NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalariga Davlat grantlari ajratish uchun qo`shimcha tanlov e`lon qilindi

11:17, 22 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi

«NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyatini barqaror rivojlantirishni ta`minlashga va ijtimoiy sheriklikni yanada rag`batlantirishga qaratilgan loyihalarini qo`llab-quvvatlash» mavzusida NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalariga Davlat grantlari ajratish uchun qo`shimcha tanlov e`lon qiladi.

Quyidagi yo`nalishlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar qabul qilinadi:

1.“G`oyaga qarshi g`oya, jaholatga qarshi ma`rifat bilan” shiori ostida mahallalarda, ayniqsa yoshlar orasida ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini yuksaltirish;

2.Yoshlarni ijtimoiy-huquqiy va sosial-ma`naviy qo`llab-quvvatlash, ayniqsa uyushmagan va tarbiyasi muammoli yoshlar o`rtasida turli yo`nalish va mavzularda, xususan, “Men Vatanimni sevaman”, “Jamiyatda mening o`rnim bor” mavzusida turkum tadbirlar o`tkazish;

3.Xalq ta`limi bo`limi va boshqarmalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan ijtimoiy sheriklikda Asosiy Qonunning mazmun va mohiyatini tushuntirib berishga qaratilgan ma`rifiy-targ`ibot ishlarini tashkil etish, “Men O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasini o`rganaman” shiori ostida turli ko`rgazmali materiallar tayyorlash va tarqatish;

4.Madaniyat va sport muassasalari bilan sheriklikda yoshlar o`rtasida xalq sporti o`yinlarini ommalashtirish, yoshlarning bo`sh vaqtlarini madaniy tashkil etish, qishloq qizlarini badiiy gimanistika va sportga keng jalb qilish;

5.Yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ularni O`zbekistonning milliy manfaatlariga yot g`oyalardan asrash;

6.Qishloq joylarida chet tillarni, O`zbekistonda yashayotgan xalqlarning madaniyatini, san`atini va adabiyotini o`rganishda milliy-madaniy markazlar, do`stlik jamiyatlari bilan amaliy ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash;

7.Erta va yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikohning salbiy oqibatlaridan axborot beruvchi ko`rgazmali materillarni mahalliy davlat organlari bilan hamkorlikda tayyorlash va tarqatish, aholi keng qatlamlari orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish;

8.Joylardagi mahalliy davlat organlariga aholining ijtimoiy ko`makka ehtiyojmand qatlamlari ayollar, yoshlar va nogironlarning doimiy bandligini ta`minlashga, ularni xalq hunarmadchiligi tayyor mahsulotlarini ishlab chiqarish, oilaviy biznes va tadbirkorlikning turli shakllariga jalb qilishga ko`maklashish;

9.Ayollar va bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularni ijtimoiy-huquqiy va sosial-ma`naviy qo`llab-quvvatlashda joylardagi xotin-qizlar qo`mitalari faoliyatiga ko`mak ko`rsatish;

10.Savdo-sanoat palatasi, biznes sub`ektlari va moliya institutlari bilan hamkorlikda chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash texnologiyalarni joriy etish, mahalalar obodligini, aholi bandligini hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ta`minlash;

11.Sog`liqni saqlash muassasalari bilan ijtimoiy sheriklikda yuqumli kasalliklar profilaktikasi to`g`risida aholining xabardorligini oshirish, jamiyatda sog`lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ`ib etish;

12.Mehnat migrantlarining oila a`zolariga tibbiy ko`rikdan o`tishning zarurligini keng tushuntirish, ularga ijtimoiy-psixologik va tibbiy-gumanitar xizmatlar ko`rsatish hamda bandligini ta`minlash borasida mahalliy ijroiya organlari bilan hamkorlikda reja va dasturlar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish;

13.Mahallalarda ijtimoiy-ma`naviy barqarorlikni, tinchlik va osoyishtalikni, millatlararo va dinlararo bag`rikenglikni ta`minlash borasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

14.Yoshlarning tibbiy-ekologik va ijtimoiy-ma`naviy madaniyatini yuksaltirishda NNT va OAV o`rtasida hamkorlikni kuchaytirish;

15.Demokratik islohotlar natijasining mohiyati va ahamiyati to`g`risida aholi va jahon jamoatchiligini keng ko`lamda xabardor qilish, jamiyatda bunyodkorlik, yaratuvchanlik va ertangi kunga ishonch muhitini mustahkamlash;

16.Bosma OAV va AAlari materiallarining professional, mafkuraviy va badiiy darajasini oshirish;

17.Mustaqil bosma OAV va AAlarining fuqarolarning, ayniqsa jamiyatni isloh qilish va yangilashning tayanchi va hal etuvchi kuchi sifatida yoshlarning ijtimoiy va huquqiy ongiga ijobiy ta`sirini kuchaytirish;

18.Mustaqil bosma OAV va AAlarining yosh jurnalist va texnik xodimlarini mahorati va ijodiy faolligini yuksaltirish;

19.Ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishda, inson huquqlarini himoya qilishda, jamoatchilik fikrini umumlashtirish va ifoda etishda OAVlarining roli va ahamiyatini kuchaytirish;

20.“Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini amalga oshirishning zaruriy sharti sifatida fuqarolarning siyosiy-huquqiy madaniyati, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

1.NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;

2. www.fundngo.uz saytida joylashtirilgan shaklda to`ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;

3.Oxirgi o`zgartish va qo`shimchalar bilan davlat ro`yxatidan o`tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;

4.Tashkilotning davlat ro`yxatidan o`tganligi to`g`risidagi guvohnoma nusxasi;

5.Agar loyihani amalga oshirish lisenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda lisenziyaning nusxasi taqdim etiladi.

6.Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 25 mln.so`mgacha.

Hujjatlar 2016 yil 20 sentyabrdan 20 oktyabrgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi» nomiga «O`zbekiston pochtasi» orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo`yicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko`chasi, 1-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma`lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!