O`zbekiston termasi hujumchisi Igor Sergeev FIFA e`tirofida

11:43, 22 sentabr

Jahon chempionati saralashi, Osiyo qit`asi bahslari doimo bizga yorqin futbolchilarni taqdim etgan. Bu safargi saralash bahslarida ham bir qator jamoalarda o`z jamoalarining etakchilari paydo bo`lganini guvohi bo`lmoqdamiz.Jahon chempionati saralash o`yinlari, Osiyo qit`asi bahslari ayni damda qizg`in pallaga kirdi.

FIFA rasmiy sayti mazkur saralash kampaniyasida o`zini ko`rastishga ulgurgan va jamoasining haqiqiy etakchisiga aylanayotgan futbolchilar haqida maqola e`lon qildi.

Ahmad Halil, BAA.

Klubi: “Al Ahli”, BAA

Ta`kidlash joiz, Ahmad Halil ayni damda o`z terma jamoasining haqiqiy etakchilaridan biriga aylandi. “Al Ahli”ning 25 yoshli hujumchisi mazkur saralash kampaniyasini yuqori saviyada boshladi va terma jamoasining eng yaxshi o`yinchilaridan biri bo`lib turibdi. Ilk marotaba 2009 yili bo`lib o`tgan FIFA U-20 yoshlar o`rtasidagi Jahon chempionatida o`zini ko`rsatgan iste`dodli hujumchi o`shanda o`z terma jamoasining chorak finalga qadar etib borishiga katta hissa qo`shgan edi.  O`tgan yili Osiyoning eng yaxshi o`yinchisi deb topilgan futbolchi terma jamoa safida yorqin o`yinlar namoyish etishda davom etmoqda. Aynan uning ajoyib o`yini evaziga BAA terma jamoasi JCh-2018 3-saralash bosqichi ilk turida Saytamada Yaponiyani mag`lubiyatga uchrata oldi. Ushbu tarixiy g`alabadan so`ng BAA terma jamoasi futbolchilari Rossiya bo`lib o`tadigan Jahon chempionati sari katta qadam tashlashdi. Saralash bahslari startidan buyon 13ta gol kiritgan hujumchi bu borada faqat Saudiya Arabistoni terma jamoasi futbolchisi Muhammad Al Sahlaviydan ortda qolmoqda.  Aynan Ahmad Halilning ajoyib formasi va to`purarlik qobiliyati BAA terma jamoasiga 28 yillik tanaffusdan so`ng Jahon chempionati yo`llanmasini taqdim etishi mumkin.

Son Xyon Min, Janubiy Koreya

Klubi: “Tottenhem”, Angliya

Son Xen Min ayni damda Janubiy Koreya terma jamoasining asosiy yulduziga aylanishga ulgurdi. U o`z yosh toifasida qit`a miqyosida o`z nomiga ega bo`lgan futbolchilardan biridir. Shu bilan birga, u Evropada ham allaqachon o`z nomini tanitishga ulgurgan yosh yulduzlardan biridir. Janubiy Koreya terma jamoasining saralash o`yinlaridagi eng yaxshi futbolchisi gol urish borasida ham hozircha 6ta gol bilan terma jamoa a`zolari orasida etakchilik qilmoqda. Xitoyga qarshi 3-saralash bosqichining ilk o`yinida ham deyarli bir o`zi jamoasining 3:2 hisobidagi g`alabasini ta`minladi. Son Xen Min Suriyaga qarshi ikkinchi  o`yinda maydonga tusha olmadi va jamoa safarda durang natija qayd etdi. Ammo, Qatarga qarshi navtabdagi o`yindan oldin hujumchi maydonga tushishga tayyor va Janubiy Koreya terma jamoasi “Tottennhem” hujumchisidan ko`p narsa kutmoqda.

Sardor Azmun, Eron

Klubi: “Rostov”, Rossiya

To`p bilan ajoyib muomala qiladigan va havodagi kurashlarda ajoyib o`yin namoyish qiladigan 21 yoshli hujumchi bugungi kunda Eron terma jamoasining asosiy yulduziga aylanishga ulgurdi. Eron terma jamoasi safida Avstraliyada bo`lib o`tgan Osiyo Kubogida porlagan hujumchi ayni damda terma jamoa safida Jahon chempionati saralash o`yinlarida yorqin o`yin namoyish etmoqda. Saralash bahslaridagi so`nggi 5ta o`yinda 7ta gol urgan Azmun Eron terma jamoasining mazkur saralash kampaniyasidagi eng yaxshi to`purari bo`lib turibdi. Iste`dodli hujumchi o`zining yorqin o`yini va to`purarlik qobiliyati bilan Eron terma jamoasiga Jahon chempionati yo`llanmasini taqdim etishiga ko`pchilik ishonmoqda.

