Juftingiz uchun ideal ayolga aylanishning 30 chorasi

10:07, 22 sentabr

Yigit va qiz hayot yo`llarida uchrashdi, bir-biriga ko`ngil qo`ydi, turmush qurdi… Vaqt o`tib, ular bir-biriga ko`nikib qolganini tushunishdi, negadir hayot zerikarlidek ko`rina boshladi. Hikoyani shu erda to`xtatib, zudlik bilan bu oilani saqlab qolish choralarini ko`rmasa bo`lmaydi! Albatta, erni «Siz meni sevmaysizmi? Boshqasini topib oldingizmi?» kabi oxiri ko`rinmas savollar bilan tergov qilish kerak emas. Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Lekin quyidagilarni qo`llab ko`rish mumkin...

1. «Vaqt mashinasi»ni ishga soling!

Hatto agar do`st va tanishlaringiz sizni ideal juftlik deb hisoblasa-da, bir-biringizdan xafsalangiz pir bo`ladigan kunlar ham uchrab turishi mumkin. Shunday paytlarda birgalikdagi eng baxtli, quvonchli onlar qayoqqadir g`oyib bo`ladiyu ko`zingizga faqat kamchiligu nuqsonlar ko`rinaveradi. Nima qilish kerak? Umumiy xotiralaringizni yordamga chaqiring. Xayolan «vaqt mashinangiz»ni o`t oldiring-da, shu insonni joningizdan ortiq sevgan baxtiyor damlarga qayting. So`ng xuddi shu zavqli hislarni saqlagan holda hozirgi zamonga qayting!

2. Xatolarni takrorlamang!

Juftingiz bilan o`rtangizda ko`ngilsizlik yuz bergan bo`lsa, buni tahlil qilib ko`ring. Munosabatlarga oydinlik kiritayotganda qanday yo`l tutishingizni o`zingizdan so`rab ko`ring. Odatda juftliklar janjallashganda ularning o`zini tutishi (o`zimizni xuddi arazlagan boladek tutamiz), ssenariy bir xil, faqat «mazmun» turfa. Bu vaziyatda voqealar rivojini bemalol «bashorat qilish» mumkin: biz «portlaymiz», keyin o`zimizni xafa qildirib qo`yganimiz uchun o`zimizdan ham jahlimiz chiqadi.

Xo`sh, nima qilish kerak? Aslida janjal yordamida o`zimizga juftimizning e`tiborini qaratishga erishishni xohlaymiz. Biroq eng yaxshi yo`l: «Eng yaxshi jang — boshlanmagan jang» naqliga amal qiling. Odat tusiga kirib qolgan «strategiya»ngizdan voz keching — «hujum qilmang». Erkak kishiga o`zingizning haqligingizni isbotlashingiz shart emas, shunchaki nima demoqchiligini tushunish uchun uni tinglang (hatto u nohaq bo`lgan vaziyatlarda ham). Va shunchaki tushunishga emas, nimani his qilayotganini sezishga ham harakat qiling.

3. Bir xillikdan qoching!

Eng katta «dushmaningiz» — hamisha «ochiq kitob»ligingiz. Ya`ni juftingiz sizni TO`LIQ biladi. Bugun qanaqaligingiz, ertaga, hatto bir yildan keyin qanday bo`lishingizni juda yaxshi biladi va bir xil hayotdan tez zerikadi.

Nima qilish kerak? Bir paytlar Koko Shanel shunday degan: «Ayol o`z juftining hayotida yagona bo`lishni istasa, muntazam o`zgarib turishi kerak». Bu «qoida» faqatgina imidjga tegishli emas. Juftingiz bir xillikdan zerikmasligi uchun o`zingizni ham o`zgartirib turing. Masalan, o`rni kelganda jajji qizchadek bo`lingki, u boshingizni silasin. Vaqti kelsa, endigina tanishgan paytlaringizdagidek bo`ling, u ruhlansin. O`rni kelganda hayotning turfa o`yinlariga qarshi kuchliligingizni ham namoyon etingki, u sizdan faxrlansin. Eng asosiysi, bitta holatda uzoq vaqt «qotib» qolmang, ularni o`zgartirib turing!

