Muhabbat rishtasi

09:52, 22 sentabr

Samandar bilan tanishganimizga ikki yildan ko`proq vaqt bo`ldi. Shu vaqt davomida barcha sevishganlar singari quvonchli kunlarimiz ham, qayg`uli davrlarimiz ham bo`ldi, lekin biror marta bahslashib qolib, arazlashib yurgan kunimiz bo`lmadi. Fe`lim og`ir, to`g`rirog`i asablarim joyida emas: markaziy kasalxonaning jarrohlik bo`limida hamshira bo`lib ishlayman, ko`plab operasiyalarda assistent sifatida ishtirok etaman. Jarohatlarni ko`raverib, ruhiyatim biroz tajovuzga  moyil bo`lib qolgan. Samandar meni tushunadi, shuning uchun biron nimadan jahlim chiqib turganda unga zahrimni sochsam ham, baqir-chaqir qilsam ham, biroz muddat o`tar-o`tmay hech nima bo`lmagandek qarshimda paydo bo`ladi va hech nima bo`lmagandek gaplashib ketaveramiz. 

Avvaliga ko`cha-ko`yda yonma-yon yoki qo`l ushlashib yurishga odamlardan istixola qilardim, ammo sekin-asta bunga ham ko`nikdim. Axir baribir bir kun kelib, oila quramiz, «oshing halol bo`lsa, ko`chada ich!» - deyishadi-yu! Bu haqida u bilan ko`p gaplashamiz. 

- Odamlar bizga qarashyapti, - deyman u qo`llarini elkamdan oshirib o`tkazib olganida. 

- Qarashsa qarashaversin, - deydi u ham parvo qilmay. - Sen mening tanlaganimsan. Nega uyalishimiz kerak?

Ishga kelganimda u bilan uzoq qo`ng`iroqlashaman. Ko`pincha, telefonimning hisobida pul tugab qolsa, xonadagi ish telefonidan qo`ng`iroq qilaman. Hamkasblarim biroz ranjisa ham menga baribir. 

- Surayyo, tarmoqni band qilmasang-chi, - koyib beradilar katta hamshiramiz Tursunoy opa. 

- Hozir, yana bir daqiqa... - yalingannamo javob qaytaraman men. 

Har kunim mana shunday o`tadi. Ammo, yaqinda bir voqea sodir bo`ldi-yu, hammasi ostin-ustun bo`lib ketdi. 

Sinfdosh dugonalarimdan biri turmushga chiqayotgan edi. Qizlar bazmi uchun taklifnomani oyimga tashlab ketibdi. O`sha kuni tunda hamma uxlagach, o`z xonamga kirib, bazmga kiyib borishim mumkin bo`lgan kiyimlarimni bir-bir kiyib ko`ra boshladim. O`zimning ko`zgudagi aksimga mahliyo bo`lib turarkanman, negadir shu go`zallikni Samandar ham ko`rsa edi, deb o`ylab qoldim va unga qo`ng`iroq qildim. Biroz suhbatlashdik, unga dugonamning qizlar bazmiga borayotganim haqida aytdim. Meni hayratda qoldirgancha, bu bazmga uni ham taklif qilishganini, bazm qachon va qaysi restoranda bo`lishini ham aytib berdi. «Biror tanishi yoki qarindoshidir...» - deb o`yladim. 

Keyingi kunlardagi suhbatlarimiz mavzusi ham o`sha dugonam bo`ldi. U haqida gapirar ekan, Samandar dugonamni mendan ham yaxshiroq biladigandek, u bilan mendan ham yaqinroq munosabatda bo`lgandek tuyula boshladi. Shubha yuragimni kemirardi. Nihoyat, bazm kuni ham etib keldi. 

Qizlar bazmiga sinfdosh qizlar va yigitlar birgalikda yig`ilishib, bir jamoa bo`lib bordik. Tabiiyki, bunda men Samandar bilan birga borish imkonidan mahrum edim. Restoranga kirib kelganimizda birinchi diqqatimni tortgan narsa - kelinning atrofida girdikapalak bo`layotgan Samandar, yanayam dahshatlirog`i - u kuyov libosida edi! Ba`zan qizlar bazmiga kuyov ham taklifnoma berib chaqiriladi...

