Xolida va Muhammadiso Abdulxairovlar birinchi muhabbatlari, yozgan nomalari va oila sirlari haqida

11:57, 22 sentabr

Komedik rollari bilan tomoshabinlar e`tiborini qozongan qahramonimizni ilk bor «Yo`l bo`lsin» filmi orqali taniganman. O`shanda «Komik rollar ijrochisi ham binoyidek jiddiy obrazlarni yarata olarkan-a», deganim hamon yodimda. Suhbat uchun uning xonadoniga kirib borayotib, ana shu o`ylarni xayol qildim. Muhammadiso ABDULXAIROVning oila davrasida qanday insonligi ko`pchilikka qiziq bo`lsa kerak. Bizni aktyorning rafiqasi Xolida ABDULXAIROVA qarshi oldi. E`tiborimni tortgani, er-xotinning chehrasidagi samimiy tabassum bo`ldi. 

— Bu yil oila qurganlaringizga yigirma uch yil to`larkan. Suhbat uchun tahririyatga taklif qilganimda Muhammadiso aka «Uyimizga keling!» Sizga yigirma uch yilda topganimiz — baxtimizni ko`rsatamiz», dedi. Taqdir yo`llari baxtli xonadon egalarini uchratganiga necha yil bo`ldi? 

Muhammadiso: — Yigirma sakkiz yil. Maktabni bitirib, Teatr va rassomchilik institutiga o`qishga kirganman. Talaba bo`lganimdan so`ng birinchi marta institut dekanatiga mo`ralasam, harf teruvchi qiz mashinkani ayamay «savalayapti». Uni ko`rganman-u, yuragimda «Muhabbat, ey muhabbat» kuyi yangrab ketgan. Yuragimda nimadir «jiz» etgani hamon yodimda.

Xolida: — Muhammadiso akani ilk bor institutga kiraverishdagi yo`lakda uchratganman. O`shanda Chelintano qo`shig`ini xirgoyi qilayotgandi. Ko`rib, hayron bo`lganman. Ajoyib yigit ekanmi, degan fikr o`tgan xayolimdan.

Muhammadiso: — Kelinoyingiz hindcha kinolarni yaxshi ko`radi. Yoshligimizda Bollivud filmlari rosa mashhur bo`lgan. Meni ham hind aktyorlariga o`xshatgan-da! Sochlarimni orqaga silliq tarab yurardim. 

Xolida: — Agar o`shanda kimdir «Shu yigit umr yo`ldoshing bo`ladi», desa ishonmasdim. Ammo besh yil ichida hammasi o`zgarib ketgan. Bir-birimizni sinab, mehr-muhabbat bilan oila qurdik.

— Suyukligingizning ko`nglini olish uchun harakat qilgandirsiz? 

Muhammadiso:  — Yo`-o`-o`q, u mening ko`nglimga qaragan (kulib).

Xolida: — Voy-voy, shunaqa bo`lganmidi?! Ko`nglingizga qaraganim uchun har kuni meni kuzatib yurarkansiz-da?!

Muhammadiso: — O`qish boshlanganidan so`ng oktyabr oyida paxta yig`imiga borganmiz. Yoshmiz, buning ustiga, kursdoshlar hali bir-birimizni yaxshi tanimaymiz. Men esa Xolidaning yoniga borish uchun bahona izlardim. Qizlar turadigan xonaning atrofida aylanaverardim. Ko`rgim kelaverardi-da uni. Uchratib qolsam, tamom, gapga solib, suhbatlashib o`tirardim. 

Xolida: — Bir ko`rishga zor yurgan paytlaringiz «siz»lardingiz, esingizdami?

Muhammadiso: — Hamma erkaklar to`ydan avval «siz» deydi, keyin esa «Nega, ovqating tayyor emas, xotin» bo`ladi (kuladi). Bu hazil, albatta. Yoshlik davrlarini eslash shunisi bilan yoqimli, muhabbat beg`ubor, hayot tashvishlariga qorishmagan bo`ladi.

Xolida: — Menga «siz»lashingizdan ham kutilmaganda sovg`a berish odatingiz yoqardi. Shukr, hozir ham «Bayramni kutib nima qilaman?» deb, sovg`a ulashib turadi. 

— Xo`sh, ishq qissangizda dil izhori sadolari qachon yangradi?