4. Turmush o`rtog`ingizni qanday bo`lsa shundayligicha qabul qiling!

Turmush o`rtog`ingizning u yoki bu kamchiliklarini o`zgartiraman deb, uni o`z idealingizga aylantirishga urinavermang. Kamchilik hammamizda bor. Har safar uning kamchiliklari ko`zingizga tashlanganida o`zingiznikini ham esga oling. Uning o`zingizga ma`qul bo`lmagan odatlariga sabr bilan yondoshing. Yodingizda bo`lsin, pasportingizdagi muhr — sizga juftingizni har qanaqasiga o`zgartirish huquqini bermaydi. Agar erkak o`zi xohlagandek bo`lishi uchun tinmay sizni tanqid qilaversa, o`zingizga yoqarmidi? Sevgilingizdan o`z idealingizdagi erkakka aylanishni talab qilmang. E`tiboringizni faqat uning kamchiliklariga qaratavermang.

5. Ishonchli bo`ling!

O`zingizni shunday tutingki, turmush o`rtog`ingiz nafaqat quvonchli kunda, og`ir damda ham yonida ekaningizni, sizga suyana olishini, bilsin. O`zi ham aybdorligini his etib turgan paytda battar ayblayvermay, uni qo`llab-quvvatlang.

6. O`zingizni seving!

O`ylab ko`rganmisiz, agar o`zingizni o`zingiz yaxshi ko`rmasangiz, buni boshqalardan talab qilishga haqqingiz bormikan? O`zini yaxshi ko`rmaydigan ayolni erkak ham yaxshi ko`radi, deb bo`lmaydi. Bu o`rinda muhabbatdan ko`ra manfaat ustunlik qiladi. Bunday ayol bilan yashash qulay, lekin tekin xizmatkor, oshpaz, enagaga aylanib qolgan ayolga nisbatan tuyg`ularni muhabbat deb atash qiyinroq. Shuning uchun o`zingizni qadrlang, tashqi ko`rinishingiz, ichki olamingizni muntazam ravishda yaxshilab boring.

7. Kutib olish «marosimi»

Aksariyat erkaklar kechki payt ishdan ochiqqan, horgan holda qaytadi. Ularning istagi bitta: dam olish. Ana shu istak amalga oshishida jonbozlik ko`rsatsangiz, sizdan yaxshisi yo`q! Kim uchundir bu oddiy tuyular, ammo juftingiz uchun ideal ayolga aylanish yo`lida eng mayda jihatlarga ham e`tibor qaratmasangiz bo`lmaydi. Har qanday erkak uchun toza, shinamlik va sokinlik hukm surgan, o`zi intiqlik bilan kutilayotgan uyga qaytish hamisha yoqimli! Shuning uchun eringizning ishdan qaytishini bayramona kutib oling: bolalarni yuvib-tarang, ozoda kiyintiring, otasi kelganda salom berib, yaxshi kayfiyatda kutib olishlarini tayinlang. O`zingiz ham ovqat hidi o`rnashib qolgan kiyimlaringizni toza, chiroylisiga almashtirib, sochlaringizni turmaklab, pardoz-andoz qilgan holda tabassum bilan qarshi oling. Bu umr yo`ldoshingiz haqida o`ylayotganingiz, unga g`amxo`rlik qilayotganingiz belgisi. Shunda eringizning o`zi ham uyga tezroq qaytish payida bo`ladi!

8. O`zaro suhbat

Kechki payt eringiz ostonadan kirishi bilan «ma`ruza»ni boshlamang. Shundog`am charchab kelgan paytda bu unga yoqmasligini tabiiy qabul qiling. Avval uni ovqatlantiring, keyin nima gapingiz bo`lsa asta-sekin ayting. Faqat hech qachon suhbatni norozilik ohangidagi «siz bilan gaplashib olishimiz kerak»dan boshlamang.

9. «Bermoq» va «olmoq». Muvozanatni biling!

