Bayram arafasidagi jinoyat

10:12, 23 sentabr

- Shu erda yashaydimi? – Muhammad anqayib borardi.

- O`zim ham endi kelib turibman, - dedi Olim pillapoyalar bo`ylab ko`tarilarkan. – Har doim ko`cha yuzidan olib ketardim. Hech uyiga taklif qilmagan.

Ikkalasi temir eshik qarshisida to`xtadi. Olim tapilatib, tuflisining changini qoqqan bo`ldi, Muhammad qo`lidagi paketlarni to`g`rilab  qo`ng`iroqni bosdi.

- Kim?! – ichkaridan ularga tanish ovoz jarangladi.

Muhammadning yuragi muzladi, axir bu ovozni eshitmaganiga eh-hey, qancha bo`ldi. Ilk xizmatga kelgan vaqtlarida bu ovoz uning uchun o`ta vahimali va sovuqqon tuyulgan. Mana – hozir ham o`sha tuyg`u yuragini qamradi.

Eshik ochilib, Ziyod aka ko`rindi – yuz terilari biroz osilgan, soqol-mo`ylovi o`sib, xiyla  oqargani butkul ko`zga tashlanadi. Olimining ko`nglidan noxush bir tuyg`u «yilt» etib o`tdi. Axir bir vaqtlar oyog`idan o`t chaqnagan, hech kimni tan olmagan Ziyod aka mana shunday, biroz xonaki, toliqqan, hayotdan sovigan odamga aylanibdi. 

- Ie, ikkoving-ku! – Ziyod akaning yuzida o`zgarish bo`lmadi, sovuqqon. – O`zini bilgan odamlar allaqachon ariqda dumalab yotibdi, senlar nima qilib yuribsanlar?

Ikki izquvar dovdiradi.

- Keluvdik, - dedi Olim. – Yangi yil bilan tabriklagani…

Ziyod akaning yuzida o`zgarish paydo bo`ldi.

- Ha, shunday demaysanlarmi? Paketni bu yoqqa uzat!

Muhammad ko`rishish uchun bo`sh qo`lini uzatmoqni niyat qilib turgandi, bo`lmadi, paketni tutdi. Olim ham baqraygan.

- Kiringlar, kelgan bo`lsalaring, - dedi Ziyod aka. – Albatta men yosh bola, senlar qorbobo emas, yangi yil bilan tabriklagani, lekin xursandman. 

Ikki izquvar hayron-hayron ichkariga kirdi. Paketni olib, bir chetga qo`ygan Ziyod aka ular bilan quchoqlashib ko`rishdi-da, ortiga baqirdi:

- Xotin, dasturxonni hozirla, mehmon keldi.

Ustozning yuzi yorishgan, bundan ikki mehmon ham xursand. Mezbon boshchiligida uchalasi keng xonaga o`tishayotganda, oshxonadan yoshi ellikka yaqinlashgan, to`ladan kelgan ayol bo`yladi. Olim so`rashishgayam ulgurmay, Ziyod aka xotiniga maqtandi:

- Meni so`rab kelishibdi… Maslahat so`rab… 

Muhammad bilan Olim xonaga kirib ketar mahali ayolning gaplari qulog`iga chalindi:

- Ha, «ana keladi, mana keladi», deb bir yildan beri kutasiz, o`ziyam.

- Biz shoshayotuvdik, - dedi Olim kennoyining gapidan o`zini biroz noqulay sezib. – Ovoragarchilik shart emas.

- Ovora bo`lganda, qo`y so`yarmidim? – Ziyod aka xontaxta qarshisidagi joyga ishira qildi. – O`tiramiz… Kecha bayramdan ko`p ovqat qolgan... Xo`sh, bo`limda nima gaplar? Biz pensiyaga ketib, umuman jinoyat sodir etilmayaptimi, deyman-da, - gap boshladi Ziyod aka xontaxta qarshisida joylashib olishgach, non sindirar ekan.

- Bo`p turibdi, - dedi ohista Olim.

- Qanday ochayapsanlar? – Ziyod aka hayratlandi.

- Har doimgiday, - dedi Olim.

- Gapirasan-ku… Senlarni bilmasam ekan… - mezbon mensimayroq gapirdi. –Bir yillik jinoyatni to`plab, endi kelayotgandirsanlar-da, maslahatga?