Ko`z oldim qorong`ulashdi. Bo`layotgan voqealarni anglamay qoldim. Nahotki, men shuncha vaqtdan buyon sevib-ardoqlab kelgan inson aslida shunchalar tuban bo`lsa?! Sinfdoshlar bilan olgan sovg`ani topshirarkanmiz, ular tomonga qaramaslikka harakat qilardim. Sinfdosh qizlar esa o`zaro suhbat chog`ida kelinning naqadar chiroyli ekani-yu, bugungi pardozi unga yanayam yarashgani haqida aytishardi. 

- Sho`rlikkina, - dedim o`zim ham arang eshitadigan ovozda, - uchiga chiqqan yolg`onchiga turmushga chiqayotganini bilarmikin?..

- Surayyo, senga Dilraboning baxti alam qilayotganga o`xshaydi-a? Sinfimizdan o`zi ikkoving qolgan eding, endi yolg`izlanib qoldim, deb ichingdan tutab-yonib ketyapsan, nazarimda, - kuldi qaysidir dugonam, kimligini anglolmadim.

- Nimasiga alamim keladi? Qaytanga u meni yolg`onchi yigitning yolg`on sevgisidan qutqarganiga xursand bo`lishim kerak! - jahlim chiqib ketdi. - Bilmasang, bilvol - kuyov bo`lmish kuni kecha mening izimdan Majnun bo`lib yurgan edi! 

- Nimalar bo`lyapti bu erda? - shovqin ko`tarilganidan hayron bo`lgan «kelin-kuyov» biz tomon kelishdi.

- Yaramas xiyonatkor! - Samandarning yuziga tarsaki tushirdim. U o`ng qo`limni ushlab, qayirib oldi. Himoyasiz qolganimni bilibmi, kimdir qo`limga jarrohlik amaliyotida foydalaniladigan tig` berdi. Bu ehtimol... men qatnashgan so`nggi jarrohlik amaliyoti edi!

Ko`zimni ochganimda, uyda - o`z yotog`imda edim. Tepamda oyim, sochlarimni silab o`tirardilar. 

- Oyi, men uni... o`ldirib qo`ydim! - yig`lab yubordim o`rnimdan turishga o`zimda kuch topolmay.

- Bilaman, qizim, bilaman. O`sha jarrohlik amaliyotida sen ishtirok etmasliging uchun juda ko`p harakat qilgandim. Lekin seni xayolot dunyosiga bandi qilishim haqida sira o`ylamabman... Samandar halok bo`lganiga bir yildan oshdi. Uning qabri tepasida qanchalar yig`laganing esingda yo`qmi? Ishga borishing, u bilan soatlab qo`ng`iroqlashishing, ko`chalarda qo`l ushlashib yurishing - hammasi men sening miyangga quygan fikrlar, uxlashing oldidan aytib bergan ertaklarim, yanayam aniqroq aytadigan bo`lsam, tushlaring tasviri hosilasi xolos. O`sha voqeadan so`ng hali biror marta ko`chaga chiqqaning yo`q. Seni real hayotga olib chiqishim uchun uning senga qilgan xiyonati haqidagi hikoyani «sahnalashtirdim». Axir sening Dilrabo ismli sinfdoshing umuman bo`lmagan-ku?! Bu hammasi gipnoz!

- Unda nega... birdan hammasini oshkor qilishga qaror qildingiz?!

- Sen nazoratdan chiqib ketding. Agar buni oshkor aytmaganimda, uni o`ldirganingga rostdan ham ishonarding. Bir umr o`zingni sodir etilmagan qotillik uchun ayblab yurishingni istamadim...

«Demak, Samandar tirik... Dilraboning yigiti ham emas, - suyunib ketdim men. - Uni men o`ldirmaganman!» So`zlarimni tasdiqlagandek, ko`cha tomondan uning xirgoyisi eshitila boshladi...

Shahnoza EShMIRZAEVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!