Igor Sergeev, O`zbekiston

Klubi: “Beyjin Guoan”, Xitoy

Huddi Ahmad Halil singari Igor Sergeev ham o`z nomini U-20 yoshlar o`rtasidagi Jahon chempionati bahslarida tanitishga erishgan.  O`shanda O`zbekiston yoshlar terma jamoasi aynan uning ikki goli evaziga jahonning eng kuchli 8ta jamoasi qatoriga kirgan edi. Bungacha, iste`dodli hujumchi 2012 yilgi Osiyo chempionatida o`zini ko`rsatishga erishgan va 7ta gol bilan U-19 yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionati to`purari bo`lgan edi. Aynan o`sha Osiyo chempionatida Sergeev ko`pchilikning olqishiga sazovor bo`lgan va kelajagi porloq futbolchilardan biri sifatida e`tirof etilgan edi. “Paxtakor” safida so`nggi 4 mavsumda jami 97ta o`yinda 51ta gol urgan hujumchi bugungi kunda ancha tajriba orttirdi va terma jamoada ham asosiy futbolchilardan biriga aylandi. Katta va muhim o`yinlarda toblangan hujumchi bugun terma jamoaning asosiy hujumchilaridan biri va undan terma jamoaning umidi katta. Ayni damda Sergeev 4ta gol bilan terma jamoaning saralash bahslaridagi to`purari bo`lib turibdi va terma jamoa Jahon chempmionati saralashida muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda.

Massimo Luongo, Avstraliya

Klubi: “KPR”, Angliya

KPR hamda Avstraliya terma jamoasi futbolchisi 2015 yilda Avstraliyada bo`lib o`tgan Osiyo Kubogida o`zini tanita oldi. Turnir davomida Avstraliya terma jamoasining eng etakchi futbolchilaridan biri bo`lgan va muhim gollar urgan futbolchi yakunda Avstraliyaga Osiyo chempioni nomini qo`lga kiritishiga eng katta hissa qo`shgan edi. Turnir yakuniga ko`ra 21 yoshli futbolchi haqli ravishda turnirning eng yaxshi futbolchisi nomini qo`lga kiritgan edi. Avstraliya terma jamoasi JCh-2018 saralash bahslarini ham muvaffaqiyatli boshladi va saralash o`yinlarida hozircha 3ta gol kiritib terma jamoaning asosiy o`yinchilaridan biri bo`lib turibdi. Juda tezkor va raqiblarini tezkorlik bilan aldab o`ta oladigan iste`dodli futbolchi Avstraliya terma jamoasining hujum chizig`ida ayni damda etakchlik qilmoqda.

Takuma Asano, Yaponiya

Klubi: “Shtutgart”, Germaniya

Takuma Asano mazkur saralash kampaniyasida atigi ikki uchrashuvda maydonga tushgan bo`lsa ham, Yaponiya terma jamoasining bugungi kundagi eng yorqin o`yinchilaridan biri sifatida e`tirof etilmoqda. Tailandga qarshi JCh-2018 3-saralash bosqichi 2-tur uchrashuvida aynan uning ajoyib o`yini evaziga Yaponiya g`alaba qozondi va ushbu saralash bosqichidagi ilk g`alabasini qo`lga kiritdi. Takuma Asano Yaponiya terma jamoasi safida xalqaro o`yinlarda tajribaga ega bo`lmasa ham, undagi yuqori potensial va yorqin iste`dod terma jamoaga katta foyda keltirishi mumkin. Qolaversa, 2016 yilgi Olimpiada o`yinlarida ham hujumchi ajoyib o`yin namoyish etgan edi. Mavsum avvalida “Arsenal” tomonidan sotib olingan hujumchi keyinchalik, Germaniyaning “Shtutgart” jamoasiga ijaraga berildi. Uni “Arsenal”ga taklif etgan Arsen Venger esa, futbolchini kelajagi porloq,, yosh va iste`dodli futbolchi deya ta`riflagan edi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!