Muhammadiso: — «Men seni yaxshi ko`raman! Sen ham meni yoqtirasanmi?! Bo`ldi, kelishdik!» Yo`q, bizda unaqa bo`lmagan. Xolidaga uni yoqtirishimni aytardim. Har kuni «Ertaga ham sizni ko`ramanmi?», deya so`rardim. Chin tuyg`ularimni to`kib solardim. Lekin u quduq edi, lom-mim demasdi. 

Xolida: — Voy, qiziqsiz-a, dadasi?! Qanday aytardim. 

— Xo`sh, gapdon oshiq uylanish sahnasiga qanday etib kelgan?

Muhammadiso: — Uchrashib yurganimizda Xolida bilan «ZAGS»dan o`tayotganimizni o`zimizcha tasavvur qilardim. «Falon mashinani gaplashaman, mahallangga kirib boraman, keyin sen mana bunday qilib chiqib kelasan...» deya, to`lib-toshib so`zlardim unga. Ota-onalarimizga ming rahmat, turmush qurishimizga qarshilik qilishmadi, oq fotiha berib, bosh-qosh bo`lishdi. Bir kuni onam rahmatli «Sevganing bormi?» deya, so`ragan. «Ha!» deganimdan keyin ortiqcha gap-so`zsiz «Uylantirib qo`yaylikmi?» deb, aytgan. Qarang, tuyg`ularimni hurmat qilishgan ekan. «Mayli» dedim men ham tortinmay. Shu voqeani volidam juda ko`p eslardi. «Artistsan-da, uylantiramiz desak, uyalmay gapirgansan», deya.

Xolida: — «Ot izini toy bosar» deganlaridek hozir o`g`illarimizga «Nasib qilsa, 22 yoshlaringda boshingizni ikkita qilamiz» desak, to`ng`ichimiz «Xo`p bo`ladi», deydi. Dadasi ikkimiz bir-birimizga hayron bo`lib qarab, «Uyalamaysanmi, xo`p degani», deymiz. 

— «Suv ham bir loyqalanib, so`ng tinadi», deyishadi. Hamma oilada ham kelishmovchilik bo`lib turadi. To`g`ri echim topa olgan sinovlarni engib o`tadi. Sizlarda bunday vaziyatlar qanday hal qilinadi?

Muhammadiso: — Urush-janjal bilan-da (kuladi). 3-4 yilda bir marta yuz berishi mumkin. Xudoga shukr, oxirgi marta qachon kelisholmay qolganimizni eslolmayman. Tan olaman, ayb ko`proq mendan o`tadi. Chunki tez tutaqib ketadigan odatim bor. Darrov baqir-chaqir qilaman. Kelinoyingiz esa indamay, sukut saqlaydi. Va yutadi.

— Aybingizni bo`yningizga olib, uzr so`raysizmi? Yoki siz ham ko`pchilik erkaklar kabi buni o`zingizga ep ko`rmaysizmi?

Muhammadiso: — Kechirim so`rayman. Buning uyatli joyi yo`q-ku! 

Xolida: — Yoki biror sovg`a beradi, hammamizni restoranga olib borishlari mumkin. Shu yo`l bilan ayblarini yuvadi (kulib). Men esa jim turib, ham jahl otidan tushiraman, ham ancha pulga tushiraman. 

— Turmushingiz davomida bir-biringizdan nimalarni o`rgandingiz va nimalarni o`rgata oldingiz?

Muhammadiso: — Shum bolaning gapi bor-u, «Bir-bir yolg`on gapiradigan odatim bor, boy ota». Mening ham goh-gohida aldab turadigan odatim bor edi. Kelinoyingiz tanbeh berib, shu odatimni 99 foizga to`g`irladi. Rafiqamning ko`magi bilan nimani o`ylagan bo`lsam, barchasiga erishdim. 

Xolida: — Umr yo`ldoshimdan hushchaqchaqlikni o`rganganman. Kim bilan gaplashmay, «Turmush o`rtog`ingizga o`xshab, hazilga usta ekansiz», deydi. 

— Muhammadiso Abdulxairov va Lola Eltoevaning juftligini e`tirof etishadi. Xolida opa rashk bobida Otelloning singlisimasmi? 