Agar har doim evaziga hech nima talab qilmasdan hammasini o`z zimmangizga olsangiz-u, shundayligi uchun o`zingizni «qurbon»dek his qilsangiz, buning oxiri xayrli bo`lmaydi. Chunki buning uchun juftingizning bo`yniga qarzdorlik hissini ilaversangiz, oxir-oqibat unda bu «yuk»ni ortiq ko`tarib yurishga kuch qolmaydi, sizning hayotingizni tark etish istagi paydo bo`ladi. Va aksincha, juftingizdan hadeb nimadir talab qilaversangiz ham oxiri voy bo`lishi mumkin. Shunday ekan, «oling» va qaytarishni unutmang, «bering» va o`zingizdan olishlariga ham imkon bering.

10.  Bir tomonlama qiziqish

Ba`zilar birgalikdagi hayotning taxminan birinchi yilidan keyin eriga haqiqiy do`st, ishonchli o`rtoq bo`lishga, faqatgina u qiziqqan narsalarga qiziqishga harakat qiladi. Bir qarashda beozorgina tuyuladigan bu istak vaqti kelib muammolar manbasiga aylanishi mumkin. Amaliyotda kuzatilishicha, har doim faqat bir tomonning qiziqishlari muhokama qilinaversa, qisqa fursatda suhbat zerikarli tus olishi hech gap emas.

11. U fikrlaringizni o`qishni o`rganmagan bo`lsa…

«Agar u meni sevsa, demak, menga nima kerakligini o`zi topishi kerak!» Oramizda shunday fikrlaydiganlar ko`p. Bu fikrning mantiqiy xulosasi ham sizga tanish: «topolmadimi, demak, meni sevmay qo`ygan!» Bu fikr juftliklar munosabatiga raxna soladi.

Qanchalik qiyin bo`lmasin, «o`zing top» «o`yini»ni o`ynamasdan, juftingizga istagingizni ochiq aytmasangiz-da, ishora bering. Faqat bu murojaatingizni ayblov nutqiga aylantirib yubormang. Sizning vazifangiz juftingizni tanqid qilish emas (bundan vaziyat battar yomonlashadi), o`zingizga aynan nima muhimligini so`zlab berish.

12. O`z ustida ishlash

Juftiga yoqish uchun ayol o`zgarib turishi kerak. Har kuni, har hafta bo`lmasa ham, hech bo`lmasa ba`zida. Tashqi ko`rinishingizda nimanidir (soch turmagi, pardoz yoki kiyinish uslubini) o`zgartiring. Sizni yoshartirib ko`rsatadigan va o`ziga xosligingizga urg`u beradigan buyumlarni tanlang. Qomatingizni oldingi adl holiga qaytarish uchun balki gimnastika bilan shug`ullanish, trenajyor zaliga borish yoki parhez tutish kerakdir. Yodingizda bo`lsin, tashqi jozibadorlik — o`z ustingizda ishlash mahsuli.

13.  Bir-biringizga e`tiborli bo`ling!

Ehtimol buning uchun shunchaki ikkingizning ham vaqtingiz etmas? Lekin bir-biringiz uchun vaqt ajratmasangiz ham bo`lmaydi. Onda-sonda bo`lsa ham ikkingiz biror dam olish maskaniga yoki dala hovliga boring. Buning ham iloji bo`lmasa, hech bo`lmasa, uyda ikkingiz qoling. Bolalarni buvisiniki yuboring, barcha ishlarni bir chetga surib qo`ying. Va yolg`iz qolganingizda tasavvur qilingki, bir-biringiz bilan endigina tanishgansiz. Shunda bir-biringizda yaxshi taassurot qoldirishga urinasiz, bu ijobiylik esa munosabatlaringiz mustahkamligiga ko`chadi.