Ziyod akaning o`ziga xosligi shundaki, uning gapiga xafa bo`linmaydi. Olim engil tabassum qildi. Bu mahal kennoyi choynak-piyola bilan kirdi. Ziyod aka ularni qo`lidan olarkan, Olimga o`girilib, so`zladi:

- Qani, bir boshidan aytaver-chi, hammasini ochib tashlaymiz. Meni bilasan-ku… 

Olim nima deyishni bilmay, dovdiradi. 

- Topshirilgan jinoyatlarning ochilmagani  yo`q, - dedi Muhammmad.

Ziyod aka o`girilib, xotiniga boqdi:

- Qaqqaymay, borib, murabbo, asallardan olib kel… Kecha qazi qoluvdimi? Shuniyam keltir… 

Ikki izquvar boshqa o`y-fikrda, ustoz bilan aqdan-baqdan gaplashamiz, yangi yil bilan tabriklaymiz, deb kelgan. Ziyod aka o`tgan bir yil davomida umuman o`zgarmabdi, hamon o`zini katta tezkor vakil hisoblaydi, chamasi. 

Xotini chiqqach, Ziyod aka Olimga o`qraydi va malomat ohangida so`radi:

- Nahotki, birorta ham ochilmagan jinoyat qolmagan? 

Olim tashabbusni qo`lga oldi:

- Bor, ochilmagan ishlar bor… 

Ziyod akaning yuzi yorishdi.

- Kuni kecha bir jinoyat bo`lgan, - dedim etdi Olim. – G`alati jinoyat.

- A, biz-da, g`alati jinoyatlarni ochadigan… Xo`sh?!

- Voqea bunday bo`lgan… Bir yigit taksiga o`tirib, do`konga borgan. Do`konda haydovchi ham tushgan. Ikkalasi o`n odim yurganda, yigit haydovchiga mashinada kurtkasi qolganini aytib, kalitni olib, kiyimiga ketgan va mashinani o`g`irlagan…

- Mashina o`g`irlagan sobiq jinoyatchilar bilan gaplashish kerak, - hovliqdi Ziyod aka. – Menda ularning ro`yxati, telefonlariyam bor!

Olim sovuqqon davom etdi:

– Yigit mashina bilan bozorga tushgan. Rastadan ko`p narsa savdo qilib, sotuvchiga «pulni mashinadan olib beraman» deb…

- E, bu firibgarlik… Pulini to`lamay, o`g`irlangan mashinada qochgan… Demak… demak oldingi jinoyatniyam transport vositasini olib qochish, deb emas, firibgarlik deb kvalifikasiya qilish kerak.

Ziyod akaning hovliqishi Olimga yoqmadi.

- Qiziq tomoni, yigit mashinani sotuvchiga garovda qoldirib, xarid qilingan narsalarni taksiga yuklab, ketvorgan.

- Himmm, - ustoz o`ylandi. – Qayga ketgan?

- Uyiga bo`lsa kerak – Muhammad soddalik bilan javob berdi. 

U ustozning savoli javob talab qilinmasligini tushunmagan edi.

- Men borib, shaxsan voqea joyni ko`rmasam bo`lmaydi, guvohlar bilan gaplashmasam, jinoyatni ocholmayman, - dedi Ziyod aka va shart o`rnidan turdi. – Ketdik, oxirgi marta jinoyat qanday ochilishini amalda ko`rsataman.

Ikki izquvar bir-birlariga boqqancha, o`rinlaridan turdi. Holbuki Olim hali piyoladagi choyini ham ichib ulgurmagan edi.

Yo`lakda ularga qo`lida likopcha tutgan kennoyi ro`para keldi:

- Voy turibsizlar-ku?! Ovqat qilayotgan edim.

- Ovqat - kelasi yil, - dedi Ziyod aka. – Biz jinoyat ochgani ketyapmiz… 

***

Oradan ko`p o`tmay, ikki izquvar va ustoz uchalasi katta do`kon qarshisida turardi. Ziyod aka shu erdagi avtoturargohning o`rtasida turib, atrofga suq bilan boqadi. Ikki izquvar ikki yonida boshlari xam, indamaydi.

