Ajrashgach, bolalardan alamingizni olmang!

11:37, 22 sentabr

Ajrim... Oilaga raxna solayotgan muammolarnining chorasiz echimi topildi go`yo. Sobiq xotin, sobiq er endi hayotlari iziga tushishidan umid qiladi. Biroq bir haqiqat borki, tan olmasdan iloj yo`q: sobiq ota-ona, sobiq farzand bo`lmaydi. Shu sababdan ham darz ketgan turmushning mushti norasidalarning boshida aylanadi.

 

 «Sobiq erim uylansa, o`g`limni unutadi...»

—  Erimning betinim xiyonatlari sabab o`g`lim bilan ota uyimga qaytgandim. Avvallari janjal qo`pganda bolasi ham ko`ziga ko`rinmaydigan odam shu vaqt ichida o`g`limizga favqulodda mehribon bo`lib qoldi. Ming qarshilik qilmay, har hafta uyiga olib ketar, pulini ham ayamasdi. Bolaga mehr ko`rsatsam, xotinim suddan arizasini qaytarib oladi, deb o`ylagan, chamamda. Ammo qonunan ajrashganimizdan so`ng qadami uzildi. Mana, ajrashganimizga bir yil bo`lgan bo`lsa, oyda zo`rg`a bir xabarini oladi. Ertaga uylanib, bola-chaqali bo`lsa, o`g`limni umuman esidan chiqarib yuborsa ham kerak. 

                                                                                                 Matluba, 28 yosh

Bizning fikr: — Sir emaski, oilasi ajrim yoqasiga kelib qolgan ko`pchilik ayollar bolalar vositasida turmushlarini saqlab qolishga muvaffaq bo`lishadi. Erkaklarda ham bu kabi qarash bo`lishi mumkin. Qachonki, oilasini asrab qolish istagi kuchli bo`lsa, ayniqsa, ajrim erkakning aybi tufayli yuzaga kelsa. Ular bunday vaziyatda xatosini tan olib, ayolidan uzr so`rashdan ko`ra, bolasiga mehr ko`rsatib, xotinini qaroridan qaytarishni ma`qul ko`rishadi.

Masalaning yana bir tomoni borki, ayol farzandlarini etaklab uydan chiqib ketgach, zurriyodlaridan butunlay ayrilib qolish hissi erkakni qo`rquvga soladi. Shuning uchun ham ilk davrda bolalari bilan ko`proq uchrashishni, farzandlari undan uzoqlashib ketmasligini istashadi.

Ayollar ajrimning ilk davrlarida ota-bola(lar) uchrashuvlarini tabiiy qabul qilib, ularning ko`rishib turishiga qarshilik bildirmasliklari muhim rol o`ynaydi. Alam ustida ota-bola munosabatlarini sovutsangiz, keyinchalik bundan afsuslanishingiz tayin. Doim yodingizda tuting, sobiq eringizdan ko`rgan jabru zulmda, turmushingizdan ajrashishingizda bolalarning aybi yo`q. Ularning otasi bilan muloqot qilishiga bo`lgan haqqini alamingizni bosish yo`lida sarflamang. Bolalarni ko`rsatmaslik orqali sobiq erdan o`ch olishni xayolingizga keltirmang.  Bu — ajrashgan ayollarning eng katta xatosi.

                                   «Farzandlarimga meni yomonlashadi...»

— Erim bilan uch yil oldin ajrashganmiz. Bir o`g`il, bir qizimiz bor. Avvaliga hammasini kelishib olgandik. O`g`limning xarajatlari sobiq erimning gardanida, qizimniki menda edi. Shu tufayli alimentga ham bermagandim. Xato qilgan ekanman. Sobiq erim bir yilgina kelishuvga amal qildi. Uylanib olgach-ku, majburiyatlarini butunlay unutdi. Eng alam qiladigani, pul juda zarur paytda ming bir bahona to`qiydi-yu, bolalarni uyga olib ketganida kerak-kerakmas sovg`a-salomlar qiladi. Undan ko`ra bog`chaning pulini to`lashsin, dori-darmonlariga qarashsin. Yo`q! Atay ko`zga ko`rinadigan chiroyli kiyimlar, o`yinchoqlar bilan bolalarni aldaydi. Shu yo`l bilan farzandlarimga meni yomon ko`rsatmoqchi. Qaynonam-ku, qizimni o`ziga og`dirib olgan. Biroz qattiqroq gapirsam, «Buvimga ketaman», deb yig`lab qoladi. Asli niyatlari bir bolamni mendan tortib olish. Yangi kelinining bo`yida bo`lmayapti-da. Shunga nevaralari kerak bo`lib qoldi endi. Oxiri bolalarimni ko`rsatmaslikka majbur bo`ldim. Bog`cha opalariga ham mendan boshqaga bolalarni berib yubormaslikni tayinladim. Yangi yil bayramida erim bog`chaga borib, rosa to`palon qilibdi. Shu qilgani uchun ham endi umuman uchrashishlariga yo`l qo`ymayman.