Xolida: — Lola Eltoeva, Xosiyat Husanovani institut davridan yaxshi taniyman. Shuning uchun ham Muhammadiso akani ekrandagi «rafiqa»laridan rashk qilmayman. Bilmadim, agar haddidan oshsa, «Voy-dod!» devorsam kerak (kuladi).

Muhammadiso: — Filmlarimizda mentalitetimizga to`g`ri kelmaydigan sahnalar yo`q. Chunki chet elniki kabi ochiq sahnalarsiz ham kinolarimiz o`z so`zini ayta oladi. Aktyorlar tilida aytganda, kundalik hayotni boricha emas, rassom mo`yqalamda rang berib chizganidek ko`rsatish kerak. 

— Turmush o`rtog`ingiz yuz mimikasi bilan istalgan obraziga kira oladigan aktyor. Hayotda sizga aktyorlik qilib qoladimi? 

Xolida: — Yo`q, unaqasi bo`lmagan. Yuz ifodalarini o`qishni o`rganganman. Ba`zida so`zsiz gaplashamiz, imo-ishoralar yordamida. 

Muhammadiso: — Ochig`ini aytsam, hayotda aktyorlik qilishni, soxtalikni yoqtirmayman. Ko`cha-ko`yda «Nega bugun kayfiyatingiz yo`q?» deb, so`rab qolishadi. «Yaxshi» desam, hayron bo`lib qarashadi. Ekrandagi kabi hayotda ham hazillashavermaysiz-ku! Buning ustiga, «Muhammadiso bachkana aktyor» deydigan gaplar ham qolipga solib qo`yarkan. Lekin istaysizmi-yo`qmi, komediyada bachkanalik bor. Jim turib, birovni kuldira olmaysiz-ku!

— Rafiqangiz hamkasblaringizning ijrosini maqtasa… 

Muhammadiso: — Rashk qilaman! Mantiqan maqtayotgani to`g`ridir? Ammo soxta o`ynaydigan aktyorlarni maqtashsa, nafaqat rafiqam, balki boshqalar ham, ichimdan «Unday emas-ku» degan hayqiriq keladi. Ammo baralla aytishga istihola qilaman. Ssenariysi mustahkam, zo`r filmlarni tomosha qilayotib, o`zim qatnashmayotganimdan rashkim tutadi. 

— Rolni qizg`anishmi bu? 

Muhammadiso: — Ha, shunday. «Mayli, shu rolni sen o`ynay qol, men keyin» demaydi-da haqiqiy aktyor. Har qalay men bunday qilolmayman. Rolingizni qizg`anishingiz kasbingizga bo`lgan fidoiylik, buni pul bilan bog`lashlari noto`g`ri. Vaqti kelsa, yaxshi ssenariy uchun tekinga ham suratga tushamiz. 

— Demak, Xolida opa rollaringizni tanqid qilsa, indamay turolmaysiz? 

Muhammadiso: — Har bir rol zamirida peshana teringiz yotganidan keyin xafa bo`lasiz, albatta. Biroq xulosa qilishga shoshilmaslik kerak. Chunki Xolida «Siz zo`rsiz!» deb, xatomni yashirsa, men «o`smayman». 

Xolida: — Tanqid qilsam, biroz tortishsa ham, to`g`ri tushunadi. Axir yaxshi bo`lsin deb aytaman. 

— O`g`ilaringiz ham san`atga qiziqishadimi?

Muhammadiso: — To`ng`ichimiz, Aqoiddin Muhammad san`atning kino operatorlik yo`nalishini tanladi. Hozirda Madaniyat kollejining talabasi. Kenjamiz Humoyuddin Muhammad esa ikkinchi sinfga chiqdi. Bugun o`qituvchisi juda ko`p dars beribdi, shunga kayfiyati yo`qroq. 

Xolida: — Humoyuddin aslida juda sho`x. Shunaqa narsalar o`ylab topadi, dadasi bilan hayron qolamiz. Qarindoshlar ham «Shu bolalaringiz boshqacha», deyishadi. 

— Komik aktyorimiz o`g`illari yonida qattiqqo`l ota qiyofasida gavdalana oladimi?

Muhammadiso: — Ko`nglim bo`sh, qattiqqo`llik qilolmayman. 

Xolida: — Ba`zan «Siz ham gapiring» desam, «Xo`p, gaplashaman», deydi-da, baribir indamaydi. 