- Biror dalil qolmabdi-da, - dedi Ziyod aka nimadir deyish kerakligini tushunib.

- Bilasiz-ku firibgarlik jinoyatlarini fosh etishda ko`pincha voqea joyining ahamiyati bo`lmaydi, - dedi Olim va qo`li bilan ko`rsatdi. – Mashina huv anavi erda to`xtagan. Ikkalasi tushib, mana bu tomonga yurgan, eshik yoniga etganda yigit haydovchidan kalitni olib, ortga qaytgan. Haydovchi eshik yonida uni kutib qolavergan.

- Men jabrlanuvchilar bilan gaplashaman, - Ziyod aka mashina tomon yurdi. 

Muhammad Olimga savol nazari bilan boqdi. 

- O`zimam hayronman, - dedi Olim u nima demoqchiligini tushunib. – Bu odamni aralashtirishimiz to`g`ri bo`lmadimi deyman? Lekin, ko`rmayapsanmi? Uyiga tashlab ketsak, xafa bo`ladi.

- Nega o`ylanasanlar, yuringlar, - dedi Ziyod aka huv nariga borib, o`z joylarida qaqqayib qolgan shogirdlariga o`girilib. - Ming qarg`aga bir kesak, degan ekan mashoyixlar, hozir o`zim jinoyatlaringni ochib beraman. 

Noiloj qolgan izquvarlar ustozlarini olib, mashina egasinikiga jo`nadilar.

...- Nahotki kalitni indamay berib qo`yaverdingiz? – Ziyod aka mashina egasiga baqrayib so`radi.

U mashinasi yo`qolib-topilgandan xursand bo`libmi, kechasi bilan o`yin-kulgi qilgan, chamasi, ko`zlari qizarib, Ziyod akaga boqib turardi.

- Kechagi masala, jinoyatchini qidiryapmiz, - dedi Olim.

- Nega qidirasiz? – mashina egasi tushunmadi. – Mashina topilgan.

Bu gap Ziyod akaga yoqmadi, to`mtayib, unga malomat qildi, haydovchi o`zini oqladi:

- Qaydan bilibman mashinamni olib qochishini? Yo`ldan oluvdim… Bozorga kirmoqchi ekan, men ham shu yoqqa borayotuvdim. Kalitni qanday berib yuborganimni o`zim ham bilmaman… 

Ziyod aka asabiylik bilan qo`l siltadi:

- E, ketdik… Bo`lmadi, bozorga o`tamiz…

Olim esa shoshilmadi.

- Qaydan oldim, dedingiz? 

Haydovchi joyini aytdi.

- Nima deb mindi mashinaga? 

- Bozorgacha savdo qildi… Keyin yo`lda men do`konga bormoqchiligimni eshitib, uniyam shu yoqqa borgisi kelib qoldi. 

- Oqibatda baribir bozorgacha borgan, - dedi Olim o`zicha.  – Maqsadi qat`iy ekan.

***

Qirq yoshlardagi sotuvchi rasta ortida o`tiribdi. Bozorda undan boshqa uch-to`rt kishi bor, xolos.

- Bayram ham tatimadi, - dedi sotuvchi. – Yangi yil arafasida to`rt-besh so`m ishlab olaman, deb umid qiluvdim. Anavi nomardga yo`liqib, bozor kasod bo`ldi.

- To`rt-besh kiloga shunchami? – Ziyod aka mensimay so`zladi. – Bilaman-ku, sen bozorchilarni, otalaringniyam narxini qo`shasanlar, allaqachon zararni qoplab olgandirsan.

Bunaqa muomalani kutmagan sotuvchi dovdiradi, ko`zlarini mo`ltiratib Olimga boqdi.

- Naq uch million so`mlik yukini berib yuborgan…izoh kiritdi Olim.

Ziyod akaning ko`zlari chaqnadi:

- Nahotki?! 

- Bilmasam, ishontirdi-da, restoranda ishlayman, bugun ziyofat uyushtiryapmiz, dedi…

- Qanaqa sotuvchisan, jinoyatchini ko`ziga qarab bilmadingmi? – Ziyod aka boshqa tomondan «hujum» qildi.