14. Muhabbat — tarbiyaning asosi!

Tan olaylik, biz ayollar deyarli hamma narsaga tanqidiy nazar bilan qaraymiz, idealimizga etishishni istaymiz. Erkaklar esa hayotga realroq qaraydi. Buni ulardan o`rgansak arziydi. Juftingiz o`zini sizga yoqmaydigan tarzda tutsa, darrov uni ayblashga tushmay, munosabatlaringizdagi yorqin, ko`ngilni ko`taradigan vaziyatlar haqida o`ylang. Eng asosiysi, hech qachon uni sevishdan to`xtamang. Chunki muhabbat — tarbiyaning asosining asosi!

15. Oqila bo`ling!

Erkaklar ayollardagi to`rt xislatni juda qadrlashadi va ular oila mustahkamligining asosini tashkil etadi:

1. ayol jufti haloliga sadoqatli bo`lishi;

2. uni hurmat qilishi;

3. uning ishlariga ko`maklashishi;

4. uning qarindoshlarini hurmat qilishi kerak.

Agar ayol bu to`rt qoidalarga amal qilsa, bunday oila baxtli hayot kechiradi. Oilada o`zaro munosabatlar yaxshi bo`lsa, erkak ham jamiyatda muvaffaqiyatlarga erishadi, ishlari yurishadi. Shu bois ham oilasi mustahkamligi uchun ayol oqila bo`lishi shart.

Shuningdek…

16. Turmush o`rtog`ingizning yonida hamisha xush kayfiyatda bo`ling.

17. U bilan bahslashmang, yonida boshqalar bilan sen-menga bormang.

18. Uni maqtang, aql-zakovati, tashqi ko`rinishini e`tirof eting.

19. Hech qachon juftingizga qo`pol muomalada bo`lmang. Shirinso`z bo`ling.

20. Sevgilingizning ishlari, kasbi bilan qiziqing. Buni hammasidan yuqori qo`yishingizni bildiring, o`zingizning ishingizni ikkinchi planga qo`ying. Undan maslahat so`rab turing.

21. Turmush o`rtog`ingizga ota-onasini juda qadrlashingizni ayting. Ularga alohida e`tibor qarating.

22. Juftingizga nisbatan aqlli ko`rinishga urinmang. U sizning mustaqil qaror qabul qila olish qobiliyatingiz borligini, ammo suyanchig`ingiz aynan o`zi ekanini bilsin.

23. O`z qadr-qimmatingizni hech qachon yo`qotmang, u qaerda bo`lsa ortidan quvlayvermang.

24. Har qanday inson kabi erkak kishi ham vaqti-vaqti bilan yolg`iz qolishni istaydi. Shuning uchun goh-gohida bee`tibordek, hafsalasizdek ko`rinsa, buning uchun uni ayblayvermang.

25. Mehnatsevarligi, olijanobligi, sizga bo`lgan muhabbatiga nisbatan ishonchini oshiring.

26. Unga nisbatan xushmuomala, mehribon bo`ling va qanchalik qadrlashingizni tez-tez takrorlab turing.

27. Hech qachon hech nimani yuziga solmang, gina qilmang. E`tirozingizni ham chiroyli tarzda bildirishga o`rganing.

28. U biror sovg`a yoki pul bersa, bundan xursandligingizni albatta bildiring. Norozi bo`laversangiz, keyin «menga sovg`a bermay qo`ygan» deb o`pkalab yurmang. Uning e`tiboridan qanchalik quvonishingizni o`zi ko`rib, anglay olsa, bu o`ziga nisbatan bahosini ham oshiradi.

29. Suhbatlashayotib, gapni boshqa mavzuni burishni biling. Bu ko`ngilsiz gaplardan qochish imkonini beradi.

30. «Erkak kishining yuragiga yo`l oshqozon orqali» degan gapga amal qilib, pazandalik mahoratingizni oshirib boring. Lekin biror sabab bilan qorni to`q holda uyga qaytsa, «ataylab siz uchun pishirgandim, eysiz endi» deb uni bunga majburlamang. Aks holda pazandaligingizga soya solgan bo`lasiz.

Xullas, shunday ayol bo`lingki, oqilaligingiz tufayli turmush o`rtog`ingiz uchun bir umr ideal ayolligingizcha qoling va oilangiz hamma havas qiladigan darajada mustahkam bo`lsin!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!