Muhammadiso: — O`g`illarimiz erka-tantiq emas. Umuman olganda, qattiqqo`llik qilishga sabab ham yo`q. Keyin bo`lar-bo`lmasga tergayversangiz, bolani siqib qo`yasiz. Ozgina erkinlik berilsa, u o`z fikriga ega bo`lib ulg`ayadi. Hech kim uni eshitmasa, o`z qobig`iga o`ralashib qoladi. 

— O`g`illaringiz, kinodagi rollaringizni muhokama qilishadimi hech? 

Muhammadiso: — Otasi bo`lganim uchunmi, ko`proq maqtashadi. Ming qilsa ham, bizda ota-ona oldidagi andisha kuchli. «Ota, bu ishingiz xato» deb tanbeh berolmaymiz. Kattam fikr bildiradi, onasiga qo`shilib, ammo tanqid qilmaydi. 

Xolida: — Kenjamiz esa «Men qachon kinoda chiqaman», degani-degan. 

— Bir suhbatingizda «Rafiqa tanlashda adashmadim», degan so`zlaringizni o`qigandim. Bugun shu jumlani chin dildan aytganingizga guvoh bo`layapman. 

Muhmmadiso: — Hayotimdagi ikki katta tanlovda adashmadim. Umr yo`ldosh va kasb tanlashda! O`g`illarimning qo`lidan ish kelib, elning kasb-koriga yaraydigan bo`lishgach, faxrlanishim uchun sabablar yanada ko`payadi. 

— Niyatingizga eting! Suhbat so`nggida baxtli turmushingizning sirini ocharsiz? 

Muhammadiso: — SABR! Shundagi baxtingiz to`kis bo`ladi. Bizda ham qiyinchiliklar bo`lgan, yo`lkiraga pulim bo`lmay, ishga piyoda qatnaganim, ro`zg`or kam-ko`sti, teatrdan haydalish, roldan olib tashlashlar... Qo`l siltab ketishim mumkin edi, ammo sabrimga suyandim. Shukr, bugun yuzim yorug`!

Xolida: — U kunlarni juda ko`p eslaymiz. Eslasangiz, bugun eng kichik narsaning ham qadriga etasiz. 

— Turmushingizga ko`z tegmasin! Boya aytganingizdek, hamisha baxtli insonlar safida bo`ling! 

Intervyudan so`ng…
— Nazdimda, ishonuvchan insonsiz
— Ha, meni aldash oson. 
— Nimani yo`qotayapsiz?
— Sog`ligimni bo`lsa kerak. Sochimda bir dona oq yo`q edi, qarang, bugun qanaqa? Pulga sotib ololmaydiganlarimni yo`qotishdan qo`rqaman… 
— Suhbatga taklif qilganimda, nimalarni xayol qildingiz?
— Bilasizmi, ko`pincha intervyularni rad etaman. Bir-ikki rolimni maqtanishni yoqtirmayman. Payti keladi, suhbat uchun mavzu ham, bahona ham topiladi. 
— Kamtarligingiz manmanlikday ko`rinib qolishi cho`chitmaydimi?
— Yo`q, bu manmanlik emas. Shunchaki, hamma narsaning me`yori bor. 

«RAFIQAMGA MAKTUB»

— 2007 yil... Teatrdan shartnoma asosida Tayvanga ketgandim. Safardaligimda onam vafot etdi. Bir haftadan so`ng kechikib keldim. Shunda ham bir haftaga qaytgandim. Ketishimdan bir kun oldin esa qaynotam olamdan o`tdi. Uchib ketganimning ertasiga shunday bo`lganida, bilmadim, «portlardim». Samolyotga hali vaqt bor. Uyga kelib, Xolidaga xat yozdim. To`liq matni yodimda yo`g`-u, lekin «O`lim haq. Endi qo`limizdan keladigani har kuni ertalab, ota-onamizning haqqiga duo qilish» deganimni eslayman. Maktubni ko`zi tushadigan joyda qoldirdim. O`sha xatni hozir ham qaerdadir saqlab qo`ygan. 

Bugun rafiqangizga maktub yozsangiz, unga nima derdingiz, deysizmi? «Zinhor xasta bo`lma, jonim» deyman...

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!