- Ochiq, samimiy yigit ekan. Avrab qo`yganini bilmabman… «Pulim mashinada qoldi, borib olib beraman, birga yuring», dedi. Ko`p narsa savdo qildi, narxiga talashmadi… Hammasini bir aravachaga yuklab, ko`chaga chiqdik. Mashinasi yo`l chetida ekan…Oq «Spark. O`shanda mashina o`ziniki deb o`ylabman-da… Yigit, mashinani titkilab, pulni topolmay, kalitni menga tutqazib, «mashina garovda qoladi, men tez borib, yukni ofisiantlarga beraman-da, pulni olib qaytaman», dedi. Shoshayotgan ekan.

- Taksini topish kerak, - hovliqdi Ziyod aka. 

- Ko`rganim yo`q, yukni aravachada olib ketdi, aravachini esa bilmayman, - elka qisdi sotuvchi.

- Topamiz, ertaga topamiz, - dedi Muhammad.

Ziyod aka o`qraydi. Muhammad u noqulay vaziyatga tushib qolgani, bu yog`iga na bir rejasi va na fikri borligini tushungan edi.

Olim esa negadir ketishni istamadi.

- Keldik,  birdan jinoyatchini topib keta qolaylik? - dedi go`yoki gap oddiy tushlik haqida borayotganday.

***

- Tipik firibgar, - deb o`zicha mulohaza qilib borardi Muhammad uchalasi yo`lda, Olimning mashinasida ketayotganda. – O`zgalar bilan tez muomalaga kirishib ketadi, hazilkash, o`ziga qaragan, ozoda kiyingan, bir so`z bilan aytganda - olifta…

Ular uchalasi bozordan chiptachining raqamini topgan, undan aravakashning qayda yashashini bilishgan. Hozir o`sha tomonga ketishmoqda.

- Ikkalang jim turasan, - deydi Ziyod aka. - Borib aravakashga ikkita savol beraman, shu bilan hammasini aniqlayman-qo`yaman. Birdan savol berishniyam o`rganib olasanlar. Qarasam, ming`illab ikkalang odamlar bilan gaplashishniyam bilmaysanlar.

Biroq, aravakash ular o`ylaganday bo`lib chiqmadi. Jinoyat-qidiruv degan iborani eshitishi bilan to`mtayib, hech baloni bilmasligini aytib, turib oldi. Faqat o`sha yigitning olifta, ochiqligini aytdi, xolos. Qanday taksi tutdi, yuklarni nimaga ortdi – ko`rmagan emish. Ortga qaytishdi. Endi Ziyod aka to`mtaygan. Olim mashinani ohista boshqaradi, shoshgani yo`q. 

- Uyingizga tashlab o`taymi? – so`radi ustozdan. – Bo`lmaydigan ishga sizniyam ovora qildik. 

- Tashlaysan-da, nima qilarding, - dedi Ziyod aka. – Baribir senlarga hech baloni o`rgatib bo`lmas ekan… 

- Xo`sh, deylik, jinoyatchi, shuncha quruq mevani olibdi, uni nima qiladi? – mulohazaga chorlovchi savol tashladi Olim.

- Oilasi bilan eb yotadi-da, nima qilardi, - Ziyod aka tundlik bilan so`zladi. – Jinoyat-qidiruvda ishlaysan, shuniyam bilmaysan.

- Shuncha bodom, mayiz, bargak va pistani-ya?!

- Firibgarlar odatda u darajada «bolam-chaqam», deydiganlar toifasidan emas, ular odatda xudbin bo`ladi. O`zini o`ylaydi.

- Balki bu boshqa firibgardir, - dedi Ziyod aka. – Bilmaysan-ku.

- Nega bilmas ekanman, haydovchiyam, sotuvchiyam, aravakash ham uni «olifta, o`ziga qaragan, sochlarini yiltillatib taragan yigit», dedi. Bu esa uning xudbinligini bildiradi. Bola-chaqasini o`ylaydigan odamlar o`ziga buncha oro bermaydi. 

Ziyod aka xafa bo`lganday o`ziga qaradi:

- Uyiga olib ketish maqsadi bo`lmagan, deylik, qayga olib borgan? Restorangami?

- Restoranga olib bormagan – shoshildi Ziyod aka. – Chunki u sotuvchiga shunday degan. Yolg`on gapirgan… Biz uning yolg`oniga ergashib, laqillab qolaverishimiz kerak emas.

