqadi.

Ha, dushman qutqusiga uchishdan ham ortiqroq bebaxtlik yo`q. Zotan Vatan ozodligi, mustaqilligini saqlash uchun har bir inson ogoh, sergak va ehtiyotkor bo`lmog`i zarur. Dushmanga ishongan odam esa, g`aflatda qolib, mag`lubiyatga uchrashi turgan gap.

M.Xudoyqulov tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!