Safura, 32 yosh

Bizning fikr: — Ota-onasi ajrashgan bolalar duch keladigan va ularni eng ko`p qiynaydigan muammo — ikki tomonning bir-biriga otiladigan ta`na toshlariga nishon bo`lish. Siz eringizni yomon ko`rishingiz, turmush o`rtog`ingiz sizdan nafratlanishi mumkin. Biroq bolalarni «otang yomon» yoki «onang yomon» degan gaplar qattiq qiynaydi. Shuning uchun sobiq eringiz bilan o`rtangizdagi muammolarni, garchi ular farzandlar bilan bog`liq bo`lsa-da, o`zaro hal qiling. «Bola faqat menikimi?» degan iddaodan saqlaning. Ayniqsa, bu gapni ularga eshittirmang. Bolalaringiz otasi bilan yana bir bor gaplashib oling. Farzandlaringizni unga ko`rsatmaslik bilan hech narsaga erisha olmaysiz. Aksincha, dilbandlaringizning ikkingizdan biringizga bo`lgan munosabati salbiylashishiga olib keladi taqiqlaringiz. Sizning bolalaringizda ikki tomonni qiyoslash odati paydo bo`lgan. Bunda nuqul sizdan noliydigan buvining ham, nazdingizda farzandlarini sovg`alar bilan aldaydigan otaning ham va sizning ham teng hissangiz bor. Endi sobiq qaynonangiz va eringizning bu munosabatini o`zgartira olmaysiz. Demak, vaziyatni yumshatish o`z qo`lingizda. Otalarining sovg`alaridan xursand bolalarning hafsalasini «Bog`cha pulini to`lasa bo`lardi, bir o`zim qiynalib ketdim» qabilida gaplarni qilmang. Sizga og`ir bo`lsa ham, ijobiy munosabat bildiring. Otasiga bo`lgan salbiy hislaringizni oshkor etmaganingizdan farzandlaringizning sizga mehrlari yanada tovlanadi. Shunda buvisi sizdan nolisa ham, ishonishmaydi, qaytanga «Yo`q, oyim juda yaxshi», deya yoningizni olishadi. Ota-bolalar uchrashuvini taqiqlamang. Buning oqibatini ko`rdingiz — to`s-to`polon. Yaxshisi, siz kattalar qaytadan bafurja kelishib oling.

Otalar va buvilar diqqatiga

  • Farzandaringizga sobiq ayolingiz, keliningizni yomonlamang! Bolaning onasiga mehri homila paytidayoq tushgan, ona suti bilan yanada mustahkamlangan. Sizning ayblovlaringiz bu mehr rishtalarini yakson qilolmaydi. Shunchaki, bolani alamzada qilib qo`yadi. Nafrat va alam hissi bilan ulg`aygan inson hayot yo`llarida ko`plab muammolarga duch keladi.
  •  «Ajrashdik, tamom! Onasi nima qilsa qilaversin», demang! Pushtikamaringizdan bo`lgan farzandingiz bilan munosabatlarni asrab qoling. U sizning ilk murodingiz, oringiz, g`ururingiz.
  • Bola onasi bilan qoldi degani, sizning mas`uliyatingiz engillashdi degani emas. Aksincha, mas`uliyatingiz yanada oshdi. Onaning ham, otaning ham bola parvarishi va tarbiyasida o`rni bir xil. Farzandlar taqdirini «sensolar» qilmang. Ajrashgan bo`lsangiz-da, ular ikkingizning ham kelajagingiz.
  • Sobiq keliningiz nevaralaringizni dunyoga keltirgan ayol. Unga bo`lgan alamingizni ichingizga yuting, aslo bolalarga sochmang.
  • Bolalardan foydalanmang. Ikki o`rtada nevaralaringiz gap tashuvchi bo`lmasin. Buning zararingizga ishlashi ehtimoli yuqori.
  • Bolalar ikki xil tarbiya topmasin. Onasining tarbiya borasidagi qoidalarini yo`qqa chiqarib, o`zingizcha ularni tarbiyalashga urinmang. Muvozanatni ushlang. Shunda nevaralaringiz betarbiya bola bo`lib ulg`aymaydi.
  • Moddiy muammolarni bolalar ishtirokida hal qilmang. Farzandlaringiz pul bilan bog`liq masalalarga sababchi sanamasin o`zlarini. Bu ularning ruhiyatiga katta zarba bo`ladi.
  • Eng muhimi, farzandlaringiz oila muqaddasligini anglab ulg`aysin. Ertaga sizning xatolaringizni takrorlamasligi uchun bu muhim!

MUXLISA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!