- Hech qachon mutlaq yolg`on bo`lmaydi. Har qanday yolg`on haqiqatdan so`zlaydi, - dedi Muhammad.

- Sen faylasuf emas, tezkor xodimsan, - ortga o`girildi Ziyod aka. – O`ylab gapir.

- Nazarimda bunday, - fikrini davom ettirdi Muhammad. -  Yigit restorandan bozorga borish uchun chiqqan, nima sababdandir cho`ntagida puli bo`lmasa-da, bozorga borishga majbur bo`lgan. Yo`lda «Spark»ka o`tirib, haydovchi bilan gaplashib, uning do`konga borayotganini eshitib,  biz uchini  qidirib yurgan ishlarni rejalashtirgan.

- Teskarisi bo`lsa-chi? – dedi Ziyod aka. – Firibgar yo`lda sodda haydovchiga duch kelib, mashinasini olib, uni quruq mevalarga almashtirgandir balki?

- Bo`lishi mumkin emas, - dedi Olim. – Chunki u avvalboshdan mashinaga «bozorga boraman», deb o`tirgan. Demak, maqsad - bozor. Unga quruq meva kerak  bo`lgan.

- Voy, ikki ovsarning gaplarini qaranglar, - masxara qildi Ziyo aka. –Hozir qanaqa, bilmadim, lekin bizning vaqtimizda jinoyatni  so`rab-surishtirib, gumondorning barmoq, oyoq izlarini aniqlab ochardik.

Olim uning gapiga e`tibor bermadi-da, mashinani ortga burdi:
- Yigit «Spark»ka chiqqan joyga boramiz, - dedi. – Atrofdagi restoranlar, kafelarni so`rab chiqamiz.
***
- Bozor bu tomonda, - yo`l chetida turgan Olim qolganlarga tushuntirganday qilib, o`z fikrini ifodaladi. –Yo`lning narigi tomonida zavod… Restoran yo`q. Bu tomonda esa…

Olim o`girilib qaradi. Yo`l chetida to`yxona, nariroqda kafe, restoran… Ko`p…

- Ketdik, o`shalardan surishtiramiz, - Olim mashinani shu erda qoldirib, to`yxona tomon yurdi.

- Qo`yni - serka, o`yinni erka boshlar, - dedi Ziyod aka. Unga Olimning fikri yoqmagan edi, biroq ergashib ketaverdi.

Ertalabgacha bayram qilgan ko`plab kafe, restoran, to`yxonaning ishchilari hamon shu erda. Tozalash, yuvish ishlari bilan band. Uch izquvar ularni birma-bir aylandi. Hech kim tasvirlangan yigitni tanimadi. 

- Ana, - dedi Ziyod aka ular so`nggi kafe tomon ketishayotganda. – Bu ishlaringdan hech balo chiqmaydi. Shunchalik oson qo`lga tushadigan bo`lsa, firibgar bo`larmidi? 

Biroq…

- Ashur haqida gapiryapsizmi? – kechagi sarf-xarajatlarni hisoblab o`tirgan kafe xo`jayini dastlabki tasvirdanoq firibgarni tanidi. – Nima qilibdi u yaramas?

Ma`lum bo`ldiki, Ashur qaysidir to`yxonada ma`mur bo`lib ishlar ekan. Kecha bir kunga, bayram o`tguncha ozroq quruq mevani qarzga berib turishni so`rab kelibdi. Bulardayam yo`q ekan.

- Uni bilaman-ku, mas`uliyatsiz yigit, - davom etdi kafe xo`jayini. -  Ertani o`ylamaydi. «Juda zarur, kerak bo`lib qoldi», deganidan bildimki, quruq meva uchun olingan pulni eb yuborgan.

- Qayda ishlashini bilasizmi? – so`radi Olim.

- Qayda yashashiniyam bilaman, - dedi kafe xo`jayini.

Uch izquvar Ashurning manzilini olib, ortga qaytishdi.

- Shunchasiniga yordam  berdim, qolganini o`zlaring eplasalaring kerak, - dedi Ziyod aka ular ortga qaytishayotganda. – Meni uyga tashlab o`tinglar. Qo`llaringdan kelmasa, ertaga kelsalaring, yana o`rgataman. 

Ismoil ShOMURODOV

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!